Murabbiylarni o‘zgartirish kimga zarar va kimga foyda? yoxud Superligadagi iste’folardan keyin natijalar siz kutgandekmi?

  • 28 may, 2021, 23:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, milliy terma jamoamizning Saudiya Arabistonidagi JCh ikkinchi saralash bosqichining yakuniy bahslari o‘tkazilishi munosabati bilan ichki chempionatimizda biroz tanaffus yuzaga kelgan. Shu sababli, endilikda klublar hordiqdan keyin yana mashg‘ulotlarga qaytdilar. Navbatdagi tur esa, iyun oyining o‘rtalarida o‘tkaziladi.

Tecno

Superligadagi tanaffus murabbiylar uchun balki ayni muddaodir. Masalan, AGMK, “Paxtakor”, “Nasaf” kabi xalqaro maydonlarda ishtirok etgan jamoalar tig‘iz grafik asosida o‘yinlar o‘tkazishgani sababli hozirgi tanaffus ularning futbolchilariga hordiq chiqarish uchun juda asqotmoqda. Qolaversa, murabbiylarga ham yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosalar chiqarishga zamin yaratadi.

Lekin o‘tgan 9 ta tur davomida klublarda bosh murabbiylar o‘zgarganini ham bilasiz. Bizni qiziqtirgani jamoalarda yuz bergan ushbu o‘zgarishlar qanday samara beryapti? Bosh murabbiy yangilanishi o‘sha klublarga asqotyaptimi? Quyida shu haqida biroz mushohada qilamiz.

“Navbahor”: “No‘’mon Hasanov/Viktor Jalilov

Aslini olsak, “Navbahor”da ishlash murabbiylar uchun og‘ir. Bu erda avvalo bosim katta. Nima uchun? Namanganlik muxlislarning yuqori darajadagi qiziqishlari, doim g‘alaba ular uchun ustivorligi va har bir o‘yinda jamoadan muvaffaqiyat kutishlari ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. O‘tgan yilning yarmidan No‘’mon Hasanov “Navbahor”da ish boshlaganini bilasiz. Andrey Kanchelskis ketgach, o‘rniga vaqtincha bosh murabbiylik qila boshladi va shu tariqa, yomon natija ko‘rsatmadi. Oqibatda, bu yilgi mavsumda ham unga ishonch bildirilgandi. Biroq mavsumdagi ilk iste’fo Hasanovniki bo‘ldi. U birinchi turda Namanganda “So‘g‘diyona”ga yutqazilgach, muxlislarning keskin noroziligidan keyin rahbariyat uni va yordamchisini ishdan bo‘shatdi. O‘rniga tajribali Viktor Jalilov tayinlandi. Ikkinchi turdayoq “Navbahor” Toshkentda “Lokomotiv”ni yutib qaytdi. Lekin unga ham jamoani bir tekisda boshqarish oson kechmayapti. O‘sha g‘alabadan keyin “Navbahor” ketma-ket beshta o‘yinda yo durang, yo mag‘lubiyatga uchradi. 8-turga kelib mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdilar. Ayni paytda Jalilov jamoasi 10 ochko bilan o‘ziga yarashmagan 10-o‘rinni egallab turibdi. Eshitishimizga qaraganda, birinchi davradan keyin klubda yana qandaydir o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.

xasanov 222_1_1

“Metallurg: Andrey Shipilov/Jasur Abduraimov

Shipilov bilan yuz bergan vaziyat Hasanovnikiga o‘xshash. “Metallurg” ilk turda Termizda “Surxon”ga yutqazganidan so‘ng, Andrey Sergeevich jamoada ko‘rinmay qoldi. Ikkinchi turda “Metallurg” “Bunyodkor”ni yutdi, ammo o‘sha uchrashuvga bekobodliklarni yordamchi murabbiy Fevzi Davletov tayyorladi. Shundan keyin rasman Shipilovning iste’foga chiqarilgani tasdiqlandi. Uch yil davomida “Metallurg”ni boshqargan Andrey Sergeevich shu tariqa, joriy mavsumning ilk turlaridan keyinoq iste’foga chiqarildi. “Paxtakor”da uzoq yillar ishlagan Jasur Abduraimov bosh murabbiylikka tayinlangach, hartugul natijalar yomon emas. Darvoqe, o‘z vaqtida Shipilov ham “Metallurg” klubiga “Paxtakor”dan o‘tgan. Ungacha “sherlar” safida u jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlagan.

