
Marko Obradovich: "Ro‘ziqul Berdiev menga shartnoma imzolashni taklif qilgandi, lekin..."
“Neftchi” klubining Superligaga chiqishida serbiyalik hujumchi Marko Obradovich ham katta hissa qo‘shdi.
U o‘zining to‘purarlik salohiyatini namoyish etib, o‘z gollari bilan jamoasining g‘albalarini ta’minladi.
30 yoshli hujumchi o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Kuni kecha ushbu futbolchi Sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob berdi.
- Marko, sizni “Neftchi”ning Superligaga qaytgani bilan tabriklayman. Ayting-chi, “Neftchi”ni tanlagan paytingizda Superliga emas, balki pro ligada o‘ynashingiz mumkinligi sizni ikkilantirmaganmi?
- Tabrik uchun rahmat. “Neftchi”ni tanlashdan oldin menda bir qancha variantlar bor edi. Ammo aynan farg‘onaliklar taklifi meni ko‘proq o‘ziga tortdi. Chunki klubning aniq maqsadi bor edi. Albatta, yakuniy qaror qabul qilish oldidan Superligada emas, balki pro ligada o‘ynashim mumkinligi meni biroz ikkilantirgan. Lekin jamoa oldiga qo‘yilgan aniq vazifa va maqsadlar bu boradagi ikkilanishni yo‘qqa chiqargan. Aytishim kerakki, oldingi qishda menda “Nasaf” foydasiga qaror qabul qilish imkoniyati ham bo‘lgandi. Shaxsan Ro‘ziqul Berdievning o‘zi meni boshqaruvidagi klubga chorlagan, shartnoma imzolashni taklif etgandi. Biroq yakunda men Qozog‘iston jamoasi foydasiga qaror qabul qilganman. Qozoq Superligasida to‘p surish meni ko‘proq o‘ziga tortgandi. Aytishim joizki, ayrim hollarni inobatga olmaganda doim Superligada o‘ynaganman. Faqat Belgiya va Rossiyada quyi ligada to‘p surishimga to‘g‘ri kelgan. Nima deyishim mumkin, har erda to‘p surish oson emas. Bu erga keldim, Ilhom Mo‘minjonov bilan gaplashdim. Bu kishi bilan 2017 yili “Navbahor”ga taklif qilganda tanishgandim. “Neftchi”ning katta klub ekanligini bilardim. “Neftchi” tarkibida serbiyalik futbolchilar bor bo‘lib, ular bilan oldindan tanishman. Asosiysi, viloyat hokimi futbolni juda yaxshi ko‘radi. Quvonarlisi, biz o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarishga erishdik.
- Pro ligada to‘purarsiz. Ayting-chi, ushbu birinchilikda raqiblar darvozasini ishg‘ol etish osonmi?
- Yo‘q, pro ligada gol kiritish oson emas. Bu birinchilikda hamma jamoalar yaxshi. Ularning tarkibida o‘yin boshidan oxiriga qadar tinimsiz ter to‘kadigan futbolchilar to‘p suradi. O‘z-o‘zidan bu ligada gol kiritish hujumchilarga qiyinchilik tug‘dirmasdan qolmaydi. Albatta, pro ligada to‘purar bo‘lib turganim meni xursand qiladi. Eng muhimi, gollarim jamoamga foyda keltirsa bo‘lgani.
- Pro liga bilan Superligani bir-biriga taqqoslab ko‘rdingizmi? Superliga doirasidagi bahslarni kuzatib kelyapsizmi?
- Ligalarni bir-biriga taqqoslash qiyin. Har bir chempionatning o‘ziga yarasha afzallik va qiyinchilik tomonlari bo‘ladi. Savolingizning ikkinchi qismiga o‘tsam, “Paxtakor”ning boshqa raqiblardan ancha ustun ekanligini ko‘ryapman. E’tiborlisi, bu klub eng yaqin ta’qibchisini ochkolar borasida katta farq bilan ortda qoldiryapti. Superligadagi boshqa ishtirokchilar esa bir-birlarini bemalol yutishlari mumkin. Pro ligada ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda. Biz aksariyat uchrashuvlarni g‘alaba bilan tamomlagan holda Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini muddatidan oldin uddalay oldik. Bu kishini xursand qilmasdan qolmaydi, albatta. Pro ligada chindan ham to‘p surish oson emas. Misol uchun, so‘nggi pog‘onada borayotgan “Sho‘rtan”ni osonlik bilan engishning iloji yo‘q.
- Aytishlariga qaraganda, xizmatingizga Superliga ishtirokchilaridan qiziqish bo‘layotgan ekan. Sir bo‘lmasa, sizga qiziqayotgan klublar kimlar ekanligini aytib bera olasizmi?
