
Hammasiga Ten Xag aybdor?
"Manchester Yunayted" yana inqirozda. Klub Chempionlar ligasidan chiqib ketdi, hatto Evropa ligasiga ham ilinmadi. Shu qatorida APLda ham "Bornmut"ga so‘nggi turda yirik hisobda mag‘lub bo‘lib, 6-o‘ringa tushib ketdi. "Qizil iblislar" har mag‘lubiyatga uchraganida, muxlislar Erik Ten Xagga "hujum qilish"ni boshladi, Ronaldu bilan bo‘lgan voqealarni eslashadi va so‘nggi paytlarda uni ketishini istayotganlar ham topilmoqda. Ammo mavsumning bunday o‘tishida faqat niderlandiyalik mutaxassis aybdor emas. Keling, "Manchester Yunayted"ni inqiroziga sabab bo‘layotgan murabbiydan boshqa faktorlarni ko‘rib chiqamiz.
2021 yil Ed Vudvord "Manchester Yunayted"ni tark etishini ma’lum qilganidan keyin ko‘plab nashrlar keyingi transferlar oynasida klub yaxshiroq harakat qilishi mumkinligini ta’kidladi, chunki MYu harid qilgan futbolchilar klubga moslasha olmasa, odatda Vudvord tanqid qilinardi va endi barchasi yaxshi tarafga o‘zgarishi kutilgandi. Ammo u ketganidan keyin "qizil iblislar" bozorda kutilganidek ishladi, deb bo‘lmaydi. Keling, Ten Xag davridagi transfer siyosatiga e’tibor beramiz: Murabbiy jamoaga kelishi bilan bitta hujumchi kerakligini aytadi va "Benfika"dan Darvin Nunesni sotib olishni maslahat beradi, lekin "Liverpul" bundan xabar topadi va transferni ilib ketadi. Shundan so‘ng Ten Xag markaziy himoyachi olib berishlarini so‘raydi. Uning o‘zi "Ayaks"dan Yurrien Timber kelishini istardi, biroq niderlandiyaliklar uni qo‘yib yubormadi va sherigi Lisandro Martines harid qilindi. 2022 yilning yozida klub juda ko‘plab futbolchilar bilan muzokaralar o‘tkazdi va rad javobini oldi. O‘sha oynada klub Tirell Malasiya, Kristian Eriksen, Kazemiro, va Antonilarni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Hujumchi masalasi hal qilinmadi, xatto ikkinchi raqamli strayker bo‘lishga Marko Arnautivich ham ko‘nmadi va mavsum umuman kutilmagan voqealar bilan boshlandi. Ronaldu ketganidan keyingina Vaut Vegxorst ijaraga olindi. To‘g‘ri Nunes keyingi davrlarda top hujumchilar sirasiga kira olmayotgandir, lekin "Benfika" safida u 34 ta gol urgandi (21/22 mavsum).
Undan keyingi ishlar undan ham dahshat. "Manchester Yunayted" Evropa ligasi chorak finalida "Sevilya"ga mag‘lub bo‘ldi. Birinchi o‘yinning 21-daqiqasigacha inglizlar 2:0 hisobida oldinda borayotgandi, lekin Varan jarohat oldi va uning o‘rniga Maguayr maydonga tushdi. Xarri o‘z darvozasini ishg‘ol qilishga ham ulgurdi. Ikkinchi bahsda esa Lisandro jarohat sabab uchrashuvda ishtirok eta olmadi. To‘g‘ri, mana shu joyida Ten Xagni ham ayblasa bo‘ladi, chunki u mavsum davomida boshqa himoyachilarga kam o‘yin amaliyoti berdi va muhim pallada ular o‘zini ko‘rsata olmadi. Shundan keyin mutaxassis rahbariyatga yana bitta himoyachi kerakligini aytadi. Bu safar Kim Min Je bilan og‘zaki kelishuvga erishildi. Ammo "Bavariya" kurashda faolroq bo‘ldi va transferni ilib ketdi. Shundan so‘ng himoyachi masalasi ham ortga surildi. Aniqrog‘i, Maguayrni ketishi kerakligi vaj qilib ko‘rsatildi.
Ushbu yozda sotib olingan futbolchilar orasidan eng "emagani" bu Meyson Maunt edi. Qanaqasiga klub o‘tgan mavsumning katta qismini jarohat sabab o‘tkazib yuborgan va hali sport formasiga qaytmagan futbolchi uchun 60 million evrodan ko‘proq to‘lashi mumkin. "Chelsi" bilan muzokaralar ham ajoyib o‘tdi: Dastlab, 50 million evro taklifni rad qilgan "aristokratlar" 60 million evrolik taklifga ham rozi bo‘lmadi. Keyin esa Moyzes Kaysedo uchun harakat boshlanayotgan paytda "Chelsi" to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni so‘radi va 64 million evrolik kelishuvga erishildi. Mauntga o‘zi "Bavariya" ham qiziqish bildirgan, aynan narx sabab nemislar kurashdan chiqqandi.
Bir yil oldin ko‘tarilgan hujumchi masalasi vanihoyat hal qilindi. Ayrim jamoalar, ya’ni "Ayaks", "Lion", "Benfika", "Borussiya" ga o‘xshagan dunyoga yulduzlarni etishtirib beradigan klublar futbolchilar bilan qaysi paytda ketishi borasida kelishib oladi. "Atalanta" ham Xoylundni keyingi yilda qo‘yib yuborishni maqsad qilgandi, lekin "Manchester Yunayted" oxirigacha tortishib, 75 million evroga hujumchini sotib oldi. Vaholanki bozorda bu yozda klubini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan top hujumchilar yo‘q emasdi. Ayni paytda esa Rasmus ko‘plab memlar, tanqidlar ostida qolib ketyapti. Aytgancha yangi himoyachi sotib olinmadi. Uning o‘rniga jamoaning sobiq a’zosi Jonni Evans bilan qisqa muddatli shartnoma imzolandi. Ha mayli, ja yomon transferlar amalga oshirildi, deb ham bo‘lmaydi. Ammo ishlar Ten Xag rejalari asosida ketmayotgandi. Masalan, u mavsum boshida Maguayr, Marsiyal va Sancho kabi futbolchilarni ketishini istagan. Ammo rahbariyat Sanchoni qimmatga sotib olgani uchun qo‘yib yubora olmadi. Maryaisl bilan nimalar bo‘layotgani faqatgina o‘ziga va klubga ayon. Maguayr esa o‘zi qolishini va asosiy tarkib uchun harakat qilishini so‘ragan. U so‘zini ustidan chiqdi, qaysidir ma’noda.
Tez orada rahbariyatda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Balki endi transferlarga boshqacha yondashuv bo‘lib, murabbiy bilan to‘liq maslahatlashgan holda yangi xaridlar amalga oshirilar. To‘g‘ri tarkibdagi ayrim futbolchilar aynan Ten Xag qistovi bilan kelgan, lekin u yana ko‘prog‘ini xohlagandi. Yana bir oddiy misol mutaxassis sobiq "Vest Xem" yarim himoyachisi Deklan Raysni jamoa safida ko‘rishni istagan. Agarda sanaydigan bo‘lsak, bunday futbolchilar ko‘p. 2024 yilda MYu katta transferlar amalga oshirishi haqida mish-mishlar chiqmoqda. Balki ana endi yaxshi mutaxassislar transferlarni amalga oshirishga jalb qilinar.
Fikrlar