
Mo‘minjon Abdullaevning Tokio Olimpiadasidagi asosiy raqobatchilari kimlar? Kurashchimizning o‘zi javob berdi
Hozirgi kunga kelib, Tokio Olimpiadasiga litsenziyani qo‘lga kiritgan barcha sportchilarimizning diqqat e’tibori ushbu to‘rt yillikning eng nufuzli turniriga munosib tayyorgarlik ko‘rish va unda ijobiy natija qayd etishga qaratilgan, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Albatta, yunon-rum kurashi bo‘yicha eng og‘ir vazn (130 kg) toifasida samuraylar yurtida o‘tadigan Olimpiadaga yo‘llanmani naqd qilgan hamyurtimiz Mo‘minjon Abdullaev ham bundan mustasno emas. U ayni vaqtda ushbu turnirga Polshaning Spala shaharchasida terma jamoa a’zolari bilan birgalikda hozirlik ko‘rmoqda.
Biz ushbu polvonimiz bilan bog‘lanib, tayyorgarlik va Olimpiadaga bog‘liq bir nechta savollar bilan murojaat qildik.
- Mo‘minjon avvalo, Tokio Olimpiadasiga litsenziyani qo‘lga kiritganingiz bilan tabriklaymiz!
- Rahmat.
- Buni qo‘lga kiritish ham oson bo‘lmadi, to‘g‘rimi?
- Albatta. Barcha ishni o‘z qiyinchiligi bo‘ladi. Bizning vazn toifamizda jiddiy raqobat mavjud va ular orasida eng kuchli va omadlilari Olimpiadaga yo‘l oldi.
- Keling, shu to‘rt yillikning eng nufuzli turniriga yo‘llanmani qay tarzda qo‘lga kiritganligingiz bilan batafsil o‘rtoqlashsangiz?
- Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi Osiyo litsenzion turnirida ishtirok etdim. Hamma raqiblarim kuchli edi. Ilk bosqichda hindistonlik sportchiga duch keldim va uni 8-0 hisobida mag‘lub etdim. Keyingi bosqichda qirg‘izstonlik raqibimni ham 8-0 natija bilan mag‘lub etdim. Uchinchi raqibim yaponyalik bo‘ldi va undan ham xuddi shu hisobda ustun keldim. Turnir davomidagi to‘rtinchi raqibni ham 8:0 natija bilan mag‘lub etganimdan so‘ng, finalda janubiy koreyalik kurashchini ustidan zafar quchib, litsenziya bilan birga chempionlikni ham qo‘lga kiritdim.
- Endi esa navbat Olimpiadaga! Tayyorgarlik yaxshi ketayotgandir?
- Shubhasiz, jiddiy hozirlik ko‘rayapmiz. Polshaning Vrashava shahrida reyting ballar taqdim etuvchi turnir bo‘lib o‘tdi va unda umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Ayni kunlarda Polshadagi Spala shahrida 15 ta mamlakatdan tashrif buyurgan sportchilar bilan birgalikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidamiz. Umuman olganda barchasi a’lo darajada!
- Tokioga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan extimoliy raqiblaringizni barchasi bilan gilamda to‘qnash kelganmisiz?
- Barchasi bilan emasu, aksariyati bilan musobaqalarda uchrashganmiz.
- Ular orasida siz uchun jiddiy xavf tug‘duruvchi, noqulay raqib deya qay birlarini ayta olasiz?
- Uch karra Olimpiada chempioni kubalik Mixail Lopes, ikki karra Olimpiada sovrindori, besh karra jahon chempioni turkiyalik Riza Kayalp va rossiyalik Olimpiada sovrindori, jahon chempioni Sergey Semyonovni aytishim mumkin. Umuman har bir raqib katta xavf degani. Shunday ekan barchasiga birdek qarash va harakat qilish lozim.
- Yurtimiz miqiyosida ham sizning munosib izdoshlaringiz etishib chiqayotganligi aniq. Aytingchi, kimlarni bu boradagi salohiyatiga yuqori baho bergan bo‘lardingiz?
- Mamlakatimizda bunday iqtidorlar ko‘plab topiladi. Misol uchun, ukalarimiz Daler Rahmatov, Timur Nasimov yaxshi darajaga chiqib kelmoqda. Bizni tayyorgarligimizga ham katta yordam berib kelishyapti. Umuman olganda kelajagi porloq deb ayta olaman.
- Tokio Olimpiadasidan so‘ng ham katta sportda qolasizmi?
- Albatta. Hali Parijda ham ishtirok etish istagidaman.
- Olimpiada oldidan muxlislarga qanday so‘zlarni ayta olasiz?
- Albatta, xalqimizni olimpiya o‘yinlaridagi ijobiy natijalar bilan xursand qilishga harakat qilamiz. Qo‘llab-quvvatlab, duoda bo‘linglar va biz ishonchinglarni oqlash umididamiz!
Ma’lumot uchun, Mo‘minjon Abdullaev yunon-rum kurashi bo‘yicha Osiyo chempionatining ikki karra bronza va bir bora kumush medali egasi, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Islom birdamlik o‘yinlari hamda Ashxabodda o‘tgan Yopiq inshootlar va jang san’ati bo‘yicha Osiyo o‘yinlari kumush medali sohibi.
Fikrlar