
Hindiston futbolchilari Osiyo kubogida O‘zbekistonni qanday yutmoqchi?
Qatar mezbonligidagi Osiyo kubogi guruh bosqichida Hindiston milliy terma jamoasi O‘zbekiston futbolchilari bilan birga “V” kvartetidan o‘rin olgan.
Har ikki terma jamoa bo‘lajak uchrashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilmoqda.
Sportni yoritishga ixtisoslashgan worldsportsgallery.com sayti Hindiston terma jamoasining Osiyo chempionatidagi ishtiroki va aynan O‘zbekiston futbolchilari bilan bo‘ladigan ikkinchi tur uchrashuviga e’tibor qaratdi.
Futbol statistikasiga ixtisoslashgan manbalarda, xususan, wikipedia.org saytida bu ikki mamlakat terma jamoalari o‘zaro beshta uchrashuvda qatnashgani qayd etilgan. Shu to‘qnashuvlardan to‘rttasida o‘zbek futbolchilari g‘alaba qozongan va bir uchrashuvda durang qayd etilgan.
Yagona durang – 2:2 hisobi qayd etilgan o‘yin 1997 yili Neru kubogi doirasida o‘tkazilgan bo‘lib, unda mezbonlarning milliy terma jamoasiga qarshi 21 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimizdan tarkib topgan jamoa to‘p tepgani qayd etilgan.
Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi so‘nggi bellashuv 2001 yili Merdeka kubogida yuz bergan va unda markaziy osiyoliklar 2:1 hisobida zafar quchgan. O‘sha xalqaro turnir O‘zbekiston terma jamoasi g‘alabasi bilan yakunlangan.
Hindiston futbolchilari o‘zbekistonliklar bilan 23 yillik tanaffusdan so‘ng endi Osiyo kubogida o‘zaro kuch sinashadi. Hindistonliklar bu gal uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratishga urinib ko‘radi. Chunki ular o‘zbeklar bilan raqobatda hali birorta marta zafar quchmagan.
Bu galgi uchrashuv 18 yanvarga belgilangan. O‘zbekiston milliy terma jamoasida Eldor Shomurodov yo‘qligi bois etakchilikni Jaloliddin Masharipov o‘z zimmasiga oladi. Hindiston terma jamoasida lider vazifasini Sunil Chxetri bajaradi.
FIFA reytingidan kelib chiqsak, Hindiston terma jamoasi O‘zbekistondan ancha ortda qolib ketgan. Hindlar reytingni 102-pog‘onasida qayd etilgan, O‘zbekiston esa 68-qatordan joy olgan.
Ko‘p omillarni hisobga olib, Hindistonni bo‘lajak uchrashuvda juda ko‘p qiyinchiliklar kutib turibdi va ular shunga yarasha tayyorgarlikni puxta qilishi talab etiladi.
Hindiston o‘z tarixida biror marotaba Osiyo kubogini qo‘lga kirita olmagan. Bu terma jamoa besh marta musobaqaning final bosqichiga chiqa olgan.
Hindlar 1964, 1984, 2011, 2019 va 2023 yilga belgilangan Osiyo kuboglariga yo‘llanmani naqd qilgan, - deb yozmoqda worldsportsgallery.com sayti.
Eslatib o‘tamiz, “V” guruhidan bu ikki terma jamoadan tashqari Suriya va Avstraliya futbolchilari ham joy olgan.
Hindiston terma jamoasi 13 yanvarga belgilangan birinchi tur uchrashuvini guruh favoriti sifatida tan olinayotgan Avstraliyaga qarshi o‘tkazadi.
Shu kuni Srechko Katanets boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi suriyalik charm to‘p ustalariga qarshi saf tortadi.
Fikrlar