
Mbappe qaysarlik qilyapti
PSJ rahbariyati hali hamon Kilian Mbappe bilan yozaga kelgan ziddiyatni bartaraf etishga harakat qilmoqda.
Ma’lumki, parijliklar o‘yinchi oldiga shartnomani 2025 yilning yozigacha uzaytirish yoki boshqa klubga sotib yuborishlariga qarshilik qilmaslik talabini qo‘ygan.
Mbappening o‘zi yana bir yil Parijda qolib, kelasi yoz erkin agent sifatida “Real”ga ko‘chib o‘tishini ta’kidlayapti.
Parij klubi xo‘jayinlari bu variantda katta pul yo‘qotadi. Ular Mbappega 90 million evro sodiqlik bonusi va 60 million evro maosh to‘laydi va oxir-oqibat uni tekinga Madridga kuzatib qo‘yadi. Voqealarning bundan rivoji klub rahbariyatini umuman qoniqtirmaydi.
Mbappe klubning har qanday taklifini keskin rad etmoqda. Yaqinda klub 24 yoshli forvardga kelasi yoz sotib yuborish majburiyati ko‘rsatilgan yangi shartnoma taqdim qildi. Kilian bu variantni ham qabul qilmadi. Vaziyat tobora og‘irlashib bormoqda.
Fikrlar