Jahongir Mehmonov - sardorlik bog‘ichidan ayrilishi, Kanchelskisning ketishi, Jurjevichning kelishi...

  • 17 avgust, 2019, 11:42
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Mavsumni barqaror o‘tkazishi hamda sovrindorlar qatoridan joy olishi kutilgan “Navbahor” jamoasi ayni payda ketma-ket ochkolarni yo‘qotgan holda o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadidan tobora uzoqlashib ketmoqda. Ayniqsa, murabbiy almashganidan keyingi natijalar salbiy tus olmoqda. Bundan esa namanganlik muxlislar qattiq ranjishmoqda. Shuningdek, jamoa etakchisi va sardori bo‘lib o‘ynab kelgan himoyachi Jahongir Mehmonov oxirgi uchrashuvlarda maydonga tushmayapti. Buning ustiga yaqinda undan sardorlik bog‘ichi ham olib qo‘yildi va rossiyalik Igor Golbanga topshirildi. Ko‘rinib turibdiki, jamoada nimadir bo‘lgan va qandaydir o‘zgarishlar kiritildi. Lekin hozircha “Navbahor”ning natijalari ijobiylikdan darak bermayapti. Namangan futboli tarbiyalanuvchisi Jahongir Mehmonov esa bir necha yildan beri “Navbahor” uchun to‘p surib kelmoqda. Muxlislar esa ushbu o‘yinchini hurmat qilishadi. Lekin doim hammasi bir tekisda ketavermaydi. Klubning hozirgi muvaffaqiyatsiz o‘yinlari, yuz bergan o‘zgarishlar haqida esa “Navbahor”da o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Mehmonov bilan ochiq tarzda muloqot o‘tkazdik. Qolaversa, uning sardorlik bog‘ichidan nima uchun mahrum bo‘lganini bilish ham biz uchun qiziq edi. Shu bois ushbu o‘yinchi bilan muloqotimiz ancha jonli tarzda kechdi.

Tecno

“Navbahor” kuchsizlanib qoldi”

“Navbahor” o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadigan klub. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, futbolda g‘alaba bilan mag‘lubiyat doim yonma-yon yuradi. Biroq oxirgi paytlarda “Navbahor” klubi ruhiy o‘raga tushib qoldi va bundan chiqib keta olmayapti. Bu borada esa jamoa etakchisi – Jahongir Mehmonovning fikrlari bilan qiziqdik.

- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, biz birinchi davraga qaraganda biroz kuchsizlanib qoldik, - deb gap boshladi, Mehmonov. - Chunki bizda selektsiya ishlari yaxshi bo‘lmadi. “Navbahor”ni kuchaytiradigan o‘yinchi olingani yo‘q. Selektsiyada yoshlarga ko‘proq e’tibor berildi. Natijada pro-ligada o‘ynagan va hattoki, pro-ligada to‘p surmagan yigitlar ham jamoamizda bor. Faqat ular namanganlik bo‘lgani uchun ko‘proq e’tibor qaratildi. Ular hali Superliga darajasida o‘ynashmagan. Aytmoqchimanki, jamoamizga kelgan o‘yinchilarga bu darajaga etishishi uchun hali vaqt kerak. Xullas, ketganlarning o‘rnini ko‘proq yoshlar bilan to‘ldirdik. Shuning hisobiga oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erisha olmayapmiz. Tarkibni yanada kuchaytirishning o‘rniga yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratib qo‘ydik. Mag‘lubiyatlarni ham shu sabab tufayli deb o‘ylayman.

“Kanchelskisga ishlash uchun ko‘p vaqt berilmadi”

Klubda yangi murabbiy ish boshladi. Ammo har qanday murabbiyning ish uslubiga moslashishda ham ma’lum vaqt talab etiladi. Albatta, hozirgi murabbiy Deyan Jurjevich ham “Navbahor”ni g‘alabalar sari etaklab borishga harakat qilyapti. Biroq uning jamoani o‘zi istagan darajada qura olishida qiyinchiliklar bo‘layotgani ko‘rinib turibdi. Mehmonov esa yangi murabbiyning taktikalariga moslashish qanchalik qiyinchilik tug‘dirayotgani haqida gapirdi.

