
Millatlar Ligasi. Ispaniya va Germaniya ishtirokidagi uchrashuvlar uchun prevyu
3-tur bahslarida ushbu guruh etakchilari o‘zlari uchun kerakli bo‘lgan natijalarni qo‘lga kiritdi. Ispaniya Shveytsariyani yagona gol evaziga taslim etdi. O‘yin “qizil furiya”ning to‘liq ustunligida kechdi va ular haqli ravishda g‘alabaga erishdi. Ochig‘i, Shveytsariyaning ikkinchi raqamli jamoa bo‘lishini taxmin qilgan bo‘lsak-da, bu qadar passiv futbol namoyish etishini kutmagan edik. Jamoaning asosiy hujumchisi Seferovich faqat ofsayd holatlarda ko‘zga tashlandi. Jakadan ham xavfli zarbalarni ko‘rmadik. Sababi, u ushbu bellashuvni tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasida o‘tkazdi va asosiy vazifasidan boshi ortmadi.
Germaniyani esa tanib bo‘lmayapti. Ochig‘i, biz “nemis mashinasi”ni gol urgan sari ochilib borishiga ko‘nikib qolgandik. Ammo so‘nggi vaqtlarda buning aksini kuzatmoqdamiz. Ukraina sal bo‘lmasa 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan qutulib ketishi mumkin edi. Shevchenko yaxshi jamoa shakllantirmoqda va o‘zi ham murabbiy sifatida o‘sishga erishyapti. Ispaniyaga qarshi o‘yin butkul uning xatosi tufayli yirik hisobda boy berildi. Katta jamoalarga qarshi o‘ynash falsafasini asta-sekin tushunib bormoqda. Ushbu turda aynan ispanlar Kievda mehmon bo‘ladi.
Ukraina - Ispaniya
Ukraina
Tushunarliki, guruhda ukrainlarning vaziyati pley-offga chiqish imkonini bermaydi. Buning uchun juda katta va davomiy mo‘’jizalar ketma-ketligi bo‘lib o‘tishi zarur. Ular uchun ushbu bosqichni Shveytsariyadan oldinda yakunlash yaxshi natija bo‘lardi.
Buning uchun etarli salohiyatga ega bo‘lgan futbolchilar Shevchenko ixtiyorida etarli. Asosiy masala aynan Shveytsariyaga qarshi o‘yinda hal bo‘ladi. Ungacha esa, Ispaniyadan ochko olishga urinib ko‘rish lozim. Har holda, Petkovich shogirdlarida grandlardan tortib olingan ochko bor.
Taxminiy tarkib: Pyatov, Matvienko, Zinchenko, Krivtsov, Sobol, Stepanenko, Malinovski, Marlos, Kovalenko, Yarmolenko, Moraes.
Andrey Shevchenko: “Bizni oldinda Ispaniyaga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi. Frantsiya va Germaniyaga qarshi o‘yinlarda katta tajriba orttirdik. Tan olishimiz lozim, tarkibimiz biroz cheklangan, jamoam o‘zining eng optimal holatida emas. Ushbu mag‘lubiyatlardan keyin ham taslim bo‘lish xayolimizga kelmadi. To‘g‘ri o‘yinchilardan to‘g‘ri maqsadda foydalanishga harakat qilamiz”.
Ispaniya
Ispanlar o‘yinidagi yaxshi hislatlar haqida ko‘p gapirdik va oldinda yana ko‘p marotaba ular haqida so‘z yuritamiz. Hozir e’tiboringizni Fatiga qaratmoqchiman. Ispaniya terma jamoasining hali voyaga etmagan futbolchisi tobora kuchli o‘yin ko‘rsatib bormoqda. Uni maqtov va e’tiroflar hozircha chalg‘itgani yo‘q. Ammo undan "yangi Messi" kutayotganlarning fikriga qo‘shilmagan bo‘lardim. Sababi, Fatida Leodagi kabi o‘zgacha jihatlar mavjud emas. Tezlik va aqlli futbol namoyish etish esa, yaxshi darajadagi har qanday futbolchiga xos xususiyat.
Muhimi, u o‘z ustida ishlashda davom etishi va jamoadoshidan ko‘proq narsalarni o‘rganib olishi zarur. Messiga o‘xshashi shart emas, u o‘z uslubini yaratish orqali ham “Barsa” etakchilaridan biriga aylana oladi.
Ispaniya tarkibida o‘tgan uchrashuvda 60 daqiqacha harakat qildi va uning o‘yinini ijobiy baholash mumkin. Oyarsabal gol urgan vaziyatdan biroz avval, jarima maydoniga yorib kirayotgan Fatini qo‘pollik bilan yiqitishdi. Shuning uchun ham, A liga bellashuvlarida VARdan foydalanish kerak, degan so‘rovlar ko‘payib ketmoqda. Balki, kelgusi yilgi mavsumda UEFA shu yo‘ldan ketishi mumkin.
Taxminiy tarkib: De Xea, Regilon, Ramos, Torres, Navas, Buskets, Fabian, Sebalos, Olmo, Ferran, Rodrigo.
