
Muhsin Muhammadiev: Dastlabki rejamiz "Buxoro"ni Superligada saqlab qolish
“Buxoro” klubi Superligada qolish uchun qattiq kurashayotganidan xabardorsiz. Tojikistonlik mutaxassis Muhsin Muhammadiev qanday bo‘lmasin qo‘l ostidagi jamoani Superligada saqlab qolishga jiddiy bel bog‘lagan. Har holda u ham o‘zidan yomon taassurot qoldirishni istamaydi. Chempionat tugashiga esa uchta tur qoldi. Demak, oxirgi turlar Muhammadiev va buxoroliklar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu maqsadda tojikistonlik mutaxassis bilan bir qancha masalalar bo‘yicha gaplashdik. Lekin, avvalo suhbatimizni Tojikiston terma jamoasi haqidagi savollar bilan boshladik. Chunki shu kunlarda terma jamoalar ishtirokida jahon chempionati saralash bahslari o‘tkazilayotgani bois barchaning e’tibori aynan terma jamoalarga qaratilgan. Tabiiyki, Muhammadiev ham Tojikistonning o‘yinlarini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda.
“Tojikiston Qirg‘izistonga yutqazmaydi degan umiddaman”
- Muhsin Muslimovich, Tojikiston terma jamoasini diqqat bilan kuzatib borayotgan bo‘lsangiz kerak. Usmon Toshev boshqarayotgan jamoaning ishtirokiga qanday baho berasiz?
- Albatta, men Tojikiston terma jamoasi uchun qayg‘uryapman. Tojikistonning guruhdan keyingi bosqichga chiqishini juda ham xohlayman. Ya’ni, uchinchi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, yakunda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni orzu qilaman. Shuning uchun doim terma jamoaga muxlislik qilaman va o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib boraman.
- Ko‘rinib turibdiki, Tojikiston bilan Qirg‘iziston guruhda ikkinchi o‘rin uchun kurashishmoqda. Ayniqsa, Bishkekda ikkala jamoa o‘rtasidagi o‘yin muhim ahamiyat kasb etadi...
- Ha, Tojikiston bilan Qirg‘izistonning ikkinchi o‘ringa katta imkoniyati bor. Umid qilib qolamizki, Tojikiston bunday imkoniyatdan foydalanib qoladi. Shu bilan birga Bishkekda qirg‘izlarga yutqazmaydi degan umiddaman.
- Yaqinda Qirg‘iziston Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘ynadi. O‘sha uchrashuvni ko‘rgan bo‘lsangiz, Qirg‘iziston haqida fikringiz qanday?
- Ha, men O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘yinni kuzatdim. Aytishim kerakki, Qirg‘iziston yomon jamoa emas. Ular yaxshi futbol o‘ynashga harakat qilishyapti. Lekin shu bilan birga ularning himoya chizig‘ida xatolar ham yo‘q emas. Lekin bu o‘z nomi bilan o‘rtoqlik maqomidagi bellashuv edi. Shuning uchun odatda bunday darajadagi o‘yinlar asosan murabbiylar uchun juda muhim. Ya’ni, ular qo‘l ostidagi futbolchilari borasida kimning qandayligini bilib olish uchun ham kerak.
- “Buxoro”da o‘ynayotgan Fatxullo Fatxulloev nihoyat Tojikiston terma jamoasiga chaqirildi. Ayting-chi, Usmon Toshev ushbu futbolchi haqida siz bilan maslahatlashdimi?
- Fatxullo Fatxulloev to‘g‘risida hech narsa demaganman. Uni o‘zlari chaqirishgan. Fatxulloev tajribali futbolchi va u bungacha ham terma jamoada ko‘plab o‘yinlarda ishtirok etgan. Albatta, uning yordami tegadi deb o‘ylayman. Aytmoqchimanki, Fatxulloev terma jamoada o‘ynashga loyiq.
“Imkoniyat bor ekan, oxirigacha kurashamiz”
- “Buxoro” klubida olib borayotgan ishingiz haqida nima deya olasiz? Ko‘rinib turibdiki, o‘ziga yarasha muammolar ham yo‘q emas. U erda ishlab qiynalmayapsizmi?
- Bilsangiz, har bir jamoaning o‘ziga yarasha muammolari bor. Bundoq olib qarasak, biz safarda yaxshi o‘ynayapmiz-u, ammo o‘z maydonimizda negadir ko‘ngildagidek natija ko‘rsata olmayapmiz. Endi biz shuning ustida ishlayapmiz. O‘z uyimizdagi o‘yinlarimizni yaxshilashimiz kerak. Oldinda esa uchta o‘yin qoldi va ularda ijobiy natijalar ko‘rsatishga intilyapmiz. Bizda imkoniyat bor va oxirigacha kurashamiz.
