
Mundial startiga 24 kun qoldi! Jahon rekordiga yaqinlashayotgan va JCh-2022 favoritlaridan hisoblangan Lionellar boshchiligidagi Argentina haqida gaplashamiz
JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Tarixda ilk bor mundial arab diyorida va ikkinchi marotaba Osiyoda o‘tkazilmoqda. (2002 yilda Yaponiya hamda Janubiy Koreya turnirga mezbonlik qilgan)
Mazkur turnirning bir qator o‘ziga xos jihatlari mavjud. Jumladan, kuz oyining oxiri va qishning avvalida o‘tkazilishi ham qisman futbol muxlislari uchun bir yangilik. Sababi, biz ko‘rib o‘rganib qolgan mundiallar doim yozda o‘tkazib kelingan.
Qaysi terma jamoalar JCh-2022da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir bor eslatib o‘tib ketamiz.
Mundial startiga 24 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib kelyapmiz. Demak, "C" guruhi vakili va musobaqada g‘olibi bo‘lish uchun favoritlardan biri hisoblangan Argentina bilan o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.
Argentina terma jamoasi. Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA)
Tashkil topgan: 1893 yil (FIFA'ga 1912 yilda a’zo bo‘lgan)
Bosh murabbiy: Lionel Skaloni
Jamoa sardori: Lionel Messi
Ilk rasmiy bahsi: Urugvay - Argentina 2:3 (1901 yil)
Eng yirik g‘alaba: Argentina - Ekvador 12:0 (1942 yil)
Eng yirik mag‘lubiyat: Urugvay - Argentina 5:0 (1959 yil), Argentina - Kolumbiya 0:5 (1993 yil), Boliviya - Argentina 6:1 (2009 yil), Ispaniya - Argentina 6:1 (2018 yil)
Ayni dam mazkur terma jamoa FIFA reytingida 3-o‘rinni band etib turibdi. Ularning reytingda eng yuqori ko‘rsatkichi 1-o‘rin, eng pasti esa 24-pog‘onani tashkil qiladi.
Ushbu yurt termasi bunga qadar o‘tkazilgan Jahon Chempionatlarida 17 bora ishtirok etgan. Birinchi ishtirok 1930 yilda bo‘lgan. Aynan o‘shanda Urugvayda ilk Mundial o‘tkazilgandi. Qayd etish lozim, Argentina ikki bora turnir bosh sovrinini qo‘lga kiritgan (1978, 1986).
Shuningdek, "albisileste" 1930, 1990 hamda 2014 yillarda finalda mag‘lub bo‘lib, kumush medallarga ega chiqqan.
Turnirgacha bosib o‘tilgan yo‘l
Argentina Qatardagi Mundialga qadar Konmebolda uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Bilasiz, mazkur tashkilotga 10 terma a’zo bo‘lgan. Ularning har biri o‘zaro ikkitadan o‘yin o‘tkazadi hamda 4 terma jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Mundialga yo‘l oladi. 5-o‘rin sohibi esa boshqa qit’a vakili bilan o‘tish o‘yinida ishtirok etadi.
Lionel Skaloni shogirdlari saralashda ancha muvaffaqiyatli harakat qildi. Jami 39 ochko ishlagan Argentina faqatgina Braziliyadan ortda qoldi (45). 27 bora raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan terma o‘z darvozasidan 8 ta gol o‘tkazib yubordi. Shuningdek, ularning Braziliyaga qarshi o‘tkazilishi kutilgan bitta o‘yini karantin tufayli bekor qilingandi va mazkur bahs qayta o‘tkazilmadi. Sababi, bu bellashuvning natijasi jamoalarning turnir jadvalidagi holatiga umuman ta’sir o‘tkazmasdi.
Qayd etish lozim, Argentina joriy yilda Evro-2020 g‘olibi hisoblanmish Italiya bilan "Finalissima" o‘yinini o‘tkazdi. Ya’ni ikki qit’a chempionlari o‘rtasida o‘ziga xos Superkubok bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda Konmebol vakillari yirik 3:0 hisobida "skuadra adzurra"dan ustun keldi.
Shuningdek, ular 35 uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Jahon rekordiga qadar esa 2 ta o‘yin qoldi. (Ma’lumot o‘rnida, Jahon rekordi Manchini boshchiligidagi Italiya terma jamoasiga tegishli - 37 o‘yin)
Tarkib
Argentina terma jamoasida bir qator jahon darajasidagi top futbolchilar harakat qiladi. Jumladan, jamoa sardori so‘nggi 15 yillikning eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblangan va 7 karra "Oltin to‘p" sohibi - Lionel Messi. Shuningdek, Di Mariya, Lautaro Martines, Rodrigo De Paul, Nikolas Otamendi, Lisandro Martines, Emiliano Martines, Kristian Romero, Leandro Paredes va yana ko‘plab grand klublarda to‘p tepuvchi yulduz futbolchilar ushbu terma a’zosi hisoblanadi. Yo‘qotishlar ham mavjud. Jumladan, "Roma" hujumchisi Paulo Dibala jarohati sabab katta ehtimol bilan Qatardagi Mundialda "albisileste"ga yordam bera olmaydi.
Tarkibdagi futbolchilarning umumiy qiymati 608 million evroni tashkil qiladi.
Eslatma: Ushbu miqdor so‘nggi yig‘inga chaqirilgan futbolchilarning transfer narxiga ko‘ra, hisoblangan. Mundialga chaqirilgan o‘yinchilar nomi hali ma’lum emas.
JCh-2022'dagi taqvimi
Argentina "C" guruhida Saudiya Arabistoni, Meksika hamda Polsha kabi termalar bilan bir guruhdan joy olgan. Ularning taqvimi quyidagicha:
22 noyabr
15:00 Argentina - Saudiya Arabistoni
27 noyabr
00:00 Argentina - Meksika
1 dekabr
29 noyabr
00:00 Polsha - Argentina
Fikrlar