
Husanov jamoasi Chempionlar ligasi uchun ko‘p gol uradigan hujumchini olyapti
O‘zbekistonlik futbol muxlislari milliy terma jamoamiz himoyachisi Abduqodir Husanov Frantsiyaning “Lans” jamoasiga ko‘chib o‘tganidan keyin Liga 1 o‘yinlarini ham muntazam kuzatib borishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bundan tashqari, Husanov Evropa Chempionlar ligasining yangi mavsumida o‘ynaydigan yagona o‘zbekistonlik charm to‘p ustasi hisoblanadi.
“Lans” rahbariyati jamoa oldiga Frantsiya chempionatida g‘olib chiqish va Evropa Chempionlar ligasida imkon qadar uzoqroqqa borishni vazifa qilib qo‘ygan. Ana shu maqsadda, jamoa tarkibini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirga kelib, tarkib to‘liq shakllanmagan va birinchi navbatda goleador forvardga ehtiyoj kattaligi ko‘rinib turibdi.
Shundan kelib chiqib, Frantsiya vitse-chempioni – “Lans” yozgi transferlar oynasi yopilguniga qadar tarkibini ko‘p gol ura oladigan hujumchi bilan kuchaytirishni maqsad qilgan.
Lansliklar asosiy hujumchi pozitsiyasiga Frantsiya chempionatining boshqa vakili – “Monpele” forvardi Ele Vaini olib kelmoqchi. Bu ma’lumotni taniqli jurnalist Santi Una ham tasdiqladi.
Manbaning ta’kidlashicha, “Lans” o‘z oldiga Evropa Chempionlar ligasida ham muvaffaqiyatli qatnashishni vazifa sifatida qo‘ygan.
Jamoaning milliy birinchilikda ikkinchi o‘rinni olishiga o‘z gollari bilan katta hissa qo‘shgan hujumchi Loi Openda “Leyptsig” jamoasiga transfer qilindi. Bundesliga vakili o‘tgan mavsumda 38 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 21 marotaba ishg‘ol qilgan Openda uchun lansliklarga 38,5 million evro to‘ladi.
“Lans” mutasaddilari “Leyptsig” to‘lagan mablag‘ni Ele Vai transferiga yo‘naltirishni lozim topdi. 20 yoshli hujumchi o‘tgan mavsumda 33 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 19 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga beshta golli pas uzatdi.
“Monpele” frantsiyalik iqtidor egasini 30 million evro atrofida baholamoqda va bu summa “Lans” rahbariyatini to‘liq qoniqtiradi.
Ta’kidlash joizki, Vaiga yana ikki xaridor bor. “Ayntraxt” yosh hujumchi agentlari bilan muzokaralarga kirishgan.
“Vest Xem” esa, Vaini zaxira varianti sifatida kuzatmoqda. “Bolg‘aurarlar” birinchi navbatda “Ayaks”dan Muhammad Qudusni transfer qilmoqchi. Agar bu savdo pishmasa, angliyaliklar “Monpele” eshigini qoqmoqchi.
Shu bois, “Lans” vaqtni cho‘zmasdan imkon qadar Vai transferini tezlashtirishni istayapti.
Eslatib o‘tamiz, “Lans” yozgi transferlar vaqtida o‘z safiga “Bazel”dan Endi Duifni, “Maynts”dan Anjelo Fulginini, “Milonarios”dan Oskar Kortesni, “Parij”dan Morgan Gilavogini, “Nansi”dan Nil Al-Aynauiyni va “Energetik-BGU”dan Abduqodir Husanovni sotib oldi.
“Lans” yangi mavsumni mag‘lubiyat bilan boshlagan edi. Frank Xeyz shogirdlari birinchi turda hisobda oldinda borishiga qaramay, “Brest”dan 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Lansliklar ikkinchi tur o‘yinini o‘z maydonida “Renn”ga qarshi o‘tkazadi. Turning markaziy uchrashuvlaridan biri hisoblangan bu bahs 20 avgust kuni bo‘ladi.
Fikrlar