Mirjalol Qosimov: "Bir ochko Afrikada ham bir ochko"

  • 31 avgust, 2023, 09:30
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Coca Cola Superligacining 18-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – OKMK (0:0) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Tecno

Odatdagidek, olmaliqliklar ustozi o‘z so‘zini uchrashuv haqidagi fikrlari bilan boshladi.

- Bellashuvni hamma ko‘rdi.  Jangovar o‘yin bo‘ldi. Namanganda o‘ynash har doim qiyin. Durangga loyiq edik. Bugungi uchrashuv tarixga aylandi. Endi keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.

- Bugun OKMK jamoasi ikki ochko yo‘qotdimi yoki bir ochkoni qo‘lga kiritdimi?

- Bu qaysi taraflama baholashga bog‘liq. To‘g‘ri, biz har doim g‘alaba uchun o‘ynaymiz. Lekin har doim maqsadga erishish imkonsiz. Rus maqoli borku: “Biz maqsad qilamiz, Xudo amalga oshiradi”. Bugun durang bo‘lishi kerak bo‘lgan ekan va shunday natija bo‘ldi. Qiyin uchrashuv bo‘ldi. Lekin bir ochko Afrikada ham bir ochko.

- Jamoa sovrinli o‘rinlarga kurashishda davom etadimi?

- Albatta, hali hech narsa yo‘qotmadik. Oldindan aniq bir nima demayman. Lekin bizda imkoniyat bor va biz undan foydalanishimiz kerak. Mavsum so‘ngida esa natijaga baho beramiz.

- Sanjar Tursunov maydonni tark etayotgan vaqtda nima ro‘y berdi? O‘sha vaziyatga izoh berib o‘tsangiz...

- Sanjar maydonni qarsak chalib tark ketayotgan edi va bu normal holat. O‘zbekistonda ashaddiy futbol muxlislari ko‘p va eng ashaddiy muxlislar Namanganda. Shu sabab biroz tushunmovchilik bo‘ldi. Shaxsiy fikrimga ko‘ra, Sanjar hech qanday yomon ish qilmadi. Ammo uning harakatlari ayrim bir muxlislarga yoqmadi. Bu oddiy holat va futbolda bo‘lib turadi.

- OChL guruh bosqichidagi raqiblar haqida fikr bildirib o‘tsangiz?

- Biroz nafas rostlab olaylik(kulib). Osiyo Chempionlar Ligasida kuchsiz jamoa yo‘q. Barcha raqiblar xavfli. Eron, Saudiya va Iroq jamoalari bilan to‘qnash kelamiz. Hozirgi asosiy vazifamiz keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish. Bizni oldinda kubok bahsi kutib turibdi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!