
Futbolchiga musht tushirgan murabbiy ishdan haydaldi
"Flamengo" o‘yindan keyin kiyinish xonasida futbolchi bilan janjallashgani uchun bosh murabbiy Xorxe Sampaolining yordamchisini ishdan bo‘shatdi.
Hodisa shanba kuni Braziliya chempionatining 17-turida “Atletiko Mineyro”ga qarshi o‘yindan so‘ng yuz berdi va unda “Flamengo” 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yindan so‘ng “Flamengo”ning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyi Pablo Fernandes jamoa hujumchisi Pedroni hurmatsizlikda ayblagan. O‘z navbatida futbolchi ham murabbiylar shtabini hurmatsizlikda ayblab, o‘yin vaqti kamligini bahona qilgan.
Fernandes Pedroning elkasiga shapatilamoqchi bo‘ldi, biroq futbolchi uning qo‘lidan ushlab oldi, shundan so‘ng murabbiy uning yuziga zarba berdi.
Xabar qilinishicha, Pedro voqea haqida politsiyaga xabar bergan. "Flamengo" futbolchilari Fernandes klubdan chetlashtirilgunga qadar mashg‘ulotlarni boykot qilish masalasini ham ko‘rib chiqishgan.
ESPN xabariga ko‘ra, "Flamengo" rahbariyati Pablo Fernandesni iste’foga chiqardi. Tez orada bu haqda rasmiy e’lon qilinishi kutilmoqda.
Fikrlar