Havaskor yo‘nalishda eng sovrindor bokschimiz kim ekanligini bilasizmi yoxud uning o‘ziga xos rekordini kim yangilashi mumkin?

  • 27 noyabr, 2019, 16:08
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 1
  • Boks
CHERY AUTO

O‘zbekistonning boks mamlakati ekanligini hozirgi kunda butun dunyo biladi. Ayniqsa, havaskor yo‘nalishda birinchi raqamli ekanligimizni oxirgi yillarda isbotlab kelmoqdamiz. Jumladan, 2016 yilgi Rio Olimpiadasi hamda joriy yildagi Ekaterinburgda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida erishgan muvaffaqiyatlarimiz bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Tecno

Bugun biz bokschilarimizning o‘ziga hos statistikasiga e’tibor qaratib, qay bir yurtdoshimiz, barcha yirik turnirlarda zafar quchganligiga e’tibor qaratdik va buni e’tiboringizga havola etmoqdamiz...

Demak, ayni kunga qadar, bu borada mutloq etakchi, tirik afsona Muhammadqodir Abdullaevdir.

U barcha yirik turnirlarda zafar qucha olgan.

Olimpiada chempioni (2000 yil) , Jahon chempioni (1999 yil), Osiyo chempioni (1997, 1999 yillar), Osiyo o‘yinlari chempioni (1998 yil), Jahon Kubogi g‘olibi (1998 yil)

Muxammadqodir Abdullaevning mazkur o‘ziga hos rekordini yaqin orada kim yangilashi mumkin degan savol tug‘ilishi tabiiy...
Bunga ikkilanmasdan, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Bahodir Jalolov deb aytishimiz mumkin. Qolaversa, Jahon Kubogi ham qaytadan tashkil etilish arafasida. Ma’lumki, ushbu turnir 2008 yildan buyon o‘tkazilmaydi. Bu safga Hasanboy Do‘smatovni ham qo‘shishimiz mumkin. Mabodo, AIBA vazn toifasini 10 taga qaytaradigan bo‘lsa, bunda Hasanboyning yana havaskor boksga qaytish ehtimoli hamda o‘zining -49 kg vazn toifasida yuksak natijalar qayd eta olishiga ishonchimiz komil. Chunki, hozirda qayta ko‘rib chiqilishi, AIBA ning yangi nizomi borasida har-xil gap-so‘zlar bo‘lmoqda.

Aslida, Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziev, Isroil Madrimov, Murodjon Ahmadalievlar ham bor. Lekin ular asosiy e’tiborini professional faoliyatlariga qaratsa kerak. Yana kim biladi deysiz? Mabodo Shahramda Tokio Olimpiadasida ishtirok etish imkoniyati yuzaga kelsa va u g‘olib chiqsa, buxorolik charmqo‘lqop ustasida Muhammadqodir Abdullaevga etib olish uchun Osiyo o‘yinlari va rasman Jahon Kubogi tashkil qilinsa, ushbu turnirni yutish qolardi. Lekin bu shunchaki ehtimollar nazariyasi xolos!

Albatta, biz yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz kabi yaqin kelajakni nazarda tutdik. Yurtimizda etishib kelayotgan yosh iste’dodlarning son-sanog‘i yo‘q. Bunga o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida ham guvoh  bo‘ldik. Shunday ekan, albatta birinchi Olimpiada chempioni qayd etgan natijalarni kelgusida ko‘plab vatandoshlarimiz zabt etishidan umidvormiz.

Hozircha esa, bu borada Muhammadqodir Abdullaev yagona peshqadam!

Quyida, Shahobiddin Zoirov, Bahodir Jalolov, Mirazizbek Mirzahalilov va Hasanboy Do‘smatovning natijalarini havola etamiz. Bu ro‘yxatda faqat chempionlik nazarda tutilayotganini allaqachon anglagan bo‘lsangiz kerak.

Shahobiddin Zoirov : Olimpiada chempioni (2016 yil), Jahon chempioni (2019 yil)

Hasanboy Do‘smatov: Olimpiada chempioni (2016 yil), Osiyo chempioni ( 2015-2017 yillar)

Mirazizbek Mirzahalilov: Jahon chempioni (2019), Osiyo chempioni (2019 yil), Osiyo o‘yinlari g‘olibi ( 2018 yil)

Bahodir Jalolov: Jahon chempioni (2019 yil), Osiyo chempioni (2017-2019 yillar)

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mirsaid Sulaymonov
27/11/2019 18:08
Bu yerda eng yaxshi imkoniyat Mirazizbek Mirzahlilovda ekan. U asosiy maqsadi olimpiada oʻyinlarida oltin medal olish