
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev: "Qayrat"da qolmoqchi edim. Ammo..."
O‘tgan yili “Qayrat” tarkibida Qozog‘iston chempionligini qo‘lga kiritgan hamyurtimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev yangi mavsumni Farg‘onaning “Neftchi” klubida boshlaydigan bo‘ldi. Kuni kecha bu xususida “Neftchi” rasmiy xabar ham berdi. Barcha rasmiyatchilik hal bo‘lgach, Yo‘ldoshev Sports.uz jurnalistining savollariga javob qaytardi.
- Ibrohimxalil "Neftchi" klubiga o‘tishingiz haqida oldindan gap-so‘zlar yo‘q emasdi va bu xabar nihoyat tasdiqlandi. Farg‘onaliklar ilk bor qachon taklif bilan chiqishdi va bu chorlovni qabul qilishingizga ko‘proq nima turtki bo‘ldi?
- To‘g‘risini aytsam, menga bu taklif yanvar oyining o‘rtalarida berildi. Vaqt juda kam bo‘lganligi uchun tezroq qaror qabul qilishim kerak edi. Undan oldin esa “Qayrat”dan ketish niyatim yo‘q edi. Bu haqida o‘ylamagandim. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra o‘zimni yana O‘zbekiston chempionatida sinashni xohladim. Yanada o‘yin darajamni ko‘tarib, keyingi yillarga boshqa takliflarni ko‘rib chiqishga qaror qildim.
- "Qayrat"da siz uchun barchasi joyida edi. Mamlakat chempioni bo‘ldingiz. Lekin u erdan ketishingiz to‘g‘rimidi?
- Ha, “Qayrat” klubini ham meni ketkazish niyati yo‘q edi. Men ham avvaliga jamoada qolmoqchi edim. Lekin Qozog‘iston chempionatiga yangi qoidalar kiritildi va legionerlar soni qisqartirildi. Shu sababdan tez va shoshilinch ketishim kerakligi hamda tezkorlik bilan qabul qilish kerak bo‘lgan qarorga aylandi.
- Sir bo‘lmasa, "Neftchi" sizga "Qayrat"dagiga nisbatan yaxshiroq maosh taklif qildimi?
- Rostini aytsam, maosh uchun emas, o‘yin amaliyotimni yanada ko‘paytirish uchun o‘tdim. Maosh esa sir bo‘lib qolsin.
- "Neftchi"ga qanday maqsad bilan keldingiz?
- Maqsad har doim bitta: qaysi jamoaga o‘tishimdan qat’iy nazar vazifam va maqsadim chempionlikni qo‘lga kiritish. Buning uchun bor kuch va hissamni qo‘shmoqchiman.
- Umuman olganda, "Qayrat"dagi bir yillik faoliyatingiz sizda nimasi bilan yodda qoladigan bo‘ldi?
- “Qayrat” men uchun oilamdek bo‘lib qolgan jamoa edi. U erdagi shukuh meni o‘z uyimdek his qildirdi. Bu albatta chempionlik uchun intilish, jamoaviy o‘yin, klubda hamma bir-birini hurmat qilishi, tartib-intizom va chempionlik hissi bilan yodda qoldi. Men uchun bu jamoa faoliyatimdagi yana bir katta yutug‘im.
- Qachondir "Neftchi"ga o‘tishingiz haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
- Yo‘q, hech qachon o‘ylamagandim. Lekin Alloh bizga nimani yozib qo‘yganini bilmaymiz.
- Sizga Superligamizdan yana takliflar bormidi?
- To‘g‘risini aytsam, “Qayrat”dan ketish niyatim bo‘lmagani uchun boshqa takliflar bo‘ldimi-yo‘qmi, agentlardan so‘ramagandim ham. Ketish haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Balki bo‘lgandir, vaqt tig‘iz bo‘lgani uchun menga “Neftchi”ning taklifi ma’qul bo‘ldi.
- Yangi klubda qaysi raqamni tanladingiz?
- 6-raqamni tanladim.
Fikrlar