- Ayni paytda menga qiziqish bilan qarayotgan klublar yo‘q. Yuqorida aytganimdek, oldin Ilhom Mo‘minjonov “Navbahor”da ishlagan mahalda meni qo‘l ostidagi shogirdlari qatorida ko‘rishni xohlagandi. “Nasaf” haqida ham boya gapirib o‘tdim. Aynan “Navbahor” bilan “Nasaf” menga aniq takliflar bilan murojaat qilgandi. Ro‘ziqul Berdiev boshchiligidagi “Nasaf”ning katta klub ekanligini, Qarshining futbol shahri hisoblanishini keyinchalik bilganman. Ammo o‘shanda men qaror qabul qilib bo‘lgandim. Hozircha bu xususida gapirishga erta. Chunki birinchilik poyoniga etgani yo‘q. Boz ustiga keyingi yili jamoalarning byudjeti qancha bo‘lishini hech kim bilmaydi. Negaki, aksariyat klublar davlat ixtiyorida. Hozircha “Neftchi”daman, xizmatimga boshqa jamoadan qiziqish bildirilganicha yo‘q. Butun fikru zikrim shu jamoa bilan bog‘liq bo‘lib, mashg‘ulotlarda maksimum darajada ishlayapman. Transfer oynasi ochilishiga esa hali ancha bor. Unga qadar esa ishlashda davom etaveraman. Keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
- Adashmasam, “Neftchi” bilan bir yillik shartnoma tuzgansiz va u nihoyasiga etyapti. Klub sizga yangi shartnoma taklif qildimi?
- Bu savolingizga qisman yuqorida javob berib o‘tdim. Shuning uchun yana aytilgan gaplarni takrorlash to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Avvalo, joriy mavsumni oxiriga etkazib olaylik, eng asosiysi, sog‘ligim joyida bo‘lsin. Shunda qolgan ishlar o‘z-o‘zidan yurishaveradi. Albatta, bundan keyin ham “Neftchi”da qolish variantim yo‘q emas. Lekin bu xususida muzokara o‘tkazishga hali bor.
- Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani uchun futbolchilarga qanday bonus va’da qilingan?
- Bonus haqida bilmayman. Hammasi individual darajada hal qilinsa kerak.
- Bizda serbiyalik legionerlar boshqalarga nisbatan ko‘proq. Ularning orasida do‘stlaringiz bormi?
- Ko‘pchilikni yaxshi taniyman. “Neftchi”dagi murabbiy Aleksandr Stojmirovich, Darko Stanoevich, Aleksandr Eshichni oldin ham bilardim. Shuningdek, “Nasaf”da to‘p surayotgan Adrian Kaluderovich bilan 2014 yildan beri bir-birimizni yaxshi taniymiz. Yana shu klubdagi Marko Stanoevichni ham bilaman. “Paxtakor”dagi Dragan Cheranni aytishim mumkin. Ko‘pchiligini ancha-muncha yaxshi bilaman.
- Faoliyatingiz qanday shakllangan? Ilgari ham chempionat to‘purari bo‘lganmisiz?
- Futbolga kirib kelishim “Zemun”dan boshlangan. Keyinchalik “Partizan”ning o‘smirlar jamoasida o‘ynaganman. U erda eng yaxshi to‘purarga aylandim. So‘ngra, meni turli yosh toifalardagi terma jamoalarga jalb eta boshlashgan. Keyinchalik faoliyatimni Belgiyada davom ettirib, yuqorida aytganimdek, u erda quyi ligada o‘ynab hisobimga 10 ta gol yozib qo‘ygancha klubning yuqoriga ko‘tarilishiga yordamlashganman. Keyin Bosniya chempionatida to‘rt yarim yil to‘p surdim. U erda 116 uchrashuvda maydonga tushib hisobimga 40 ta gol yozib qo‘ygancha yomon natija qayd etganim yo‘q. Taqdir shamoli so‘ngra meni Rossiya tomoni uchirdi. Faoliyatim davomida Belarus, Qozog‘iston kabi chempionatlarda o‘ynadim. Ko‘proq elitada jon saqlash uchun kurash olib boradigan klublar safida o‘ynashimga to‘g‘ri keldi.
- Agar Ro‘ziqul Berdiev sizni yana “Nasaf”ga chaqiradigan bo‘lsa, bu safar qanday yo‘l tutasiz?
- Agar Ro‘ziqul Berdiev chaqiradigan bo‘lsa, albatta o‘ylab ko‘raman. Biroq hozircha bunday taklifni olganimcha yo‘q. Ertaga nima bo‘lishini hech kim oldindan bilmaydi. Agar “Nasaf”dan taklif olsam, albatta bu klubga ko‘chib o‘tgan bo‘lardim. Chunki uning katta klub hisoblanishini keyinchalik bildim. Bilasizmi, ilgari O‘zbekistonga kelishdan biroz hadiksirab Qozog‘iston variantini tanlagandim. Lekin O‘zbekistondagi shart-sharoitlar Qozog‘istondagiga nisbatan ancha yaxshiligini ko‘ryapman. Bu erda maydonlar holati ancha yaxshi. Ishlar muayyan tizim asosida va eng asosiysi, yuqori darajada tashkil qilinadi. VAR tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonda sun’iy qoplamali maydonni deyarli ko‘rmadim. Qozog‘istonda esa bunday maydonlar ancha ko‘p edi. O‘zbekistondagi maydonlarda jarohat olish ehtimoli kamroq bo‘ladi. Hatto, pro ligada ishtirokchilariga qarashli maydonlar holati ham havas qilsa arziydigan darajada. Shuning hisobiga futbolchi o‘zining eng yaxshi o‘yinini namoyish eta olishi mumkin. Garchi pro liga bo‘lsa ham ushbu birinchilikda raqiblar ancha jiddiy. Ularning ustidan osonlikcha g‘alaba qozonib bo‘lmaydi.
Fikrlar