
Legionerimizga “Sevilya”da o‘ynagan futbolchi ustozlik qiladi
Joriy mavsumda Qozog‘iston Premer-ligasi g‘olibligi uchun kurashayotgan “Qayrat” jamoaga yangi bosh murabbiy olib kelishga qaror qildi.
Meta-ratings.kz saytining yozishicha, klub rahbariyati jamoani “Zenit” va “Sevilya”ning sobiq futbolchisi Aleksandr Kerjakov boshqarishini istayapti.
Rossiyalik mutaxassis ilgari “Nijniy Novgorod” va Serbiyaning “Spartak” (Subotitsa) jamoalarida bosh murabbiy sifatida ishlagan. Shuningdek, iste’dodli mutaxassis “Sevilya” klubida murabbiylik ishi bo‘yicha malakasini oshirgan.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari joriy mavsumda “Qayrat”ga ham muxlislik qilmoqda. Chunki bu jamoada O‘zbekiston yoshlar va milliy terma jamoalariga nomzod chap qanot himoyachisi Ibrohimxalil yo‘ldoshev to‘p tepmoqda.
23 yoshli futbolchimizning transfer huquqi “Nijniy Novgorod”ga tegishli. Ibrohimxalil bu jamoani Aleksandr Kerjakov boshqarganida tarkibdagi asosiy figuralardan bo‘lgan. Biroq “Nijniy Novgorod” boshqaruvini Sergey Yuran o‘z qo‘liga olganidan keyin o‘zbekistonlik legionerga etarli darajada e’tibor qaratmadi.
Yo‘ldoshev muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun qishki transferlar vaqtida “Qayrat” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Qozog‘iston klubi legionerimizni keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan bir yilga ijaraga oldi.
Hozir Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Qayrat”ning asosiy himoyachilaridan hisoblanadi va muntazam boshlang‘ich tarkibga maydonga tushmoqda.
Qozoq klubi ayni paytda Aleksandr Kerjakov bilan hamkorlik shartnomasini muhokama qilmoqda. “Qayrat” rossiyalik mutaxassisga uzoq yillik shartnoma taklif etyapti.
Kerjakov hamyurtimizning imkoniyatlarini yaxshi biladi va unga ishonchi baland ekanini “Nijniy Novgorod”dagi faoliyatidan ma’lum.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev yaqinda Qatarda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi Osiyo kubogida qatnashib, terma jamoamizning Parij Olimpiadasiga yo‘llanma olishiga katta hissa qo‘shdi.
Osiyo vitse-chempioni bo‘lgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi mamlakat futboli tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlarida to‘p tepadi. Bir necha oydan keyin boshlanadigan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida “Qayrat” himoyachisining ham ishtirok etish ehtimoli juda yuqori.
Fikrlar