- Murabbiy jamoamizga yaqindagina keldi. U haqida hozir biror nima aytishim qiyin. Biz Jurjevich boshchiligida texnik va taktik futbolga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz. Har qanday murabbiy kelib, jamoani birdaniga o‘zgartirib yubora olmaydi. Masalan, Andrey Kanchelskisga ham ishlash uchun ko‘p vaqt berishgani yo‘q. Natija bo‘lmagach, uni ishdan olib tashlashdi. O‘rniga esa Deyan Jurjevichni olib kelishdi. Lekin ko‘rinib turibdiki, unga ham vaqt kerak. Aslida esa har bir murabbiyga o‘zining o‘yin uslubini moslashtirib olishi uchun vaqt talab etiladi. Kimdir kelib turib, bir-ikki oyda hech nimani o‘zgartirib yubora olmaydi. Shuni aytishim kerakki, etakchi jamoa bo‘lishi uchun bitta murabbiy bilan kamida ikki yil birga ishlashimiz lozim. Shuningdek, futbolchilar ham kamida ikki yil bir jamoada to‘p surishlari kerak. Shundan keyingina “Paxtakor” va “Lokomotiv” singari kuchli jamoaga aylanishimiz mumkin, deya munosabat bildirdi, Jahongir.

mehmonov4

“Jismoniy tomondan ancha tiklanib olgandik”

Mehmonov Kanchelskisga ishlash uchun ko‘p vaqt berilmagani haqida to‘g‘ri gapirdi. Ko‘pchilik uchun ushbu mutaxassisning iste’foga chiqarilishi kutilmagan yangilik bo‘lgandi. Uning ishdan ketishi esa shoshma-shosharlik tufayli yuz bergani haqida aytilmoqda. Balki u ishini davom ettirayotganida “Navbahor” hozirgidek ruhiy o‘raga tushib qolmagan bo‘larmidi? Har holda o‘z maydonidagi o‘yinlarda yutayotganini muxlislar ko‘rishayotgan bo‘larmidi? Ushbu masala bo‘yicha ham futbolchining fikrlarini eshitdik.

- Jamoa mag‘lubiyatga uchrasa, nafaqat muxlislar, balki mutaxassislar ham murabbiy almashtirishda shoshilishdi, deya gapirishadi. Kerak bo‘lsa, hatto o‘zimiz ham shunaqa deb o‘ylaymiz. Lekin Kanchelskis paytida ham shunday mag‘lubiyatlar bo‘layotganda, hammada boshqacha fikrlar paydo bo‘lgan bo‘lardi. Bu – futbol. Futbolda kim yutadi, kim yutqazadi, hech kim bilmaydi. Axir kuchli jamoa ham oxirgi o‘rindagi klubga yutqazib qo‘yishi mumkin. “Lokomotiv” kuchli klub. Ammo ular ham “Surxon” va “So‘g‘diyona” kabi jamoalarga yutqazib qo‘yishdi. Shu bois bu masalada bir narsa deyishim qiyin. Lekin, albatta, Andrey Kanchelskis yaxshi mutaxassis va unga vaqt kerak edi. Uning davrida biz jismoniy tomondan ancha tiklanib olgandik.

“Jurjevich boshqacharoq uslubni qo‘llayapti”

Mehmonovning fikrlariga qo‘shimcha qilib shuni aytishimiz mumkinki, Kanchelskis davrida “Navbahor” ijrosida haqiqiy futbolni ko‘rayotgandik. Hujumkor, muxlislarga yoqadigan o‘yin namoyish etilayotgani sababli ishqibozlarda ishonch uyg‘ongandi. Lekin murabbiy ketgach, jamoaning o‘yini buzildi. Ko‘rinib turibdiki, bu o‘zgarish futbolchilarga ham ta’sir qilgandek...