Luis Enrike: “Biz musobaqa davomida tarkibimizni shakllantirib borish niyatidamiz va bu amalga oshmoqda, nazarimda. Hamma ko‘rib turibdiki, barcha futbolchilar asosiy tarkibda o‘ynay oladi. Mening ixtiyorimdagi 23 futbolchining barchasi qanday holatda maydonga tushishi va qaysi holatda zaxirada o‘tirishi kerakligini yaxshi tushunadi. Bu normal holat.
Ukrainaga qarshi kechgan avvalgi bellashuvda chiroyli g‘alabaga erishdik. Biroq bu allaqachon o‘tmishda qoldi”.
Germaniya - Shveytsariya
Germaniya
Lyov yangi avlod vakillariga o‘z futbolini tushuntirishga qiynalmoqda. Uning shavqatsiz Germaniyasi endi o‘tmishda qolgandek. Ikkinchi taymning ikkinchi qismi g‘oyat bo‘sh o‘tyapti. Buni endi jismoniy holat bilan izohlash ham noto‘g‘ri. Chunki futbolchilar doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqdalar. Demak, yangi futbolchilarda oxirigacha kurashish instinktini shakllantirish lozim.
Avlodlar almashinuvi Germaniyada ancha og‘ir kechadigan ko‘rinadi. Xaverts ham mavsum boshini juda qiyin boshladi. Na klub va na terma jamoa safida undan kutilgan o‘yinni ko‘rmayapmiz. Verner ham markaziy hujumchi zonasida qiyinchilikka uchramoqda. Pley-off masalasi aynan Ispaniyaga qarshi uchrashuvda hal bo‘lishi uchun, Shveytsariya va Ukrainaga qarshi bellashuvlarda ochko yo‘qotmasligi talab etiladi.
Taxminiy tarkib: Noyer, Xalstenberg, Zyule, Ryudiger, Gozens, Kimmix, Kross, Draksler, Goretska, Gnabri, Verner.
Yoaxim Lyov: “Shveytsariya ushbu turnirgacha bo‘lib o‘tgan barcha katta musobaqalarda o‘zini ijobiy tarafdan ko‘rsata olgandi. Ular jahon futbolida top-darajaga ko‘tarilib olishga ulgurgan. Chunki ularda bir qator iste’dodli futbolchilar mavjud. Ushbu jamoa har qanday raqib uchun jiddiy qiyinchiliklar tug‘dira oladi. Ispanlar ularga qarshi vaziyatlar yaratishga qiynaldi. Umid qilamanki, Ukrainaga qarshi bo‘lganidek, bor e’tiborimizni ushbu bahsga qarata olamiz. Jamoamdan hujumda yanada yaxshiroq harakat qilishini kutyapman”.
Shveytsariya
Vladimir Petkovich o‘z jamoasida ko‘p jihatlarni shakllantirishi lozim. Ispaniyaga qarshi uchrashuvda 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat juda haqli va ayanchli tarzda qabul qilib olindi. Minimal hisobda mag‘lubiyatga uchrayotgan jamoa himoyada bu qadar xotirjam o‘ynashi kam uchraydigan holat. Nahotki, ularga ispanlar bilan o‘yindagi minimal mag‘lubiyat qoniqarli hisob bo‘lsa. Shakiri juda kech maydonga tashlandi. Seferovich butkul yo‘qolib qoldi. Jakadan zarba ko‘rmadik. Balki, shveytsarlar Lyov jamoasiga qarshi navbatdagi uchrashuvda ham ochko olishni uddalashi mumkin. Ukraina bilan 6-turda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan o‘yinga qanday kayfiyatda va qay ahvolda etib borishi vaqt masalasiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq. Sababi, so‘nggi ikkita tur noyabr oyida o‘tkaziladi. Ungacha ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin.
Taxminiy tarkib: Sommer, Akanji, Elvedi, Sher, Rodriges, Vidmer, Fryuler, Jaka, Shakiri, Seferovich, Tsuber.
Vladimir Petkovich: “Biz A ligada qolishni istaymiz. Qo‘limizdan kelgancha ko‘proq ochko to‘plashga harakat qilamiz. Ispaniyaning natijalarini takrorlash qiyin masala. Ammo ularga havas ko‘zi bilan qaraymiz. Hali musobaqa davom etar ekan, faqat g‘alaba uchun kurashamiz”.
Xulosa o‘rnida
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi bahslar birinchi davrada qiziqarli o‘yinlarni taqdim eta olgan. Ayniqsa, Enrike shogirdlari ukrainlar darvozasiga gollar shousi uyushtirib bergan edi. Ha, Ukraina qadamma-qadam kuchayib bormoqda. Ammo baribir bellashuvda Pireney yarimoroli vakillarining imkoniyatlari yuqori.
Germaniya - Shveytsariya uchrashuvining yana yopiq va taktik kurashlarga boy tarzda o‘tishini kutmoqdaman. Hozir Petkovichning fikri grandlardan ko‘proq ochko olish va Ukraina bilan so‘nggi turda o‘tkaziladigan to‘qnashuvda g‘alaba qozonishga qaratilgan.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar