G‘alati duel: Shomurodov yoki Dovbik?

  • 12 fevral, 18:09
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

A Seriyaning 24-turiga kelib, “Roma” chempionat o‘yinlari orqali Evropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma ola bilmasligi oydinlashib qolgan.

Tecno

Chunki  poytaxt “bo‘rilari” qit’aning eng nufuzli turniriga yo‘llanma beruvchi so‘nggi pog‘ona – to‘rtinchi o‘rinda borayotgan “Latsio”dan 11 ochko orqada qolmoqda. Orada esa, “Yuventus”, “Fiorentina”,  “Milan”, “Bolonya” kabi mavsumni yaxshi o‘tkazayotgan jamoalar ham “Latsio”dan bu pog‘onani tortib olish uchun kurashmoqda.

“Roma” Italiya kubogi uchun ham kurashni to‘xtatganini inobatga olsak, Klaudio Raneri shogirdlarida mavsumni muvaffaqiyatli yakunlashi Evropa ligasidagi natijalarga bog‘liq bo‘ladi.

Poytaxtliklar yangi formatda o‘tkazilayotgan bu musobaqaning umumiy bosqichidan bir amallab o‘tib oldi. Endi rimliklar nimchorak finalga chiqish uchun pley-offning o‘tish o‘yinida “Portu” bilan ikkita uchrashuvda kuch sinashishi lozim.

Birinchi o‘yin 13 fevral kuni Portugaliyada bo‘ladi.

“Roma” faoliyatini kuzatib borayotgan muxlisu mutaxassislarni bosh murabbiy Klaudio Raneri “Portu”ga qarshi uchrashuvda markaziy hujumchi o‘rnini qaysi futbolchini o‘ynatishi qiziqtirib kelmoqda.

Mavsum boshidan beri asosiy hujumchi vazifasini ukrainalik Artyom Dovbik bajarib kelgan bo‘lsa, keyingi paytda Eldor Shomurodov katta sahnaga chiqdi.

Xususan, Raneri “Napoli” va “Milan” kabi qudratli raqiblarga qarshi Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan maydonga tashladi. Autsayder “Venetsiya”ga qarshi bahsda Artyom Dovbik boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi.

Jurnalistlar bu masalaga oydinlik kiritish uchun Klaudio Raneridan “Portu”ga qarshi qaysi hujumchidan foydalanishini so‘rashdi. Avvaliga Raneri bu savolga javob berish o‘rniga, “hammaga xayr”, deb o‘rnini bo‘shatdi.

Keyin esa, savolga qisqa javob berdi.

- Men oldindan hech kimga ustunlik bermayman. Vaziyatga qarab ish tutaman. Avval “Portu”ni o‘rganib chiqay. Shunda ham sizlarga kim o‘ynashini aytmayman, - dedi Klaudio Raneri.

Futbol ekspertlari ayni paytda “Roma” murabbiylar shtabi “Portu”ga qarshi bahsda qaysi forvarddan foydalanini ochiq turgan masala ekanini aytmoqda. Biroq shunga qaramay, aksariyat ekspertlar tanlov qaysi hujumchi chekiga chiqishi Raneri qo‘llaydigan o‘yin taktikasidan kelib chiqishini ta’kidlashyapti.

Xususan, ular  “Roma” raqibning hujumini ushlab qolish va keskin qarshi hujumlarda o‘ynashga e’tibor qaratadigan bo‘lsa, bu usulda Eldor Shomurodovning ustunligi katta ekanini ta’kidlashmoqda. Agar rimliklar raqib maydonida ham hujumkor o‘yin uslubini qo‘llaydigan bo‘lsa, uchrashuvni boshlash Artyom Dovbikka topshirilishi maqsadga muvofiq ekanini aytishmoqda.

Demak, tez orada Klaudio Ranerining tanlovi qaysi hujumchisiga tushishini bilib olamiz. Nima bo‘lgan taqdirda ham, eng asosiysi, “Portu” to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tib olish va musobaqada bosh sovrin uchun kurashni davom ettirish muhim.

Shomurodovni mashhur klub olmoqchi!

Shomurodovga kutilmagan yangi xaridor chiqdi, lekin...

Jahon chempioni Husanovga qanday baho berdi?

Gol Husanov kelajagiga qanday ta’sir qilishini aytishdi!

Raneri o‘yini o‘zgargan Shomurodov haqida nimalar dedi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
+998950198726
12/02/2025 22:07
Менимча Довбик тушса керак кўп гол уряпти