
"Manchester Siti" Kanselo uchun "Barsa"dan qancha so‘ramoqda?
"Barselona" "Manchester Siti"ning 30 yoshli o‘ng qanot himoyachisi Joau Kanseloni sotib olmoqchi va uning transferi uchun 20 million evro taklif qilmoqda. Bu haqda Manchester Evening News xabar bermoqda.
Manbaning xabariga ko‘ra, agar Kataloniya klubi 25 million evrolik taklif bilan chiqsa, "shaharliklar" portugaliyalik futbolchi bilan xayrlashishga tayyor. Ta’kidlanishicha, "Manchester Siti" o‘zi so‘ragan summani to‘lashga qodir bo‘lgan Italiya jamoalariga ham Kanseloning xizmatlarini taklif qilgan.
Portugaliyalik himoyachi o‘tgan mavsumni "Barselona"da ijara asosida o‘tkazgan edi. U kataloniyaliklar safida barcha musobaqalarda 42 ta o‘yinda qatnashib, to‘rtta gol urgan va beshta golli uzatmani amalga oshirgan. Futbolchining ingliz klubi bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar tuzilgan. Transfermarkt portalida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 25 million evroni tashkil qiladi.
Fikrlar