"Sho‘rtan" ustozi: "Hammamiz aybdormiz"
Superliganing 18-turidan o‘rin olgan “Sho‘rtan” - “Qo‘qon-1912” (1:2) bellashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Eldor Moyliev matbuot anjumanida fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Tezkor gol o‘tkazib yubordik. Natijada o‘yinimizda pala-partishlik kuzatildi. Hujumga o‘tdik, yana qarshi hujumda ikkinchi golni o‘tkazib yubordik. Keyin yigitlarda shoshma-shosharlik bo‘ldi. Tartibli o‘yin ko‘rsata olmadik. Ikkinchi bo‘limda vaziyatlar bo‘ldi. Afsuski, unumli foydalana olmadik.
- Tezkor goldan keyin maydonni o‘zida futbolchilarga o‘zgartirish uchun qanday ko‘rsatma berdingiz?
- Tezkor goldan keyin hech qanaqa ko‘rsatma bermadik. Doimgidek ko‘rilgan tayyorgarlik, sxemamiz bo‘yicha davom etdik. Goldan keyin pala-partishlik natijasida o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olmadik.
- “B” variant bormidi?
- Ikkinchi bo‘limda ko‘rdinglar, sxemani o‘zgartirib o‘ynadik. Vaziyatni o‘zgartirdik, ammo o‘nglay olmadik.
- Jamoangiz o‘tgan turda “Bunyodkor” bilan tengma-teng o‘ynagandi. Bu safar “Sho‘rtan”ni oldingi o‘yinini ko‘rmadik...
- Charchoq alomati ham sezildi. Har uch kunda o‘yin. Balki shu ham tiklanishga ta’sir qildi. Superligada hamma jamoalar teng kuchli. Kimni omadi kelsa o‘sha yutib ketyapti. To‘g‘ri, mahoratli o‘yinchilar ham bor. Ular vaziyatlardan unumli foydalanishyapti, shuning evaziga jamoalar yutib ketishyapti. Lekin klublar bir-biridan aytarli darajada farq qiladi, deb o‘ylamayman.
- Birinchi golda kim ko‘proq kamchilikka yo‘l qo‘ydi?
- Matbuot anjumanida u yoki bu aybdor deya olmayman. Hammamiz aybdormiz. Kim xato qilganini ko‘rib chiqamiz. Gol bo‘ldimi, demak butun jamoa aybdor bo‘ladi.
- “Sho‘rtan” 6 ochko yo‘qotdi, deb hisoblaysizmi?
- Ha, “Sho‘rtan” 6 ochko yo‘qotdi.
- Murabbiylar shtabiga xorijlik mutaxassis qo‘shiladi, degan gap-so‘zlar bor...
- Bilmadim, bunday gap-so‘z eshitganim yo‘q.



Fikrlar