
Italiya jurnalistlari Shomurodovning super o‘yiniga qanday baho berdi?
“Venetsiya” va “Roma” uchrashuvini tahlil qilayotgan Italiya jurnalistlari o‘zbek futbolchisi Eldor Shomurodovning o‘yiniga alohida e’tibor qaratdi. Darhaqiqat, Eldor o‘zi gol urish va Temmi Araxamga gol oshirishdan tashqari bir necha xavfli hujumlar uyushtirib berdi.
Agar angliyalik futbol yulduzi va Stefan El-Shaaravi Eldorning aqlli paslarini Serxio Romero qo‘riqlayotgan darvozaga aniq joylay olganida hisob rimliklar foydasiga hal bo‘lardi. Lekin 2:3 hisobidagi mag‘lubiyat, Shomurodovning yorqin o‘yiniga soya solmaydi.
Italiya futbolini yoritishga ixtisoslashgan mashhur nashr www.calciomercato.com sayti jurnalistlari uchrashuv tahlilini o‘tkazib, har bir o‘yinchining xatti-harakatlarini baholab chiqdi. Demak, “Roma” futbolchilari bahosi bilan tanishamiz.
Ruy Patrisiu, 6.5 ball
Aslida uchta gol o‘tkazganiga qaramay, portugaliyalik darvozabon qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymadi. Kiritilgan to‘plar esa raqib futbolchilarining mahorati samarasidir. Yana bir necha vaziyatlarda Ruy Patrisiu ishonchli o‘ynaganini ta’kidlash lozim.
Rojer Ibanes, 5 ball
“Roma”ning zaif himoyasidagi eng yaxshi o‘yinchi. Rojer uchta himoyachili taktikaga tez ko‘nib oldi, birinchi bo‘limda raqib hujumlarini bartaraf etdi. O‘yinning ikkinchi yarmida esa himoyadagi sheriklari bilan birga himoyani ushlab qola olmadi.
Marash Kumbulla, 4.5 ball
Alban himoyachisining bo‘sh o‘yini raqibning 2:3 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Janluka Manchini, 4.5 ball
Uch himoyachi bilan o‘ynash katta jismoniy kuch talab qiladi. Manchini o‘yin o‘qish va raqibni to‘xtatishda adashib qoldi. Birinchi golda Janluka kerak bo‘lmagan fol ishlatdi. Okerekning golida o‘yindan tashqari holatni yuzaga keltira olmadi.
Jordan Veretu, 5 ball
Frantsiyalik yarim himoyachining oddiy va befoyda o‘yinini ko‘rdik.
Brayan Kristante, 5 ball
Himoya chizig‘idan biroz oldinda tanqid va maqtovsiz o‘ynagan Kristante Kumbulla zaxiraga olinganidan keyin ortga qaytarildi. Biroq, himoyada ishonchli turib bergani yo‘q.
Rik Karsdrop, 5 ball
Bu futbolchi yangi taktik sxemaga moslasha olmadi. Ikkinchi taymda oldinga o‘tganiga qaramay, zarbalari noaniq bo‘ldi.
Lorentso Pellegrini, 6 ball
O‘zining ustunligi bilan “Roma”ni qutqarmoqchi bo‘ldi. Biroq bu gal buni uddalay olmadi.
Stefan El-Shaaravi, 5.5 ball
“Roma”ning hujumdagi harakatlarida faol harakat qildi, lekin raqibni jazolay olmadi. Eldor Shomurodov oshirgan qulay pasni darvozaga joylashni eplay olmadi. Bellashuvning ikkinchi yarmida ko‘proq orqaroqda o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.
Temmi Abraxam, 7 ball
Shomurodovga gol urish uchun imkon yaratdi. O‘zi ham Eldorning super uzatmasini Romero darvozasiga mixlab qo‘ydi. U o‘z ishini uddaladi. Qolganlarchi?
Eldor Shomurodov, 7 ball
Shomurodov golsiz seriyasiga barham berdi. Golli pas oshirdi. Bir necha marta xavfli vaziyatlar yaratdi. “Jenoa” davridagidek yorqin o‘ynadi. Bu futbolchidan ko‘p narsa kutish mumkin.
Joze Mourino, 4.5 ball
Oxirgi paytda qayd etilayotgan natijalar xavotirga sabab bo‘lyapti. Ikkinchi bo‘lim oldidan 2:1 hisobida oldinda borib, qanday qilib past reytingli jamoaga yutqazib qo‘yish mumkin.
Fikrlar