
"Ichki muhit yaxshi emasdi, emagan somsamiz uchun pul to‘ladik, shu bois Evropaga ketdim". "Buxoro"ni tark etib legionerga aylangan futbolchimiz haqida
Buxorolik iqtidor egasi Xurshid Olimov mavsumni “Buxoro” klubida boshlagandi. Biroq ko‘p o‘tmasdan u erda ketishga majbur bo‘ldi.
Ayni chog‘da yarim himoyachi Qrim futbol ittifoqi tasarrufidagi Kerchning “Okean” jamoasi safida to‘p suryapti.
Olimov “Mash’al” akademiyasida tahsil olgan. Keyin “Paxtakor” yoshlar jamoasida to‘p surdi. Shuningdek, omadini Tojikiston chempionatida ham sinab ko‘rdi. O‘zimizni chempionatga qaytgach, “Qizilqum” sharafini himoya qildi va oxirgi marta “Buxoro” uchun o‘ynadi.
Mana, ko‘rib turganingizdek, Xurshid Olimov “Okean” safida o‘ynayapti. Kuni kecha ushbu futbolchi Sports.uz sayti jurnalisti Shuhratbek Jo‘raevning savollariga javob qaytardi.
- Xurshid, faoliyatingizni legioner sifatida chetda davom ettiryapsiz. Aslida hammasi qanday yuz berdi?
- “Buxoro”da shug‘ullanib yurganimda chetdan ayrim takliflar bo‘ldi. Armaniston, Qirg‘iziston va hozirgi “Okean” klubidan qiziqish bor edi. Men esa shu klubni tanlashga qaror qildim va faoliyatimni shu erda olib boryapman.
- "Buxoro"da to‘p surib kelayotgandingiz. Legionerga aylanish oldindan rejangizda bormidi yoki barchasi kutilmaganda yuz berdimi?
- “Buxoro” klubida men uchun o‘yin amaliyoti kam bo‘lgani sababli birinchi davrani o‘zidayoq maslahatlashib legionerga aylanishni xohlagandim.
- Nega aynan “Okean” klubini tanladingiz? Boshqa takliflar sizni nimasi bilan qoniqtirmadi?
- Nima desam bo‘ladi? “Okean” jamoasi menga 100 foizlik shartnoma yuborgani uchun shu klubni tanladim. Qirg‘iziston chempionati qanaqaligidan o‘zingizni ham xabaringiz bor. Shu sababli u tomonlar bilan qiziqib o‘tirmadim. Boshqa variantlarda 100 foizlik aniq taklif bo‘lmagani uchun men “Okean”dan tushgan real taklifni qabul qildim.
- Yangi jamoa va yangi chempionat qanday taassurot qoldiryapti? Moslashish qanday kechyapti?
- Jamoamiz yaxshi, yoshlardan tashkil topgan. Chempionat O‘zbekiston birinchiligidan qolishmaydi. Sharoitlari ham zo‘r. Moslashishga keladigan bo‘lsam, boshida ruschani yaxshi bilmagani uchun biroz qiynalaman deb o‘ylagandim. Ammo bu erga kelganimda ahil jamoaligini ko‘rdim va meni o‘zlariga juda iliq qo‘shib oldilar. Hozir barchasi yaxshi, bu erga kelganimdan xursandman.
- U erda asosiy maqsad nima? Murabbiy sizdan qanday foydalanyapti?
- Hozirgi jamoam oldingi yili chempionatda oxirgi o‘rinlardan birini egallagan. Lekin endi vaziyat o‘zgargan. Bu yilgi maqsadimiz chempion bo‘lish. Ayni paytda 3-o‘rindamiz. Murabbiy mendan hujum chizig‘iga qo‘shilishimni hamda hujumlarni boshlashimni aytyapti. Uning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishga harakat qilyapman.
- Nega o‘zimizni chempionatda qolishni xohlamadingiz?
- Albatta, o‘zimizni chempionatda to‘p surishni xohlayman. O‘z uyimizda, yurtimizda va muxlislar oldida o‘ynash hammaga ham yoqsa kerak. Faqat birinchi davrada “Buxoro”da tozalash ishlari olib borildi. Tarkibda yaxshi futbolchilar yig‘ilmaganligi uchun jamoani orqaga tortishdi. Xabaringiz bor, dadam klubda bosh direktor. Shu sababdan men ham jamoadan ketishga majbur bo‘ldim. Bilasiz, odamlar oyoqda emas, tilida yuradi. Har xil gap-so‘zlar...To‘g‘risi, emagan somsamiz uchun pul to‘ladik. Shu bois Evropaga ketishni ma’qul ko‘rdim. O‘zimizda ayrim yoshi katta o‘yinchilar futbol o‘ynagani berishmaydi. Birinchi davrada ichki muhit yaxshi emasdi. Futbolchilar bir-biri bilan unchalik kelisha olmasdi. Albatta, yaxshi o‘yinchilar ham bor edi. Lekin jamoa ikkiga bo‘lingandi. Hozir hammasi yaxshi, klubda bo‘lmasam ham yigitlar bilan gaplashib turaman.
- O‘zingiz aytganingizdek, “Buxoro” tozalandi. Mana shunday ahil jamoada qolish haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi?
- Albatta, “Buxoro”da qolishni xohladim. Hozir yaxshi jamoa yig‘ilgan, o‘yinchilar ahil. Ammo kech qolgandim. U paytda “Buxoro” meni ro‘yxatdan chiqarib bo‘lgandi. Shu bois iloji bo‘lmadi. Ammo “Buxoro” Superligaga chiqsa, shu tarkibdagi yigitlarni yana klubda qolishini istayman.
- Pro ligani kuzatyapsizmi? Intriga siz kutgandekmi va “Buxoro”ning imkoniyatini qanday baholayapsiz?
- Albatta, pro ligadagi barcha uchrashuvlarini kuzatib boraman. Juda ham qiziqarli kechyapti. “Buxoro”ni imkoniyati bor. Qolgan o‘yinlarni yutadigan bo‘lsa, albatta Superligaga chiqadi.
- Darvoqe, “Okean” bilan qancha muddatga shartnoma tuzdingiz?
- “Okean” bilan 1,5 yilga shartnoma tuzganman. Evropa futboliga qiziqqanim uchun ham shu erga kelganman.
Fikrlar