- Chindan ham Superliga tugashiga yana uchta tur qoldi. “Buxoro” hisobida esa hozircha 19 ochko bor va turnir jadvalida 13-o‘rinda boryapti. Klubni Superligada saqlab qolishga va’da bera olasizmi?
- Biz “Buxoro”ni Superligada olib qolish uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Tabiiyki, biz elitadan tushib ketishni aslo xohlamaymiz. Shuning uchun qolgan uchrashuvlarda maksimal natija ko‘rsatishimiz talab etiladi. Qolgan o‘yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Hammasi jiddiy bo‘ladi. Qaytaraman, biz jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
- Jamoangiz oxirgi turda nega o‘z uyida “Qo‘qon-1912”ga yutqazib qo‘ydi?
- O‘sha o‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, biz maydonga shubhasiz g‘alaba qozonish uchun chiqqandik. Afsuski, vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi va natija juda ko‘ngilsiz bo‘ldi. Penalti orqali darvozamizdan gol o‘tkazib yubordik. O‘zimiz esa yaratilgan golli imkoniyatlardan foydalanishni bilmadik. Keyin esa shoshilishni boshladik. Buning oqibatida esa o‘yinimizda xatolar kelib chiqishni boshladi. O‘zi futbolda shunaqasi bo‘lib turadi. O‘z darvozangizdan gol o‘tkazib yuborganingizdan keyin gol urish uchun shoshib o‘ynashni boshlaysiz. Aksiga olib, shoshilganingda hech nima o‘xshamaydi. Buning natijasida esa xatoliklar ham kelib chiqadi. Biz xulosa chiqargan holda tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ayniqsa, futbolchilarimizning ruhiy holatini yaxshilash bo‘yicha ham ishlayapmiz.
- O‘sha o‘yindan keyingi matbuot anjumanida siz Buxoro davlat universiteti rektoriga kinoyali tarzda salom yo‘lladingiz. Ko‘rinib turibdiki, qandaydir muammo kelib chiqqan. Aslida nima bo‘lgandi?
- Ha, Universiada to‘g‘risida gap ochdingiz. O‘sha paytlarda Universiada o‘yinlari ham o‘tkazildi. Matbuot anjumanida esa shu haqida gapirdim. Ular hammasini maslahat qilishlari kerak edi. Chunki Superliga o‘yini bilan Universiada musobaqasi deyarli bir paytga to‘g‘ri kelib qoldi. Bunday musobaqalarni chempionatda tanaffus yuzaga kelgan paytda o‘tkazsa ham bo‘lardi. Futbolchilarimizni Universiadada o‘ynashga majburlashdi. Men esa buni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Albatta, mening Universitet rahbarlariga hurmatim baland. Lekin bunday vaziyatlarda maslahat bilan ish ko‘rish kerak edi. O‘sha kuni “Buxoro”ning o‘yini bor edi. Mana shu taqvimga qarab Universiada o‘yinlarini belgilasa ham bo‘lardi. Menimcha, professional futbolchi Universiada o‘yinlarida o‘ynamasligi kerak. Chunki uning professional jamoa bilan shunday maqomdagi shartnomasi bor. Ha, men ularni ham tushunaman. Biroq boya aytganimdek, bunday o‘yinlarni chempionatda tanaffus bo‘lganda yoki ta’til paytida o‘tkazish ham mumkin edi. Ammo chempionat bo‘layotgan paytda o‘tkazilishi esa noto‘g‘ri. Axir futbolchilarni amalda o‘z klubi bilan shartnomalari bor. Albatta, Universitet rahbarlari Kubok, sovrin yutishni xohlashadi. Ammo bu musobaqa talabalar o‘rtasida bo‘lishi kerak. Buni esa futbol assotsiatsiyasi bilan maslahat qilish kerak.
- “Buxoro” jamoasida aynan qaysi futbolchilar Universitet tarkibida o‘ynashgandi?
- Qaysi futbolchilar o‘ynashgani to‘g‘risida gapirishning foydasi yo‘q. Ularning nomlarini aytib nima qilaman, endi? Hammasi o‘tib ketdi-ku. Endi hech narsani orqaga qaytarib bo‘lmaydi.
“Afsuski, gol uradigan hujumchini topa olmadik”
- Bungacha boshqa jamoalarning maydonlarini tanqid qilgan holda futbol o‘ynash uchun yaroqsiz degandingiz. Ammo endilikda ko‘rib turibmizki, “Buxoro”ning maydoni ham shunday ahvolga kelib qolibdi. Ayniqsa, bu holat “Buxoro”ning “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvida ham yaqqol ko‘rindi. Bu holatga qanday izoh bergan bo‘lardingiz?
