Husanovga o‘ta muhim vazifa yuklanadi

  • 8 may, 2024, 19:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Abduqodir Husanov o‘ynayotgan “Lans” joriy mavsumda Frantsiya chempionati sovrindorlari qatoriga kira olmadi. Ayni paytda Frank Xeyz shogirdlarining asosiy vazifasi chempionatni Evrokuboklarga yo‘llanma beradigan o‘rinlarda yakunlashdan iborat.

Frantsiya chempionatida dastlabki olti pog‘onani egallagan jamoalarga kelasi mavsum xalqaro musobaqalarda mamlakat sharafini himoya qilish huquqi beriladi. “Lans” hozircha oltinchi qatordan joy olgan va oxirigacha shu pozitsiyasini ushlab qolishi kerak.

Lansliklar egallab turgan o‘ringa nazariy jihatdan “Renn”, “Marsel” va “Lion” da’vogarlik qilmoqda.

Chempionat yakunlanishiga ikki tur qolganida “Lans”ning asosiy himoyachisi Kevin Danso uzoq muddatga safdan chiqdi. Avstriyalik futbolchi avvalgi turda “Loryan”ga qarshi bahsda shikastlandi va tibbiy ko‘rik tiklanish uchun bir necha hafta zarurligini ko‘rsatdi.

“Lans” faoliyatini yoritib kelayotgan lensois.com sayti bo‘lajak o‘yinlarda Kevin Dansoning yo‘qligini bildirmaslik uchun murabbiylar shtabi qanday yo‘l tutishi to‘g‘ri bo‘lishi haqida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, jamoa muxlislari himoya markazini Abduqodir Husanovga topshirish kerakligini ta’kidlamoqda. Legionerimiz uchun so‘rovnomada qatnashganlarning 72,32 foizi ovoz berdi.

So‘rovnoma natijasi quyidagicha ko‘rinishga ega bo‘ldi:

Abduqodir Husanov 72,32%

To‘rt himoyachi bilan o‘ynash usuliga o‘tish 22,1%

Massadio Xaydara 4,69%

Boshqa futbolchi o‘ynashi kerak 0,89%

Ushbu sayt foydalanuvchilari izohlarda ham Abduqodir Husanovga ishonch bildirish lozimligini so‘rayotgan bor.

Sports.uz portali lanslik muxlislarining legionerimiz haqidagi fikr-mulohazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

Weedomaker:

Men shaxsan Abduqodir Husanovni tavsiya qilaman. Xaydaraning tajribasi katta ekani shubhasiz. Lekin u tabiatan universal emas. Massadio askar, unga qanday ko‘rsatma berilsa, faqat shuni bajaradi. Xatolarga yo‘l qo‘yib turishi ham bor gap.

Husanov yosh, navqiron va haqiqiy universal. Biz unga imkon berishimiz, kelajakda unga ishonayotganimizni ko‘rsatishimiz kerak.  Agar uni asosiy o‘yinchiga aylantira olmasak, katta klublar olishimiz mumkin bo‘lgan daromadning arzimagan qismini berib, Husanovni olib ketadi.

IamMe190691:

So‘rovnoma natijalariga to‘liq qo‘shilaman. Husanov boshlang‘ich tarkibda o‘ynasin.

Fred28:

Husanovning o‘ynashi normal holat. Lekin u ham kerak bo‘lmagan xatolarga yo‘l qo‘yadi. Qo‘pol o‘ynaydi. Unga barqarorlik kerak.

Bonaparte:

Menimcha, Evropaga yo‘llanma beradigan muhim uchrashuvlarga tajribaliroq bo‘lgan Xaydarani qo‘yish kerak. Xusanov o‘zining shiddatli o‘yinini etarli darajada nazorat qila olmasligi mumkin.

“Lans” chempionatdagi oxirgi ikki o‘yinini 11 may kuni safarda “Renn”ga, 18 mayda o‘z maydonida “Monpele”ga qarshi o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsumda Frantsiya chempionatida jami o‘nta uchrashuvda ishtirok etib, to‘rt marotaba sariq kartochka oldi.

Shomurodov nomini tarixga muhrladi

Shomurodov navbatdagi uchrashuvda antiqa rekord o‘rnatadi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!