- Albatta, biz bitta murabbiyga endi moslashib borayotgandik, - deya mavzuni davom ettirdi futbolchi. – Boya aytganimdek, bitta murabbiy kelib, hech qachon hamma narsani o‘zgartirib yubora olmaydi. Bilasizmi, Kanchelskis xohlayotgan futbolni biz endi-endi tushunib, uni o‘zimizda moslashtirib borayotgandik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, hujumkor futbol ko‘rsatayotgandik. Bilasiz, har bir murabbiyning o‘ziga yarasha o‘yin uslubi bor. Jurjevich esa boshqacharoq o‘yin uslubini qo‘llayapti. Endi esa bizga yangi murabbiy xohlagan o‘yinni ko‘rsata olishimiz uchun yana vaqt kerak bo‘lyapti. Chempionat qizg‘in davom etayotgan paytda bunday o‘zgarishlarga qo‘l urish aslida noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Ko‘ryapsiz-ku, yana vaqt o‘tib ketyapti. Hozir murabbiyning o‘yin uslubini sinaydigan mashg‘ulot jarayoni emas.

mehmonov2222

“Futbolchilar o‘rtasidagi muhit a’lo darajada”

“Navbahor” garchi o‘z oldiga jiddiy maqsad qo‘ygan bo‘lsa-da, chempionat o‘rtasida yangi murabbiyni olib keldi va Jahongir aytib o‘tganidek, endi uning uslubiga moslashib olish uchun ham vaqt kerak bo‘lyapti. Lekin shu bilan birga klub qimmatli vaqtlarni ham yo‘qotyapti va buning ortidan o‘yinlarni boy bermoqda. Ko‘rinib turibdiki, hozircha murabbiy almashtirilishi faqat “Navbahor”ning ziyoniga ishlamoqda. Qiziq, bunday jarayonda jamoadagi muhit qanday? Bunga futbolchi shunday dedi:

- Albatta, men ham fikringizga qo‘shilaman. Agar jamoa yutqazsa har taraflama ayb qidiriladi. Bunday holat nafaqat “Navbahor”da, balki har qanday jamoada bor. Agar yutaversangiz hech kim o‘sha jamoadan hech nimani qidirmaydi. Bu bor gap. Muhit haqida gapiradigan bo‘lsam, boshqa hech kimni qo‘shmasdan faqat futbolchilarning o‘zini e’tiborga olsam, bizda muhit yaxshi. Futbolchilar bir-birini hurmat qiladi va qo‘llab-quvvatlashadi. O‘z o‘rnida bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerakki, bungacha jamoamizda Dilshod Jabborov o‘ynab ketdi va jamoamiz sardori edi. Undan ko‘p narsa o‘rgandik. Ayniqsa, jamoani qanday birlashtirish kerak, qanday hamjihat bo‘lish haqida undan ko‘p narsalarni o‘rganganmiz. Shu bois “Navbahor”da o‘yinchilarning o‘zaro munosabati, e’tibori joyida. Bu borada gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Jamoamizga qo‘shilgan yangi yigitlar ham asta-sekin qo‘shilib ketishyapti.

“MYu”ning o‘yinlarini ko‘rsatib, uslublarini o‘rgatayotgandi”

Shuningdek, Jahongir Mehmonovdan Kanchelskis bilan Jurjevichning bir-biridan farq qiladigan tomonlari haqida ham so‘raganimizda quyidagicha javob berdi.

- Hozir ikkalasi haqida biror nima deyishim qiyin. Masalan, Jurjevich haqida hali ko‘p ishlaganimiz yo‘q. Ayniqsa, men hozircha yangi murabbiy boshchiligida doim ham o‘ynamayapman. Mana, bu turni ham o‘tkazib yubordim. Boya aytganimdek, serbiyalik mutaxassis texnik va taktik futbolga ko‘p e’tibor beradi. Kanchelskis paytida esa jismoniy tayyorgarlikka katta e’tibor berilardi va biz o‘sha paytda asosan hujumkor futbol ko‘rsatardik. Qaysidir ma’noda biz inglizcha futbol uslubini qo‘llayotgandik. Chunki Kanchelskis biz bilan ishlash jarayonida turli xil viedoroliklar va “Manchester Yunayted”ning o‘yinlarini ko‘rsatardi. Bu orqali bizga qanday qilib tezkor o‘ynash kerakligini, qanday qilib hujumkorlikka o‘tishni o‘rgatardi va biz ham uning nimani xohlayotganini endi-endi tushunib kelayotgandik. Murabbiy “Manchester Yunayted”da ishlangan va qo‘llangan uslublarni bizga ham ishlatayotgandi.

“Sardorlik bog‘ichi? Buni rahbarlar xohlashdi”

Yaqinda klubda yig‘ilish bo‘ldi va unga ko‘ra sardorlik bog‘ichi Jahongir Mehmonovdan olib qo‘yilib, rossiyalik legioner Igor Golbanga berildi. Bu holat ham biroz kutilmagan holat bo‘ldi. Shu bois Mehmonovdan bu masala bo‘yicha izoh so‘radik.

- Bu narsaga izoh bera olmayman. Buni rahbariyat hal qilgan. Balki buning o‘ziga yarasha sabablari bordir. Balki o‘z maydonimizdagi mag‘lubiyatlar va safardagi durangdan keyin jamoada nimanidir o‘zgartirish kerak bo‘lib qolgandir. Ochig‘i, sababini bilmayman. Bunday bo‘lishini rahbariyat xohladi va men ularning ra’yiga qarshi chiqmayman.

mehmonov j_1

“Men uchun eng kuchli narsa – ota-onamning duosi”

Shu bilan birga eshitishimizga qaraganda, “Navbahor”ning o‘z uyida “Qizilqum”ga yutqazganidan keyin buning asosiy aybdorlaridan biri sifatida Mehmonov ko‘rsatib o‘tilgan va shu bois undan sardorlik bog‘ichi olib qo‘yilgan bo‘lishi ham mumkin. Buning qanchalik haqiqatga mosligini bilish uchun yana futbolchiga yuzlandik.

- Boya aytganimdek, yutqazilgandan keyin har tomonlama ayb qidiriladi. Balki qaerdadir biz ham xato qilgandirmiz. Beayb Parvargidor. Lekin qo‘yilgan ayblovlar va gap-so‘zlar noto‘g‘ri. Avvalambor, Xudoning oldida yuzim yorug‘. Hech qachon jamoamga yomonlik tilab maydonga tushmaganman va bunday bo‘lmaydi ham. Menga ota-onam bunday tarbiya berishmagan. Men oddiy oilaning farzandiman. Hammasiga o‘zim qiynalib erishganman. Hech kim qo‘limdan etaklamagan. Hattoki, dadam ham qo‘limdan ushlab stadionga olib chiqib, futbolchi bo‘lasan demagan. Ha, futbolchi bo‘lishimni xohlagan, lekin qo‘lingdan kelsa o‘ynasa, bo‘lmasa o‘zing bilasan degandi. Aytmoqchimanki, ota-onamning va Parvardigorning oldida yuzim yorug‘. Meni bilgan odam biladi, bilmagani esa bilmaydi. Qolganlarga tushuntirishim shart emas. Men uchun eng kuchli narsa – bu ota-onamning duosi. Men ularning duolari orqali shu darajaga erishdim. Boya aytganimdek, hech kim menga yordam bermagan. Menga qo‘yilgan ayblovlar esa mutlaqo noo‘rin. To‘g‘risi, bunday ayblovlar mening ko‘nglimga sig‘madi. Bungacha menda jarohatlar bor edi va o‘sha jarohatlarim bilan o‘ynab yurgandim. Shu bahona jarohatlarimni davolatyapman.

