
"Jamoada nimadir qilish kerak edi, lekin bosh murabbiy o‘zgarishini kutmagandik". "Turon" etakchilaridan biri klubdagi vaziyat bo‘yicha yana nimalarni gapirdi?
“Turon” klubida yaqinda bosh murabbiy o‘zgargani haqida saytimiz orqali xabar berdik. Oxirgi marta “Qo‘qon-1912” klubini boshqargan Baxtiyor Ashurmatov endi “Turon” jamoasini boshqaradigan bo‘ldi.
Pro ligada favoritlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan “Turon” mavsumni yaxshi boshladi va ancha muddat 1-o‘rinni hech kimga bermay kelayotgandi. Biroq “Andijon” jamoasi o‘z o‘yinini yanada kuchaytirdi. “Turon” esa aksiga olib natijalarini biroz pasaytirdi. Shuning evaziga yaypanliklar 2-o‘ringa tushib qoldi va endilikda “Andijon”dan 8 ochkoga ortda qolyapti.
Tabiiyki, Baxtiyor Ashurmatov oldida qolgan 6 ta o‘yinda jamoani Superligaga qaytarish vazifasi turibdi. Jamoa etakchilaridan biri Xushnud Avilov yangi murabbiy bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Turon” klubiga Baxtiyor Ashurmatovning bosh murabbiy bo‘lib kelishi sizlar uchun kutilmagan holat bo‘ldimi?
- Ha, albatta. Bu biz uchun kutilmagan hol bo‘ldi. 7 oy davomida Anvar aka Berdiev bilan ishlagandik. Ammo oxirgi paytlarda yaxshi o‘yinlar va natijalar bo‘lmayotgandi. Jamoada nimadir qilish kerak edi. Lekin bosh murabbiy o‘zgartirilishini kutmagandik.
- Baxtiyor Ashurmatovning kelishini ilk bor qachon eshitdingiz?
- Bu xabarni klubda yig‘ilish bo‘lgan kuni eshitdim. Unga qadar bu xususida xabarim yo‘q edi.
- "Andijon" raqiblaridan ancha ilgarilab ketdi. Nima deb o‘ylaysiz, 1-o‘rin bandmi va endi qolgan klublar 2-yo‘llanma uchun kurashishadimi?
- Yo‘q, bunday deb o‘ylamayman. To‘g‘ri, “Andijon” jamoasi 1-o‘rinda ketmoqda va shunga yarasha yaxshi o‘yin namoyish qilmoqda. Biroq hali 100 foiz aniq emas, deb o‘ylayman.
- Baxtiyor Ashurmatov bilan tanishuv qanday bo‘ldi va ishni nimadan boshladi?
- Bosh murabbiy bilan birinchi kuni tanishuv bo‘ldi, jamoa a’zolari bilan yaqindan tanishib chiqdi va darhol mashg‘ulotlarni boshladi. Xudoga shukr, hozircha hammasi yaxshi.
- Mashg‘ulotlarda qandaydir o‘zgarishlarni sezyapsizmi?
- Albatta. Barcha murabbiyni o‘z uslubi va taktikasi bor. Hozircha mashg‘ulotimiz 70 foizga o‘zgargan.
- Nega “Turon” oxirgi paytlarda yutolmayapti? Jamoaga nima bo‘ldi?
- Jamoada hozirgi kunda juda ko‘p jaroatlar bor. Shu sabab o‘yinlarda o‘zgarishlar bo‘lyapti.
- "Buxoro" “Turon”ga juda yaqin kelib qoldi. Shunday ekan, ayni paytda "Turon"ning asosiy raqobatchisi "Buxoro"mi?
- Hozirda “Turon”ning raqobatchisi beshtalikdagi barcha jamoalar. Nimagaki, hamma bir-biriga yaqin, katta farq yo‘q. Shuning uchun barcha jamoani raqobatchi deb o‘ylayman.
- Sobiq jamoangiz "Andijon" "Buxoro"ni yana mag‘lub etdi va Superliga tomon katta qadam tashladi. Ushbu o‘yinni ko‘rdingizmi, qanday taaassurot qoldirdi?
- “Andijon” jamoasidan ketganimdan beri birorta o‘yinni o‘tkazib yubormasdan ko‘rib boryapman. Lekin “Buxoro”ga qarshi uchrashuvini ko‘ra olmadim. O‘sha payt bizda mashg‘ulot vaqti bo‘lib qolgandi. Ammo Yutub orqali uchrashuvni ko‘rdim. Hozirda “Andijon” 12 kishi bilan o‘yinga chiqyapti. Ya’ni, muxlislari jamoani juda zo‘r qo‘llab-quvvatlayapti.
- Pro ligada siz uchun eng xavfli hujumchi kim?
- Humoyun Murtazoev bilan Farhod Sohibjonov.
Fikrlar