
Hamidjon Aktamov jiddiy gapirdi - hech kim "Qizilqum"ni eslamayapti. Mayli, "Bunyodkor"ni yutganimiz tasodif emasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchimiz
Coca-Cola O‘zbekiston kubogining chorak final ishtirokchilari ma’lum bo‘ldi va qur’a tashlanganini yaxshi bilasiz. 1/8 finalda “So‘g‘diyona” darvozasini 8 marta ishg‘ol etgan “Paxtakor” o‘z maydonida “Qizilqum”ni qabul qiladi.
Shota Arveladze jamoasi musobaqaning yaqqol favoriti ekanligi hech kimga sir emas. Shu ma’noda aytganda, chorak finalda “Paxtakor”ga qulay raqib tushganligi aytilmoqda. Biroq bunday fikrlar raqib jamoa ustoziga yoqmayapti va bu tabiiy hol, aslida.
“Qizilqum” ham anoyi emas, axir 1\8 finalda “Bunyodkor”ni musobaqadan chiqarib yubordi. Chorak finalga qur’a tashlangach, sports.uz muxbiri Aktamov bilan bog‘lanib, bo‘lg‘usi juftlik va uning atrofidagi ayrim qiziq savollarga javob oldi.
“Qizilqum” yo‘lboshchisi esa o‘z odatiga ko‘ra, bu safar ham barchaning e’tiborini tortadigan qiziqarli fikrlarini aytdi va shu bilan birga “Qizilqum”ning kuchiga etarli baho berilmayotganini jiddiy ravishda tanqid qildi.
- Chorak finalda “Qizilqum” “Paxtakor” bilan bahs olib boradi. Bu xususida munosabatingizni bilmoqchimiz.
- Hozir qiyin bo‘ladi, lekin finalda oson bo‘ladi (kuladi).
- Qur’adan avval nimani kutayotgandingiz?
- To‘g‘risi, chorak finalda ham o‘z uyimizda to‘p suramiz, degan xayolda edik. Maydonimiz ham yaxshi edi. Ammo nima ham deymiz, bu taqdir-da. “Paxtakor”ga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatishga va g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
- “Paxtakor”ning “So‘g‘diyona” darvozasiga 8 ta gol urgan o‘yinini ko‘rdingizmi? O‘zingiz uchun qanday xulosa oldingiz?
- Bu – futbol. Mana, kuni kecha Ispaniya La Ligasiga yangi chiqqan “Kadis” jamoasi “Real”ni ham, “Barsa”ni ham yutdi-ku! Ko‘ryapsizmi, futbolda har narsa bo‘lishi mumkin. Bunda kuchli jamoa aniq g‘alaba qozonadi, degan gap yo‘q. Ayniqsa, kubok bahslarida nima bo‘lishini aytib bo‘lmaydi. Axir buni o‘z nomi bilan futbol deb qo‘yishgan. Tayyorgarligimiz zo‘r, yaxshi o‘yin bo‘lishi kerak.
- Bundan chiqdi, “Qizilqum” “Paxtakor”ga “So‘g‘diyona”dek raqib emasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi, shundaymi?
- To‘ppa-to‘g‘ri.
- Nimchorak finalda “Qizilqum”ning “Bunyodkor” ustidan erishgan g‘alabasini ham e’tirof etish kerak. Futbolchilarda ishtiyoq sezilib turgandi...
- O‘zingiz aytganingizdek, bizda ishtiyoq kuchli edi. Futbolchilar bor kuchini berib to‘p surishdi. Shuning uchun rejalarimiz amalga oshdi. “Bunyodkor”ni albatta yutishimiz kerak edi, axir o‘z maydonimizda o‘ynayotgandik, muxlislarimiz ko‘z o‘ngida. Turnir jadvalida oxirgi qatorlarga tushib qoldik. Bunga munosib emasligimizni kubok o‘yinlari orqali isbotlamoqchimiz.
- Unday bo‘lsa, kubok musobaqasidagi asosiy maqsad nimadan iborat?
- Asosiy maqsad? Yaxshi qatnashish, g‘alabalarga erishish va finalgacha etib borish.
- “Paxtakor”ni ojiz tomonlari nimada deb o‘ylaysiz? Chempionni qanday yutish mumkin?
- O‘yindan oldin shunaqa gaplarni gapirmaylik. Tayyorlanishimiz kerak. Ikkala jamoa ham qarab o‘tirmaydi. Ammo bizning futbolchilarimiz ham yaxshi holatda. Zo‘r o‘yin bo‘ladi. Biroq hech kim “Qizilqum”ga munosib baho bermayapti. Qur’ada ham, boshqa joyda ham hech kim gapirmaydi. Bizni mensishmay turibdi. Lekin hali ko‘ramiz, bizni eslashmagani qimmatga tushadi. Ikki kundan beri futbol bo‘lyapti-yu, ammo birov gapirmaydi. Xuddi “Qizilqum” to‘satdan yutib qo‘ygandek, go‘yo. Axir “Qizilqum” milliy terma jamoaning murabbiyini yutdi, 4-o‘rindagi raqibni yutdi! Shunga o‘xshash gaplar bo‘lmadi. Televizorda ham, internetda ham hech nima deyishmadi. Gapirsak gap ko‘p-da! “Bunyodkor” bilan o‘yindagi g‘alabamiz tasodif emasligini ko‘rsatamiz, Xudo xohlasa.
Fikrlar