
Klubning menga bo‘lgan e’tibori va ishonchi katta - legionerimiz ikki yillik shartnomaga imzo chekdi
Osiyoning turli mamlakatlarida o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Chetda to‘p surayotgan har bir hamyurtimiz haqidagi yangiliklar bizni bee’tibor qoldirmaydi.
Misol uchun Indoneziya chempionatida ham o‘zbekistonlik legioner Javlon Guseynov faoliyat olib boryapti. U yaqingacha ham yurtimizda shug‘ullanib yurgandi. Keyin esa Indoneziyaga jo‘nab ketdi.
Ilgari ushbu o‘yinchining “Borneo” jamoasi bilan kelishuvga erishganligi xususida yozgandik. Chunki Guseynov oxirgi ikki yilni ushbu jamoa safida o‘tkazgan. Nihoyat, hamyurtimiz o‘z klubi bilan rasman shartnoma tuzganini ma’lum qildi va bu borada sports.uzga shunday dedi:
- “Borneo” bilan shartnomaga ikkilanmasdan qo‘l qo‘ydim. Negaki, meni bu jamoada hamma narsa qoniqtiryapti. Sharoitlar, moliyaviy holat, hammasi a’lo darajada. Klub rahbarlari hamda murabbiylarining menga bo‘lgan e’tibori va ishonchi ham katta. Shu sababli ularning taklifini xursandchilik bilan qabul qildim. “Borneo” klubi tomonidan menga mavsum tugamasidan oldinoq shartnomani uzaytirish bo‘yicha taklif bilan chiqishgandi, - dedi futbolchi.
Ko‘rinib turibdiki, futbolchimizni hamma narsa qoniqtiryapti. Shuning uchun “Borneo”dan boshqa joyga ketish haqida o‘ylamagan. Aslida Guseynovning oldida yana boshqa takliflar bormidi?
- To‘g‘ri, menga boshqa takliflar ham bo‘ldi. Ayniqsa, Malayziya va Bangladesh chempionatlaridan qiziqishlar bor edi. Lekin boya aytganimdek, “Borneo” bilan o‘tgan yil yakunlanmasidan avval hammasini kelishib olganimiz uchun boshqa takliflarni ko‘rib chiqmadim va rad javobini berishimga to‘g‘ri keldi, - deya munosabat bildirdi, Javlon
Legionerimizning u erda faoliyati chakki emas. Har xolda u klubining etakchilaridan biri. Guseynovga ishonch kattaligi uchun ham shartnomani yana ikki yilga cho‘zishdi. Agar jamoaga nafi tegmaganida Javlon bilan xayrlashgan bo‘lardi. Ammo vaziyat bunday emas.
- Indoneziyada 2019 va 2020 yilgi mavsumlarni o‘tkazdim. Yana ikki yil to‘p sursam, hammasi bo‘lib to‘rt yil faoliyat olib borgan bo‘laman. To‘g‘ri, qaerda bo‘lishingizdan qat’iy nazar legioner bo‘lib o‘ynash oson emas. Nima uchun Indoneziyada to‘p surayotganimga kelsak, bu erda ko‘p narsa meni qoniqtiryapti. Futbolga bo‘lgan e’tibor ham yaxshi darajada. Bir so‘z bilan aytsam, “Borneo”da to‘p surish o‘zimga yoqyapti.
O‘tgan yili mavsumni yomon boshlamagandik. Ammo keyin pandemiya bo‘lib chempionat tugatilmasdan qolib ketdi. Endi yangi mavsum boshlanadi. Jamoamizning maqsadi OFK Kubogiga chiqish. Indoneziyada Osiyo Chempionlar ligasi uchun pley-off bahsidan o‘tiladi. Ya’ni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma yo‘q. 21 martda Kubok bahslari boshlanadi. Bizning bu mavsumdan umidimiz katta, - deya fikr bildirdi, hamyurtimiz.
Fikrlar