
Mourino Shomurodovni chempion qilmoqchi, Abraxam esa Eldorga “non" bermoqchi emas!
Sports.uz portali Eldor Shomurodov o‘ynayotgan Joze Mourino boshqaruvidagi “Roma” jamoasiga oid xabar, yangilik va ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol muxlislari e’tiboriga havola qilishda davom etadi.
Mourino “Roma”dagi maqsadini oshkor qildi
Joze Mourino “Roma” bosh murabbiyi sifatida oldiga turgan vazifalari va maqsadi nimadan iborat ekanini oshkor qildi.
- “Roma”ga muhabbat sovrinlar bilan cheklanib qolmaydi. Murabbiylik faoliyatini to‘xtatganimdan keyin sovrinlarni sanab chiqaman. Hozir esa, navbatdagi uchrashuv haqida bosh qotiraman xolos. Hozir o‘zimni 10-20 yil oldingidan kuchliroq murabbiy, deb bilaman.
Men klubga barcha sovrinlarni tortiq qilgan bo‘lardim, chunki “Roma” uchun bu juda muhim va muxlislarga ham ishtiyoq bag‘ishlaydi. Rimda “Roma”ni qanchalar sevishlarini darrov anglaganman. Bunaqa muhabbat qonda bo‘ladi.
Hozir jamoaga katta g‘alabalar etishmayapti. Biz eng yuqori maqsadlar uchun kurashadigan jamoa tuzyapmiz. Agar mening davrimda sovrinlar qo‘lga kiritilsa, ajoyib ish bo‘lardi, - dedi Joze Mourino.
Joze Mourino Rim klubi rahbariyati amalga oshirayotgan loyiha doirasida Eldor Shomurodovni “Jenoa”dan “Roma”ga transfer qildi. Keyinroq, “Chelsi” hujumchisi Temmi Abraxam olindi. Hozir rimliklar jamoa etakchilari bilan shartnomalarni uzaytirmoqda va “Roma”ni chempion jamoaga aylantirish uchun uzoq muddatli loyihani davom ettiryapti.
Abraxam: Kimligimni ko‘rsatib qo‘yaman!
Bir yillik tanaffusdan so‘ng, Angliya terma jamoasiga chaqirtirilgan Temmi Abraxam Guardian nashriga intervyu berib, turli masalalar bo‘yicha fikrini bildirdi.
- “Chelsi”dagi so‘nggi davrim murakkab bo‘ldi. Meni nega o‘ynatishmayotganini tushunmasdim. Men muntazam gol urayotgan edim. Yangi murabbiy kelishi bilan vaziyat o‘zgardi. Futbolchi har doim eng yuqori darajasini ushlab turolmaydi. Ba’zan pasayishlar bo‘ladi va bu meni g‘alabalarga chanqoq holga olib keldi. O‘zimga o‘zim hisob beradigan payt kelgandi. Mashg‘ulotlarda faqat o‘zim uchun mashq qiladigan bo‘lib qoldim. Eng zo‘r bo‘lish uchun o‘z ustimda ishladim. Bunday vaziyatda bosh ko‘tarish, g‘azabini ko‘rsatish va o‘zini yomon tutish oson. Men boshqacha qarorga keldim.
Eng oddiy echim “Chelsi” zaxirasida o‘tirish edi. Lekin men Londondan ketib, nimalarga qodirligimni ko‘rsatishga qaror qildim. Albatta, begona mamlakatga borishdan oldin hayajonlandim. Buni amalga oshirish uchun shijoat kerak. Angliyalik yosh futbolchilarga shu yo‘ldan borishni maslahat beraman. Cho‘chish kerak emas. Qiyinchilikka ko‘nikyapman. Men “Roma”ga kimligimni ko‘rsatib qo‘yish uchun kelganman, - dedi Temmi Abraxam.
Darhaqiqat, Temmi Abraxam asosan bir hujumchi bilan o‘ynaydigan Joze Mourino jamoasida birinchi raqamli forvard hisoblanadi. Uning asosiy raqobatchisi esa Eldor Shomurodov. Statistik ma’lumotlar angliyalik futbolchining ustunligini ko‘rsatmoqda. Kuchli hujumchi bilan raqobat Shomurodovga rivojlanish imkonini beradi. Zero, Eldor “Jenoa”da ham kuchli raqobatchilar orasida o‘z haqini ajratib ololganini yaxshi bilamiz. “Roma”da ham shunday bo‘lishiga ishonib qolamiz.
Kalafori: Kuchayib borayotganimni sezyapman
Rikkardo Kalafori “Roma”dagi muvaffaqiyatli o‘yinlari orqali Italiya yoshlar terma jamoasiga ham jalyu qilinmoqda. Futbolchi Joze Mourino qo‘l ostida kuchayib borayotganini alohida tilga oldi.
- Bu professional futboldagi ikkinchi mavsumim. 19 yoshimda Joze Mourinodek murabbiy qo‘l ostida o‘ynashning o‘zi katta yutuq. U har doim seni yaxshiroq o‘ynashga da’vat qiladi. Psixologik tomondan kerakli so‘zlarni topa oladi. Yaxshi o‘ynasang, maqtaydi. Xato qilsang, kamchiliklaringni adolatli tarzda ko‘rsatib beradi. Men o‘yinchi sifatida o‘sib boryapman. Mourino haqiqatan eng zo‘r murabbiylardan.
Men “Roma” uchun uzoq muddat o‘ynashni istayman. Bu bolalikdagi orzum, - dedi Rikkardo Kalafori.
Fikrlar