
Garnacho uchun kurashga APLning boshqa bir grand klubi qo‘shildi
“Manchester Yunayted” hujumchi Alexandro Garnacho uchun “Tottenxem” ham da’vogarlik qilmoqda.
Xabaringiz bor, argentinalik hujumchi Ruben Amorim jamoasidagi o‘yin amaliyotidan noroziligi sabab, qishki transferlar oynasida klubni tark etish haqida o‘ylamoqda. Bir necha kun oldin futbolchiga Londonning “Chelsi” klubi ham qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
“Mail” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, “shporlar” ham Garnacho uchun bo‘lgan kurashga kirishgan. Shu bilan birga, ular ham joriy mavsum sovrinlar yutish uchun qishda tarkibni kuchaytirishmoqchi. Bundan tashqari, “Bavariya”dan ketishni xohlagan Matis Tel ham “Tottenxem”ning taklifini rad etgan edi. Shu bois, klub mutasaddilari transferlar oynasining so‘nggi kunlarida hujumchi olib kelishni maqsad qilib qo‘ygan. Hozirda “qizil iblislar”ning qanot hujumchisi Alexandro eng yaxshi variant sifatida ko‘rilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 20 yoshli futbolchi bu mavsum 35 ta bellashuvda ishtirok etib, 8 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning klub bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 50 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar