
Karvon og‘ir, yo‘l uzoq... "Dinamo"ning maqsadlari haqida
O‘tgan mavsum muxlislarini ranjitgan holda Superligani tark etgan “Dinamo” bu yil pro-ligada ishtirok etib, yana hammasini qaytadan boshlamoqchi. Lekin yuz bergan pandemiya samarqandliklarning ham rejalarini o‘zgartirib yubordi.
Tabiiyki, hozircha bu musobaqa qachon boshlanishi noma’lum. Asosiy vazifasi Superligaga qaytish bo‘lgan “Dinamo”ning menejeri Ilhom Sharipov hozirgi vaziyatdan chiqish yo‘llarini o‘ylab qo‘ygan. Uning fikrlari sizni ham befarq qoldirmaydi.
Karantindan ortiqcha vazn bilan qaytganlar jazolanadi
- Jamoamizda jismoniy tayyorgarlikka mas’ul Rafael Balasanyan bor, - deya gap boshladi Sharipov. - Bosh murabbiy Tachmurod Agamurodov qanday ko‘rsatmalar asosida shug‘ullanish kerakligi yuzasidan dastur bergan. Karantinda Balasanyan futbolchilarga yuklama berishni boshladi. O‘yinchilar bilan doimiy ravishda aloqadamiz. Ular uyda mashq bajarishyapti. Bilasizmi, professional futbolchi, albatta mashg‘ulotlarni bekamu-ko‘st o‘tashi kerak. Biz ularga ishonyapmiz. Qachondir ularni yig‘amiz va o‘shanda futbolchilarimizda professionalizm qay darajada ekani ko‘rinadi. Agar kimdir o‘z ustida ishlamagan bo‘lsa, ortiqcha vazn bilan keladi. Bunday paytda biz ana shunday o‘yinchilarni jarimaga tortamiz. Hammasi professionalligini ko‘rsatishi kerak. Tushunamiz, bunday paytda o‘yinchilarga ham og‘ir. Baribir uy sharoitida sport formasini yo‘qotishi tabiiy. Ammo imkon qadar ular uchun kerakli ko‘rsatmalar berib borilyapti.
“Dinamo” PFLga qanday taklif bilan chiqmoqchi?
- Kuni kecha bo‘lgan onlayn yig‘ilishda pro-liga masalasi ko‘tarildi. Endi musobaqa o‘tkazish formati o‘zgarishi aniq. Bu masalada bizdan maslahat so‘rashyapti. Klublar o‘z takliflari bilan chiqishdi. Masalan, “Sho‘rtan” ham o‘z taklifini bildirdi. Vodiy viloyatlari hozircha qizil hududda. Farg‘onaning o‘zida to‘rtta jamoa bor. Toshkent va vodiy jamoalarini bir joyga yig‘ib, o‘yinlarni o‘tkazsa ham bo‘ladi. Bu tomondagi jamoalar - “Dinamo”, “Zomin”, “Xorazm” va “Sho‘rtan” esa Qashqadaryoda o‘ynashi mumkin.
Mana shunday qilib pro-ligani boshlasa ham bo‘ladi. Ammo bir jamoaning ma’lum muddatga boshqa viloyatga borib o‘ynashi va boshqa tashkiliy masalalarga puli etadimi? Bu ham muammoli vaziyat. Lekin bir ilojini qilib, pro-ligani boshlash kerak. Bizning taklif ham ikki guruhga bo‘linib, qaysidir viloyatda musobaqani o‘tkazishdan iborat. Chempionatga ruxsat berilgan taqdirda ham Samarqand qizil hududga kiritilgani bois bu erga hech qaysi jamoa kela olmaydi. Biz esa Farg‘onaga bormaymiz. Shunday ekan, ikkita guruhga bo‘linib, Toshkent va Qashqadaryoda o‘ynab tursak bo‘ladi.
Har bir jamoaning tayyorgarligi uchun kamida 14 kun vaqt talab etiladi. Agar hukumatimiz ruxsat bersa, har bir klub o‘z bazasida izolyatsiya qilingan holda hech qaerga chiqmasdan shug‘ullanardi. Bu orqali musobaqagacha sport formasini tiklab olish mumkin.
Bizning takliflarimizdan yana biri muxlislar bilan bog‘liq. Biz kim uchun o‘ynaymiz? Tabiiyki, ishqibozlar uchun. Albatta, muxlislarsiz o‘ynash futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir qiladi. Biz pro-liganing barcha o‘yinlarini “Sport” telekanali orqali efirga uzatilishini xohlaymiz. Jamoalar ikkita guruhga bo‘linib, ikkita viloyatda o‘ynasa, uchrashuvlarni efirga uzatish ham osonroq kechadi.
Klubning moliyaviy holati haqida
- Bizda ham moliyaviy ahvol og‘ir. Biroq asta-sekin qarzlarimiz yopilyapti. Hokimiyatni ham tushunamiz. Shunga qaramay, yordam berishyapti. “Dinamo”da shundayki, futbolchilar katta oylik maosh olmasligi mumkin, ammo hammasi to‘lanadi. Shuning uchun bizda pulimni bermadi, qabilida yozdi-chizdilar yo‘q.
“Nasaf”dan Alisher Yusupov “Dinamo”ga taklif etildi
- Jamoadan sakkiz nafar o‘yinchi ketgan. Lekin o‘tgan yilgi tarkibning 75 foizini saqlab qolganmiz. “Nasaf”, “Mash’al” singari jamoalardan “Dinamo”ni kuchaytira oladigan o‘yinchilarni oldik. Ishonamanki, ushbu tarkib bilan biz Superligaga qaytamiz. “Sho‘rtan”dan Avaz Agalievni qaytardik. “Nasaf”da to‘p surgan Alisher Yusupov bilan ham shartnoma tuzdik. Shuningdek, afrikalik legioner Faysal Traore ham jamoamizda shug‘ullanib yurgandi. Ammo hali ham uni hujjati etib kelmagan. Uning masalasi biroz muammo tug‘dirishi mumkin. Har bir legionerni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun PFLga 50 million so‘m pul o‘tkazish kerak. Faraz qilaylik, pulni to‘lasag-u, ammo chempionat boshlanmasa?! Shuning uchun hozircha legioner masalasi to‘xtab turibdi.
Maqsad o‘zgarmagan...
- Pandemiyami yoki boshqami, har qanday holatda ham “Dinamo”ning maqsadi bitta – Superligaga qaytish! Shuning uchun hokimiyat Tachmurod Agamurodovni ham jamoada qoldirgan. Jamoamizning ushbu murabbiy bilan Superligaga chiqishini istashyapti. Bizda bundan boshqa vazifa yo‘q.
Fikrlar
Darajada kuchaymasa bu hanham yetmaganday 2-davrada umuman uynau
uynamay quysa biz muxlislarni ham eshtib bizni ham uylaydiganlar bor degan umiddamiz.