“Hamma birdam bo‘ladigan bo‘lsa, “Navbahor”ni birov “sindira” olmaydi”

E’tibor bersangiz, Mehmonov o‘ziga ayblovlar qo‘yilganini va buni rad etganini aytmoqda. Qiziq, unga qanday ayblovlar qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.  Bunga uning o‘zi shunday dedi:

- Yuqorida aytdim, bizga kuchaytirish o‘rniga, quyi ligalardan yosh o‘yinchilarni olib kelishdi. To‘g‘ri, bunda futbolchilarning aybi yo‘q, chunki ularni taklif qilishdi. Lekin mening fikrimcha, ular bilan Superligada munosib o‘yin ko‘rsatish qiyin. Oldingi o‘yinchilar bilan o‘ynaganimizda kimning qaerga ochilishini va nima qilishini bilardik. Bir-birimizni yaxshi tushunarlik. Hali Superligada to‘p surmagan futbolchilar esa bu erga kelgach, qaerga ochilishni, to‘pni qaerda qabul qilib olish yoki qaerga uzatishni yaxshi bilmasliklari mumkin. Chunki ular hali Superliga havosini o‘ziga singdirishmagan. Shuning hisobiga bizga qiyin bo‘ldi. Bungacha jamoa sardori bo‘lganim uchun men ko‘p narsaga javobgar bo‘laman, balki shuning evaziga meni aybdor deb aytishgandir. Lekin mana, AGMKga qarshi uchrashuvda ham ishtirok etmadim. Afsuski, jamoamiz yana mag‘lubiyatga uchradi. To‘g‘risi, o‘yin davomida imkoniyatlarimiz ko‘p bo‘lyapti. Yakkama-yakkaga chiqishdi, penaltidan ham foydalana olmayapmiz. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Mana, mensiz ham jamoa mag‘lubiyatga uchradi. Qiziq, endi kimni aybdor qilishadi? Lekin futbolda hech qachon bitta o‘yinchi aybdor bo‘lmaydi. Futbol jamoaviy o‘yin. Maydonda 11 nafar o‘yinchi o‘ynaydi. Hattoki, stadion qorovuli ham chin dildan jamoaning yutishini xohlashi kerak. Hamma bir xilda bo‘lib, bir oila bo‘lishi darkor. Hamma birdam bo‘ladigan bo‘lsa, “Navbahor”ni birov “sindira” olmaydi.

“Balki poezd ketib bo‘lgandir, ammo oxirigacha kurashamiz”

Maqsadi jiddiy bo‘lgan “Navbahor”da keyinchalik voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. Jamoa uchun poezd ketib bo‘ldi, degan fikrlarga Mehmonov qanday qaraydi?

- Vaziyatga real qarash kerak, bizga qiyin. Qolaversa, oldimizda og‘ir uchrashuvlar kutib turibdi. Balki poezd ketib bo‘lgandir. Lekin hech qachon boshni egib, qo‘lni siltab tushirish kerak emas. Biz kurashishda davom etishimiz kerak. Maqsadingizga erishish har qancha qiyin bo‘lmasin inson kurashishdan to‘xtab qolmasligi lozim. Shuning uchun bo‘lmay qoldi-ku, deya hammasini tashlab qo‘ymaymiz va oxirigacha harakat qilamiz.

FB_IMG_1565971775059

“Oston O‘runovning ketishini istamagandik, ammo buni o‘zi xohladi”

Shuningdek, “Navbahor”da o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Oston O‘runovning “Lokomotiv”ga o‘tib ketishi ham namanganliklar uchun yo‘qotishga aylangani bor gap. Balki jamoaga uning o‘yinlari etishmayotgandir. Bu masalada sobiq sardor o‘z fikrlarini aytdi.

- Futbolchi iqtidorli bo‘lsa, uni har bir jamoa o‘z safida ko‘rishni xohlaydi. Oston O‘runov ham iste’dodli bo‘lgani uchun yosh bo‘lishiga qaramasdan “Navbahor”da yaxshi o‘ynab, muxlislarining ishonchini qozondi. Lekin mavsum boshida biroz uning o‘yinlari “o‘xshamadi”, ruhiy tomondan ham qiynaldi. Shuning uchun jamoani almashtirishga qaror qildi. Lekin u bilan aloqadamiz. Keyingi yili “Navbahor”ga qaytish istagi bor, chunki u “Navbahor”ni yaxshi ko‘radi va hozirgacha bu jamoaning muxlisi. Faqat bu yil Ostonning o‘zi ham muhitni o‘zgartirib ko‘rishga qaror qildi. Albatta, biz ham uni ruhlantirishga va qo‘llab-quvvatlashga harakat qildik, ketishini istamagandik.

