
Ro‘ziqul Berdiev: "Chempionlik cho‘ntagimizda bor, bu bizga xotirjamlik taqdim etadi"
“Nasaf” klubi o‘z maydonida voha derbisida “Sho‘rtan”ni qabul qildi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdan so‘ng “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Tabrik uchun rahmat. Muxlislarimizni ham g‘alaba bilan tabriklayman. Ba’zida autsayderga qarshi o‘ynaganingda ruhiy tayyorgarlik etarlicha bo‘lmaydi. Chunki yigitlarga qanchalik uqtirmaylik, ularda o‘yinga bo‘lgan ishtiyoq baribir kam bo‘lishi mumkin. Buni birinchi bo‘limda ko‘rdinglar. “Sho‘rtan” jamoasi 5-4-1 sxemasi bo‘yicha himoyalanganida yorib o‘tishimiz qiyin bo‘ldi. O‘yinchilarga tushuntirdik, vaziyat yaratishimiz, sabr qilishimiz kerak edi. Birinchi goldan keyin o‘yin biz tarafga o‘tib ketdi. Kerakli g‘alabani qo‘lga kiritdik.
- Javohir Siddiqov, Oybek Bozorov kabi futbolchilar maydonda ko‘rinmadi. Ularni jarohati bormidi?
- Qanotlarda tezkor o‘yinchilarni kiritishimiz kerak edi. O‘yinga tezkorlik qo‘shishimiz lozim edi. Shuni hisobga olib, Sherzod bilan Zafarni tushirdik va menimcha ular vazifani yaxshi bajarishdi. Bu uchrashuvga yo‘qotishlar bor edi. Oybek Farg‘onada jarohat oldi. Uni davolashiga yana 3-4 kun kerak bo‘ladi. Javohirda ham kichkina jarohat bor.
- Yangi olingan legionerlarni darajasini qanday baholaysiz?
- Ikki kun biz bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. Ularni jismoniy holati, o‘yin amaliyoti kam. Bu narsa ko‘rinib turibdi. Asta-sekinlik bilan optimal formaga chiqarishga harakat qilamiz.
- Golban 85-daqiqada maydonga tushdi. Jamoadoshi charchab qolgani uchunmi yoki...
- Uzun to‘plar bilan o‘ynashga o‘tdik. Sardorni jarohati borligi uchun Igorni o‘yinga qo‘ydik.
- Oldinda OChL o‘yinlari bor. “Nasaf” chempionatida raqiblarini o‘ziga yaqinlashtirib qo‘ydi. Yil oxirida charchoq tufayli peshqadamlikni topshirib qo‘yish qo‘rquvi yo‘qmi?
- Biz xotirjammiz. Imkon qadar 1-o‘rindan tushmaslikka harakat qilamiz. Chempionlik cho‘ntagimizda bor. Bu bizga xotirjamlik taqdim etadi. Bu narsani saqlab qolishimiz kerak. To‘g‘ri, o‘yinlarda ochko yo‘qotdigu, lekin o‘yin tarafdan ikkita raqibdan ham ancha ustunligimizni ko‘rsatdik. Shu bois yigitlarga shu tempda, shu ishtiyoqda harakat qilishimiz kerak. Oldimizda og‘ir mavsum kutib turibdi. Osiyoni eng yaxshi jamoalari bilan o‘ynaymiz. O‘sha paytga kelib yaxshi bo‘lishga harakat qilamiz. Kuchli klublarni bizga raqib bo‘lgani jamoamiz uchun ham, muxlislarimiz uchun ham katta qiziqish bo‘ladi. Tayyorgarligimiz, o‘yinga bo‘lgan ishtiyoqimiz o‘zgacha bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Yangi futbolchilarga moslashishi uchun vaqt kerak. Ularni “nasaf”chi deb his qilishlari uchun qancha vaqt kerak?
- Qo‘shilganiga oz muddat bo‘ldi. Biz ko‘p o‘yinchilarni ko‘rib chiqqandik. Oxiri ularga to‘xtaldik. Jamoa o‘yiniga singdirishga harakat qilamiz. Jamoaviy o‘yinni yaxshi tashkil qilishimiz kerak bo‘ladi. Individual harakat bilan balki hech kimni mag‘lub eta olmasdirmiz, faqat jamoaviy o‘yin kerak bo‘ladi. Shuning uchun yangilarni ham tezroq jamoaviy o‘yinimizga singdirishga harakat qilamiz.
- Keyingi turdagi “Surxon” bilan uchrashuvdan nimalar kutyapsiz?
- Har bir uchrashuvga jiddiy yondashamiz. Ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Termizdagi bahsda ham maksimal harakat qilamiz. Raqobatbardosh jamoalar yaqinlashib kelyapti. Ochkolarni yig‘ishimiz kerak. Chempionatimizni ko‘ryapsizlar, har bir joyda jiddiy yondashmasak, tekis yo‘lda ochkolarni yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin.
Fikrlar