
"Metallurg" ustozi: Adnan Oraxovats va Ixtiyor Toshpo‘latovning qolishini xohlagandim, nachora...
Xabaringiz bor, 1 martdan Superliga-2018 start oladi. Biz yangi mavsum avvalidan mutaxassislarning fikrlari bilan qiziqdik.
Bekobodning “Metallurg” klubi bosh murabbiyi Andrey Shipilov ertadan boshlanadigan chempionat bahslari va boshqalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Yig‘in borasidagi fikringiz?
- “Metallurg” futbol klubi boshqaruvini yanvar oyi arafasida qabul qilib oldim. Mana qariyb ikki oydirki jamoani yangi mavsumga hozirlayapmiz. Rejadagi ishlarning 80-90 foizini amalga oshirdik deb o‘ylayman.
Tarkibdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Albatta, hamisha yanada yaxshirog‘ini xohlaysan. Biroq yuzaga kelgan vaziyatdan boriga ko‘nishga majbur bo‘lasan.
Siz kimlarni ko‘zlagan edingiz, lekin safga qo‘sha olmadingiz?
- O‘zim bilgan, qo‘limda shug‘ullangan Adnan Oraxovatsni jamoamizda ko‘rishni istagandim, ma’lum muddat yig‘inimizda qatnashgan Ixtiyor Toshpo‘latovning ham qolishini xohlagandim, nachora...
Superligadan nimalar kutmoqdasiz?
- Eng yaxshi, ijobiy o‘zgarishlar umididaman. Jamoalarning hujumkor, tomoshabop o‘yin ko‘rsatishini, futbolimiz infratuzilmasi sifati oshishini kutayapman.
Chempionlik uchun kimlar kurashadi?
- Menimcha, “Lokomotiv”, “Paxtakor”, “Nasaf” va “Bunyodkor” jamoalari kurashadi, desam yangilik bo‘lmasa kerak.
Bekzod Isaev suhbatlashdi
Fikrlar