“Kanchelskis yangi jamoasiga men bilan Azim Ahmedovni taklif qilishini aytdi”

Shuningdek, undan Andrey Kanchelskis bilan gaplashib turibsizmi, deganimda ha, deya yana quyidagilarni qo‘shimcha qildi.

- Albatta, ketishidan oldin ham ancha suhbatlashdik. Agar boshqa jamoa oladigan bo‘lsam, sen bilan Azim Ahmedovni taklif qilaman deya kulishib, gaplashib o‘tirdik. Futbolchi har bir murabbiydan ko‘p narsa o‘rganishi mumkin. Ayniqsa, Kanchelskisning odamgarchiligi juda yoqqandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
izzat.karimov
17/08/2019 12:18
Базида уйлаб қоламан Навбаҳорни салкам 40 йилик мухлистиман доим бировлар ҳоҳламайди чемпион бўлишини или юқори мансабдорлар или футбол раҳбарлари. Навбаҳорга ҳартомонлама қаршилик қилиб келинган олдинги сиёсатда ҳалқ кўп жамо Навбаҳор 6 ўриндан юқорига чиқарилмасин ҳалқ озроқ тўплансин дийишган. Ҳозир Навбаҳор давлат бужетига яҳшигина пул тушим қилияпти кучайтирилсин ҳалқни пулини кўпроқ банкларга киритилсин дейилса. Футбол раҳбарлигига ички ишлар ҳодимидан раҳбар келди Навбаҳорга нимадир бўлди эскича уйлайдиган раҳбарлар футбол тепасига келганда. Яна пасайтиришни уйлаб қолдими Навбаҳорни. Наманганда футбол раҳбарлиега яҳши номзодхам ёқ футболни яҳши кўриш бошқа уни бошқариш бошқа. Хоким Навбаҳорни бошқарадиган яҳши номзод Канчельскис Жамо бошлиғи қилиб қуйиш кере. Бош мурабий Журжич бўлган тақтирдахам Навбаҳорда ишлаяпкан қолган раҳбарларга жавоб бериб юборсин Бобоевахам.
&
Ramzis ll
17/08/2019 13:02
Juda ham to'g'ri fikr.
Абдусамат Жураев
17/08/2019 13:50
Канчелский кетишига карор килганларга минг рахмат сабр килиш керак эди озгина сабр керак эди мана бабани така сокол укаси нима киляпти
Ruslan Ruslanovich
17/08/2019 23:07
Канчельскисни кайтарила илтимоооос
&
Фан
17/08/2019 16:02
Пешкадам Пахтакор жамоасидан нари борса 9-10 очко фарк учун кучли ва иктидорли мураббий Канчелискис ишдан олинди, Журжевич олиб келинди.
Хозир орадаги фарк етиб булмас даражага я'ни 22 очкога етди лекин бу холат хеч кимни ташвишга солмаяпти.
Бундан шундай хулоса чикариш мумкинки, демак Навбахорга умуман Узбек футболига тугри суз, чурткесар, бетгачопар, пахта куйишни билмидигон, хакикатчи, дангалчи булган кучли мураббий керак эмас экан.
Бизга куймижоз, мулойимсупурги, хуп булади, пахта, рахбарларбоп(кучсиз булса хам)мураббийлар керак экан.
Хозирги Жоржевич айнан УФА боп мураббийдир.
Уйлашимча у хали Узбек футболида яна узок йиллар фаолият юритиб футболимиз ривожига(рахбарлар тинчлигига)уз хиссасини кушади.
&
Ahadhon
17/08/2019 16:36
Fikringiz.100.tug'ri.