- Maydon haqidagi savolga kelsak, O‘zbekistondagi ko‘plab jamoalarning maydonlari yaxshi. Faqat bir-ikkitasidan tashqari. Masalan, o‘sha paytdashgi “Andijon”ning va o‘zimizning maydonlarimizni aytishim mumkin. Bunday holatda kombinatsion o‘ynash va hujum qilish qiyin. Shunga maydon haqida gapirgandim, sifatsiz maydonlarda o‘zimiz istagandek o‘ynay olmagandik. Baribir bunday maydonlarda hujum qilish qiyin. Lekin himoyalanish osonroq. O‘sha paytda “Andijon”dagi maydonni tanqid qilganimga kelsak, e’tibor bersangiz, biz o‘z uyimizdan ko‘ra safarda yaxshiroq o‘ynayapmiz. Shu bois ko‘pincha mehmonlardagi uchrashuvlarda ham ochko yig‘ishga harakat qildik. Balki o‘shanda maydon yaxshi holatda bo‘lganida yutqazmagan bo‘larmidik?!
- “Buxoro” Superligada eng oz gol urgan jamoa bo‘lib turibdi. Hisobida bor-yo‘g‘i 15 ta gol bor xolos. Tabiiyki, bunday paytda jamoangizga gol uradigan sermahsul hujumchilar etishmayotgani ko‘rinib turibdi. Bu siz uchun tashvishli holatmi?
- Ha, to‘g‘ri, bizga gol uradigan hujumchining yo‘qligi pand beryapti. Aynan sermahsul hujumchi jamoamizga etishmayapti. Ammo, menimcha, deyarli barcha klublarning hujumchilar bilan bog‘liq muammosi bor. Gol uradigan sermahsul hujumchilar esa hozir kam. Afsuski, biz ham barqaror hujumchini topa olmadik. Hech bo‘lmaganda uchta imkoniyatning bittasidan gol ura oladigan hujumchimiz bo‘lganida ham yaxshi bo‘lardi. Lekin nima ham qilardik, yosh, iqtidorli hujumchilarni tarbiyalaymiz.
“Buxoro”ni saqlab qolsak, kelasi yili kuchliroq jamoaga aylantiramiz”
- “Paxtakor” muddatidan ancha avval chempionlikni qo‘lga kiritdi. Qolaversa, Kubok ham “Paxtakor”ga nasib qildi. Sizningcha, chempionatimizdagi intriga barvaqt tugagani bu salbiy holatmi?
- Nega? Men bu holatni yomon deb o‘ylamayman. “Paxtakor” O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi. Ularning tarkibiga qarang. Shuning uchun ham ular birinchi o‘rinda. Kuchli bo‘lganligi uchun bir necha tur oldin chempionlikni qo‘lga kiritdi. Tan olaylik,”Paxtakor” kuchli klub. Qolgan jamoalarni qarang, boshqa o‘rinlar uchun qanday kurash olib borishyapti. Ana, intriga. Qolaversa, pastdagi jamoalar ham qanday kurashishayotganini ko‘ring. Bu ham o‘ziga yarasha intriga. Bu degani yomon chempionat emas.
- Aytmoqchimanki, “Paxtakor” hammadan kuchli bo‘lgani uchun hech kim bu klubga teng kela olmayapti. Boshqa jamoalar esa shunchaki o‘rtamiyona darajada ko‘rinmoqda. Qaniydi, hamma “Paxtakor”dek kuchli bo‘lsa... Biroq boshqalarning bu klubga teng kela olmasligi bu yaxshi holat bo‘lmasa kerak.
- “Paxtakor” O‘zbekistonda boshqalarga qaraganda, bir bosh baland jamoa. Boshqa klublar esa “Paxtakor”ga qarab intilishadi. Boshqa chempionatlarda ham aytaylik, “Manchester Siti” yoki “Yuventus” kabi klublar katta tafovut bilan chempion bo‘lishgan. Bir vaqtlar “Barselona” va “Real” ham chempionlikni qo‘lga kiritganida boshqalardan ochkolar borasida katta tafovutni vujudga keltirishgandi.
- Muhsin Muslimovich, keyingi rejalaringiz qanday? “Buxoro”dagi faoliyatingizni davom ettirasizmi?
- Reja bo‘yicha gapiradagan bo‘lsam, avvalo biz Superligada qolishimiz kerak. Bu bizning dastlabki rejamiz. Shundan so‘ng keyingi yil uchun rejalarni tuzib chiqamiz. Agar Superligada qolsak, kelasi mavsumga kuchliroq jamoani tuzishga harakat qilamiz.
- Superligamizdagi format haqida nima degan bo‘lardingiz? Balki kelasi yil uchun klublar sonini oshirgan ma’qulmikin?
- Biz buni assotsiatsiyada muhokama qildik. Ko‘p murabbiylar hozirgi formatdan qoniqishmayapti. Chunki chempionat o‘rtasida uzoq tanaffuslar uchrayapti. O‘yinlar esa kam. O‘FA rahbarlari esa bunday gaplarni eshitishdi. Ular bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishadi degan umiddaman. Mavsum tugasin-chi, keyin hammasiga oydinlik kiritiladi.
Fikrlar