Ilhom Alijonov: "Buni eshitish yoqimli"

  • 17 may, 2024, 08:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi joriy mavsumni har qachongidan ko‘tarinki hamda muvaffaqiyatli o‘tkazayotganini barcha ko‘rib turibdi. Ular o‘tgan turda Farg‘onada 2:2 hisobida durang o‘ynagandilar. Bu safar esa o‘z uyida “Metallurg”ni qabul qiladilar.

Tecno

Bir necha yildan beri “Andijon” sharafini himoya qilib kelayotgan Ilhom Alijonov esa jarohatidan qutulib yana asosiy tarkibga qayta oldi. Bo‘lajak bellashuv oldidan Alijonov bir qator savollarga javob berdi.

- “Neftchi” bilan o‘yindan keyin “Metallurg”ga qarshi uchrashuv uchun tayyorgarlik qanday davom etyapti? Futbolchilarni kayfiyati qanaqa?

- “Neftchi” bilan o‘yinda jamoamiz juda ko‘p mehnat harakat qildi. 2:0 hisobida oldinda edik, ammo durang bilan tugadi. Shunday bo‘lsa ham jamoamiz “Metallurg” bilan uchrashuvga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu o‘yin o‘z uyimizda, muxlislarimiz ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Yuqori kayfiyatda shug‘ullanyapmiz.

- Jarohatdan keyin yana asosiy tarkibga qayta oldingiz. Hammasi ortda qoldimi? Raqobat qiynab qo‘ymayaptimi?

- Jarohatdan keyin 3-4 ta uchrashuvdan beri asosiy tarkibda maydonga tushyapman. Formaga tushib yana safga qaytish juda qiyin bo‘ldi. Albatta, raqobat kuchli. “Andijon”da o‘tgan yilgiga qaraganda raqobat bu yil yanada kuchaygan. Harakat qilyapmiz, murabbiy ishonch bildiryapti va bu ishonchni oqlashga harakat qilyapmiz.

- “Metallurg”da hali g‘alaba yo‘q. 3 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Bo‘lajak bahs oldidan raqib haqida nima deya olasiz?

- To‘g‘ri aytasiz, “Metallurg” 3 ta durang va 3 ta mag‘lubiyat bilan turibdi. Ochig‘ini aytsam, bunday tarkib bilan o‘zim ham hayronman. “Qizilqum” bilan o‘yinini ko‘rdim. Penaltini urolmadi va birga-bir vaziyatlardan foydalana olisholmadi. 2-3 yildan buyon jamoaning o‘zagi saqlanib turibdi. Bunday tarkib bilan ular yuqoriroqda bo‘lishlari kerak edi. Andijonda ajoyib o‘yin bo‘ladi.

- Siz uchun “Metallurg”dagi xavfli futbolchi kim?

- Individual jihatdan birorta futbolchini ayta olmayman. Ular jamoaviy sifatida yaxshi. Yugurishadi, mehnat qilishadi. Hammasi bir xil darajadagi yaxshi o‘yinchilar.

- O‘tgan yili “Andijon” “Metallurg”ni 5:0 hisobida mag‘lub etgandi. Bu safar qanday natija kutyapsiz?

- Albatta, o‘tgan yili bu raqibni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandik va o‘yinni juda yaxshi boshlagandik. Bu yil hisobni qizig‘i yo‘q, asosiysi, g‘alaba qozonishimizdir. Ikkita uchrashuvdan beri yutolmayapmiz. Shu bois ishqibozlarimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lib, uch ochkoni qo‘lga kiritsak bo‘ldi.

- "Bobur arena" yana fantastik muhit og‘ushida bo‘ladi va o‘yinni ko‘rish uchun taniqli blogerlar ham kelishyapti. Umuman, oxirgi paytlarda xorijlik blogerlar tez-tez “Andijon” o‘yiniga tashrif buyurishyapti. Bu haqida fikringiz qanday?

- Ha, muxlislar “Bobur arena”da ham, boshqa joyga borishganida ham “yondirishyapti”. Ayniqsa, “Bobur arena”da o‘zgacha muhit. Biz bundan faqat motivatsiya olamiz. Muxlislarimiz uchun harakat qilamiz. Eshityapmiz, o‘yinimizga mehmonlar kelishyapti. O‘tgan safar Qozog‘istondan kelishgandi, bu safar yana boshqa joydan kelishyapti. Biz uchun bunday e’tibor bo‘layotgani albatta yaxshi. Futbolimiz, ayniqsa, Andijon futboli o‘sayotganidan darak beradi. Buni eshitish yoqimli. Bizga qancha ko‘p muxlislar kelib qo‘llab-quvvatlashsa shuncha motivatsiya bo‘ladi. “Andijon” ishqibozlari birinchi raqamli. Ular har uchrashuvda yangilik qilishyapti, izlanishyapti. Harakatdan to‘xtab qolmayaptilar. Ularga shunchaki qoyil qolish kerak. Bu yil jamoamizni 60 yilligi va ushbu yubileyida yaxshi natija bilan ishqibozlarimizni xursand qilmoqchimiz. Jamoaga kelganimga uch yil bo‘ldi. “Andijon” har bir jabhada, muxlislar bilan ishlash, klub infratuzilmasi, umuman har tomonlama o‘sish bo‘lyapti. Buning uchun rahbariyatga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!