Abduraimov jasur_1

Jasur Abduraimovning “Metallurg”dagi debyuti yaxshi chiqmadi. Uning boshchiligida klub birin-ketin “Mash’al” va “Paxtakor”ga bir xil – 2:1 hisobida yutqazdi. Shundan keyin g‘alabalar kuzatildi. Lekin natijalar turfa xil. Bir qarasak uyda ham, safarda ham yutayotgan bo‘ladi. Yana bir qarasak, o‘z uyida yutqazib turgan bo‘ladi. Ammo murabbiyi o‘zgargan boshqa klublardagi natijalar bilan solishtirganda Abduraimov “Metallurg”da ko‘proq g‘alabalar qozondi. Darvoqe, birinchi davradan keyin u bir qator tajribali futbolchilar bilan gaplashayotganini eshitdik.

“Andijon”: Otabek G‘ulomxo‘jaev/Yorqin Nazarov

O‘tgan yili katta qiyinchilik bilan Superligada jon saqlab qolgan “Andijon” bu yil ham yana autsayderlar orasida yuribdi. Bu jamoada yuz bergan o‘zgarishlarni yaxshi bilasiz. O‘tgan yili chempionat tugashiga to‘rt tur qolganida Otabek G‘ulomxo‘jaev bosh murabbiylikka taklif qilindi va u pley-off o‘yini orqali jamoani elitada saqlab qoldi. Bu yil esa tarkibni o‘zi xohlagandek tuzishga harakat qildi. Ammo natija baribir muxlis va rahbarlarni xursand qilmayotgandi. Uning boshchiligida “Andijon” bir g‘alaba, bir durang va uchta mag‘lubiyat qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogida guruh bosqichida qolib ketdi. Xullas, rahbariyatning qarori bilan G‘ulomxo‘jaevga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Uning shtabida ishlagan Yorqin Nazarov vaqtincha “Andijon” ustoziga aylandi. Biroq jamoa o‘yinida va natijasida ijobiylik o‘rniga aksincha holat kuzatilyapti. Nazarov bosh murabbiylikda ishga kirishganida “Andijon”ning o‘yini o‘zgarishi, hujumkorlikka asosiy e’tibor qaratilishi aytilgandi. Ammo uning boshchiligidagi “burgutlar” ketma-ket uchta o‘yindan beri mag‘lub bo‘lyapti. Balki jamoa o‘yini o‘zgargandir, ammo futbolda doim natija qoladi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, klub rahbarlari yangi murabbiylar bilan muzokaralarga kirishgan va katta ehtimol bilan birinchi davradan keyin yangi bosh murabbiy tayinlanishi mumkin, agar voqealar rivoji ungacha tezlashib ketmasa?!

nazarov2_2

“Turon”: Islom Ismoilov/Boguslav Baniak

Superligada birinchi marta qatnashayotgan “Turon”ni sira omadi yurishmayapti-da! Holbuki, klubda hamma sharoit bor, xususiy jamoa bo‘lganiga qaramay, imkoniyat keng yaratilgan, tarkib ham boshqalarnikiga qaraganda chakki emas. Yosh mutaxassis Islom Ismoilov xuddi “Turon” singari bu yildan ilk bor Superligada debyutini o‘tkazdi. Biroq haligacha bu jamoa g‘alaba qozona olmadi va musobaqa jadvalida oxirgi o‘rinda. Bilasiz, o‘tgan turda “Turon” o‘z uyida “Qizilqum”ga yutqazgach, Ismoilov iste’foga chiqdi. O‘rniga polshalik Boguslav Baniak vaqtincha ishlab turibdi. Bunga qadar u klub tizimida faoliyat yuritayotgandi. Hozircha Baniak boshchiligida “Turon” bitta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, safarda “Surxon” mehmoni bo‘ldi yana mag‘lubiyatga uchradi. Superliga debyutanti qachon ilk g‘alabasini nishonlaydi? 

islom_5

Shuningdek, “Surxon” klubida amaldagi bosh murabbiy Rufat Akramxo‘jaev bir nechta o‘yindan beri ko‘rinish bermayapti. Bunga uning oilaviy sabablari borligi aytilmoqda. Shuning uchun Bahrom Haydarov jamoani vaqtincha boshqarib turibdi. 9-turda ular mavsumdagi ikkinchi g‘alabani “Turon” ustidan tantana qildilar. Hozircha Akramxo‘jaev rasman klubdan ketmagan. Biz asosan chempionat boshlangach, yuz bergan iste’folar va undan keyingi natijalar haqida to‘xtaldik. Balki bunday o‘zgarishlar yana davom etar...   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!