
"Klub direktori Xyuistra masalasida men bilan maslahatlashgandi" yoxud legionerimiz klubini o‘zgartirganiga nima sabab bo‘lganini bilasizmi?
Anchadan beri Indoneziya chempionatida to‘p surib kelayotgan hamyurtimiz Javlon Guseynov yaqinda klubini o‘zgartirdi. “Borneo”da samarali faoliyat olib bordi va jamoa sardori sifatida muxlislarning mehrini qozondi.
Sports.uz muxbiri legionerimiz bilan bog‘landi va dastlab klubini o‘zgartirganiga nima sabab bo‘lgani to‘g‘risida gapirdi.
- Ketishimga sabab, shartnoma muddati tugagandi. Chunki ikki yil oldin shartnomani uzaytirgan paytimda chempionatimiz O‘zbekistonnikiga o‘xshab bir yil davomida bo‘lardi. Shuning uchun kelishuv yanvar oyigacha edi. Ikki yil oldin koviddan so‘ng chempionat Evropaga o‘xshab ikki yil davomida bo‘ladigan bo‘ldi. Birinchi davradan so‘ng shartnomam tugadi. “Borneo”da braziliyalik murabbiy ishlardi. U menejerga men bilan shartnomani uzaytirishni xohlamadi. Minimum shartnomani olti oygacha cho‘zish kerak. Shu masala bo‘yicha klubimni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Lekin “Borneo”da 4 yil davomida to‘p surib, u erdagi faoliyatimdan xursandman. Hamma muxlislar, jamoadagilar rahmat aytishdi. Yaxshi nom qoldirib ketdim, desam bo‘ladi, - dedi Guseynov.
Javlon e’tiborini boshqa klubga qaratgan. Shuning uchun hamyurtimiz yangi jamoasi haqida shunday dedi:
- Yangi jamoam – “Persita Tangara” o‘rtamiyonalardan biri. O‘z oldiga u qadar katta maqsadlar qo‘ymaydi. O‘zimizdagi “Metallurg” va shunga o‘xshash jamoalarga o‘xshagan. Lekin asosiysi, Jakarta shahriga yaqin. Sharoitlari yaxshi. Hozircha shartnomam mavsum oxirigacha. Mart oyida cho‘zish yo cho‘zmaslikni gaplashib, hal qilamiz.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, “Borneo”da muhim o‘yinchilardan biri bo‘ldi. Etakchilikni o‘z qo‘liga ham olgandi. Ammo murabbiy uning o‘rnida boshqasini ko‘rishni xohladi. Xo‘sh, Guseynovning bosh murabbiy bilan munosabati qanday edi?
- 4 yil davomida “Borneo”da o‘ynagan bo‘lsam, 7-8 nafar murabbiyning qo‘li ostida o‘ynadim. Hech qaysi biri bilan kelishmovchilikka bormaganmiz. Birgina mahalliy murabbiy bilan biroz janjallashib qolgandik. Qolgan hammasi bilan munosabatim yaxshi bo‘lgan. Braziliyalik mutaxassis bilan ham yomon emasdi. Faqat agentlar o‘z o‘yinchilarini tiqishni yaxshi ko‘rishadi. Bu murabbiyni agenti bor. U tinmay braziliyalik futbolchilarni olib keladi. Mening o‘rnimga o‘sha erdan himoyachini chaqirishdi. Ular ketishimni asosiy sababi qilib, menga chap oyoqda o‘ynay oladigan markaziy himoyachi olib kelmoqchimiz deyishdi. Bu kulguli va yosh bolaning bahonasi bo‘ldi. Braziliyalik himoyachi Belarus chempionatidan keldi. Saviyasi pastligidan hozir zaxirada o‘tiribdi, - deya fikr bildirdi, legionerimiz.
Yaqinda “Borneo” jamoasiga bosh murabbiy sifatida muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan Piter Xyuistra taklif qilindi va u erda ish boshladi. “Paxtakor”ning sobiq ustozi “Borneo”ga kelishidan avval Javlon bilan bu masalada gaplashganmi? Hamyurtimizning javobini eshitamiz.
- Yanvar oyi boshida shartnomam tugagan. Lekin 17 yanvargacha shug‘ullanib turdim. U paytda klubda braziliyalik murabbiy ishlardi. Fevral oyi o‘rtalarida ishdan ketdi. Piter Xyuistraning kelishi bo‘yicha aslida braziliyalik mutaxassis ish boshlashidan avval klub direktori men bilan maslahatlashgandi. O‘zbekistonda ishlagan ekan, qanday murabbiy deb so‘ragan. Xyuistra 2014 va 2015 yillari Indoneziya U-20 terma jamoasida texnik direktor bo‘lib ishlagan. Shuning uchun Indoneziya uning uchun yangilik emas. Piter Xyuistrani o‘zingiz ham bilasizku, yaxshi murabbiy. Bunga natijalari ham aytib turibdi. “Borneo”ga yordam berarmikin, ko‘ramiz.
Javlonga yana qanday takliflar bo‘lgandi? O‘zbekistonga ham qaytmoqchimidi? Hamyurtimiz shunday dedi:
- Noyabr oylarida Malayziyada transfer oynasi ochilganida u erdan bitta klubdan taklif kelgan. U paytda meni o‘z jamoam bilan shartnomam bo‘lgani uchun bir to‘xtamga kelmagandik. “Borneo” ham o‘shanda shartnomani cho‘zishimiz mumkin degandi. Shu bois boshqa jamoa bilan to‘liq muzokaraga kirishmagandim. Boshqa davlatlardan qiziqishlar bo‘lmagan. Qolaversa, transfer oynasi ham yopiq edi. O‘zbekistonga qaytish varianti ham bor edi. Biroq Indoneziyadan taklif chiqib qolgani o‘zimga qulayroq bo‘lgani uchun yana shu erda qolishga qaror qildim. Chempionat oxirida yana variantlar chiqsa, qolishga harakat qilaman.
Javlon Guseynov “Borneo”dagi faoliyati davomida nimaga erishdi yoki nimalarni yutdi?
- Jamoam bilan qandaydir sovrin yutmagan bo‘lsam ham asosiy yutuqlarimdan biri muxlislarning hurmatini qozonganim deb o‘ylayman. Indoneziya futbolida oz-moz bo‘lsa ham nom qoldirdim, deb o‘ylayman. Chunki bu erda futbolni yaxshi ko‘rishadi va ko‘cha-kuyda yoki boshqa joyda yurganimda rasmga tushish, dastxat olishga intilishlaridan ham qanday e’tibor va munosabatda ekanliklarini bilsa bo‘ladi. Muhimi, ishqibozlarning hurmatini qozondim.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar