
Kurash: Germaniyada Prezident sovrini uchun xalqaro turnir o‘tkazildi
Xabar berganimizdek, Germaniyaning Frankfurt-Mayn shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro turnir zo‘r muvaffaqiyat bilan yakunlandi.
"Ko‘hna qit’a"ning 20 dan oshiq davlatidan polvonlar ishtirok etgan ushbu musobaqada erkaklar +81 kg vazn toifasida, ayollar +63 kg.da umumiy mukofot jamg‘armasi 10 ming evro bo‘lgan turnir g‘olibligi uchun kurash olib borishdi. Azaliy qadriyatlarimiz targ‘iboti, milliy sportimiz kurashning xalqaro rivoji yo‘lida muhim sport tadbiri bo‘lgan ushbu musobaqaning tantanali ochilish marosimida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Evropa kurash konfederatsiyasi, O‘zbekiston va Germaniya kurash federatsiyasi vakillari, Germaniyada faoliyat yuritayotgan bir qator davlatlarning diplomatik korpus vakillari ishtirok etib, O‘zbek sportining jozibasidan, kurash usullaridan bahra olishdi, sportchilarga murosasiz bellashuvlarda omad tilashdi.
Nufuzli turnirda kurash vatani bo‘lgan O‘zbekiston polvonlari bellashuvlar yakunida sovrinli o‘rinlar bilan kifoyalanganligi Evropada ham O‘zbek sporti kurash hadisini olgan sportchilar soni ortib borayotganligini ko‘rsatdi.
"Kurash bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda o‘tadigan har bir turnir bu, milliy sport turimizning, u orqali an’ana va qadriyatldarimizning targ‘ibotida, ommaviylashuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Germaniyada tashkil etilgan musobaqa jarayonida bir qator uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirildi, hakam va murabbiylar uchun seminar tashkil qilindi. Yuzdan oshiq yoshlarga kurash bo‘yicha master-klasslar ko‘rsatildi", -deydi O‘zbekiston kurash federatsiyasi mutaxassisi Sirojiddin Choriev.
Bevosita bellashuvlar haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, +63 kg.li polvon qizlar bahsida polshalik Sandra Liskin saralashlarda raqiblarini mag‘lub etgan holda, yarim finalda hamyurtimiz Gulasal Haydarovani engib finalga yo‘l oldi. Ikkinchi yarim finalda esa Latviya vakilasi Gedutite Zubavi Siene ruminiyalik Lorena Podleniskiyni mag‘lub etib, ushbu vaznda oltin medalga asosiy da’vogar ekanligini ko‘rsatdi. Biroq, final kurashida polshalik sportchi qiz raqibasiga imkon qoldirmadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qizlar o‘rtasidagi bosh sovriniga ega chiqdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada Serbiya, Slovakiya, Germaniya va mamlakatimiz kurashchilari yarim final ostonasigacha etib kelishdi. Hal qiluvchi kurash serbiyalik Aleksandr Kolobik va hamyurtimiz Shoxrux Usmonov o‘rtasida o‘tdi.
Yurtimiz sharafini himoya qilgan Shoxrux Usmonov O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati kumush medal sohibi ekanligi ham murosasiz bellashuvda yordam bermadi. Teng kurashlar ostidagi bahsda omad Serbiya polvoni Kolobikka kulib boqdi va u erkaklar o‘rtasida musobaqaning bosh sovriniga ega chiqdi.
O‘z vaznlarida 1-o‘rinni egallagan sportchilar 2500, 2-o‘rin sohiblari 1500 va 3-o‘rindan joy olgan kurashchilar 500 evro miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Natijalar esa qo‘yidagicha:
Ayollar +63kg
1. Liskin Sandra (Polsha);
2. Gedutite Zubavi Siene (Latviya);
3. Lorena Podleniskiy (Ruminiya);
3.Haydarova Gulasal (O‘zbekiston).
+81 kg (erkaklar)
1. Kolobik Aleksandra (Serbiya);
2. Usmonov Shohruh (O‘zbekiston);
3. Jonata Martin (Slovakiya);
3.Goldhammer Jan Niklos (Germaniya).
Fikrlar