
Ibrohim G‘anixonov: "Sho‘rtan" darvozaboni menga qo‘ng‘iroq qildi va uzr so‘radi"
Pro liganing 4-turidagi voha derbisida “Mash’al” Muborakda “Sho‘rtan”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Lekin uchrashuvdagi asosiy voqea bahs oxirlarida ro‘y berdi.
“Mash’al” “Sho‘rtan” darvozasiga ikkinchi golni urganidan keyin raqib posboni Sherzod Abduraimov mezbon futbolchisi Ibrohim G‘anixonovga “kalla” qo‘yishi oqibatida uning burnini shikastladi. Natijada qizil kartochka ko‘rsatildi va maydonni tark etdi. Uning ishini O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi ko‘rib chiqmoqda. G‘anixonov esa sog‘ligi va o‘sha voqea bo‘yicha Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Ibrohim, avvalo o‘yin haqida so‘ramoqchiman. Voha derbisi qanday o‘tdi?
- O‘yin juda yaxshi bo‘ldi. Har bir jamoani o‘ziga yarasha qarama-qarshi derbisi bo‘ladi. Bizning derbidagi raqibimiz – “Sho‘rtan” edi va o‘yin jihatidan ustun keldik. Vaziyatlardan foydalandik hamda g‘alabaga erishdik.
- O‘yindagi asosiy voqea siz bilan yuz berdi. O‘sha gol urilgan vaziyatda darvozabon sizga zarba berdi. O‘sha holatda aslida nimalar bo‘ldi?
- Gol urilgan vaziyatdan keyin darvoza ichida golni nishonladik. Darvoazbonni oldida men turgandim. U meni itardi. Keyin yuziga qaraganimdan keyin yuzimga boshi bilan urdi.
- Hozir holatingiz qanday? Shifokorlar qanday tashxis qo‘ydilar?
- Holatim yaxshi. Kichkina jarohat, katta jarohat emas ekan. Xudo xohlasa, keyingi uchrashuvgacha qaytishga harakat qilaman.
- Darvozabon nega bunday qildi? Yoki sizga zarba berishdan avval kandaydir o‘rtalaringda gap-so‘z o‘tdimi?
- Bu – futbol. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Aslida hammasi yaxshi edi. Oramizda hech qanaqa gap-so‘z bo‘lmagandi.
- Darvozabon sizdan uzr so‘radimi yoki...
- U menga qo‘ng‘iroq qildi va uzr so‘radi. O‘zi bilan gaplashib oldik, hammasi joyida.
- O‘sha holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda aylanyapti. Siz ham ko‘rgandirsiz. Videoni ko‘rganingizda o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Ha, videoni ko‘rdim. O‘sha vaziyatdan keyin ham o‘yinni davom ettirmoqchi edim. Shifokorlar ruxsat berishmagach, zaxiraga olindim.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar