
Fayzullaev va yana to‘rt yosh yulduzni tanlashdi!
Osiyo futbol konfederatsiyasi Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionati ishtirokchilari orasida eng iqtidorli besh nafar futbolchini kuzatishni tavsiya qilmoqda.
Qit’aning eng nufuzli musobaqasida ko‘pchilikning e’tibori jahon futbolida ancha taniqli bo‘lgan Son Xyon Min, Mehdi Taremi, Ali Mabxut va Vataru Endo kabi tajribali o‘yinchilarga qaratiladi.
Shu bilan birga ishtirokchilar orasida katta futbolga yaqindagi yorib kirgan iste’dodli yosh charm to‘p ustalari ham bor.
Osiyo futbol konfederatsiyasi ekspertlari tanlagan o‘yinchilar bilan tanishamiz.
Ali Jasim (Iroq)
Ali Jasim Osiyo Chempionlar ligasining yangi mavsumida to‘rtta gol urib, iste’dodini yana bir karra namoyish qildi. Aslida iroqlik futbolchi 2023 yili Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatda muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozongan edi.
20 yoshgacha futbolchilar qatnashgan Toshkentdagi Osiyo chempionatida Ali Jasim Iroq yoshlar terma jamoasini finalgacha olib chiqdi. Ayniqsa, uning yarim finalda Yaponiya terma jamoasi darvozasiga urgan golining qadri baland bo‘ldi.
Iroqliklar finalda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga imkoniyatni boy berib, ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Takefusa Kubo (Yaponiya)
Kubo ikki yil oldingi jahon chempionatida 90 daqiqadan ko‘proq o‘ynagan edi. Mana 22 yoshli futbolchi Yaponiya terma jamoasi safida yana Qatarga qatdi.
Kubo 2019 yilgi qit’a chempionatida ikkinchi o‘rinni egallagandi. Ispan futbolida suyagi qotgan yulduz bu gal terma jamoasiga beshinchi kubokni olib berishga harakat qiladi.
Terma jamoadagi birinchi golini 2022 yili urgan Kubo ayni paytda tarkbdagi asosiy figuralardan biriga aylangan.
Joriy mavsumda “Real Sosedad” safida juda samarali o‘ynayotgan Kubo La Liganing eng yorqin kashfiyotlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Abbosbek Fayzullaev (O‘zbekiston)
Abbosbek Fayzullaev ilk bor katta sahnaga 2022 yili – 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida chiqqan edi. O‘shanda o‘zbeklar ikkinchi zrinni qo‘lga kiritgan. Bir yildan so‘ng, natija yanada yuqori bo‘ldi. Fayzullaev 20 yoshgacha futbolchilar ishtirokidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi va turnirning eng foydali o‘yinchisi sovri bilan taqdirlandi.
19 yoshida O‘zbekiston milliy terma jamoasida debyutini nishonlagan Fayzullaev ikkinchi uchrashuvidayoq Tojikiston terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, xalqaro miqyosidagi birinchi golini urdi.
Abbosbek Srechko Katanets jamoasida qisqa fursatda etakchi o‘yinchilar qatoridan joy oldi va Qirg‘iz Respublikasi bilan bo‘lgan bahsda ikkinchi to‘pini ham kiritdi.
O‘tgan yili Fayzullaev “Paxtakor”dan Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tdi. 20 yoshli futbolchi Rossiya poytaxtida vaqtini bekor o‘tkazayotgani yo‘q, Premer-liga uchrashuvlarida gol urish va jamoadoshlariga golli pas uzatish orqali rossiyalik ishqibozlar mehrini qozonmoqda.
Abbosbek ana shu muvaffaqiyatli o‘yinlarini Qatardagi Osiyo kubogida ham davom ettirishga bel bog‘lagan.
Li Kan In (Janubiy Koreya)
Li Kan In maydonda uzoqlashib ketishidan qo‘rqmay, Frantsiya chempioni PSJ bilan shartnoma imzoladi. Bu futbolchi qisqa muddatda Luis Enrike jamoasidan joy topdi. Hozir parijliklar safida ichki turnirlarda va Evropa miqyosida sovrinlar uchun kurashmoqda.
Kilian Mbappe va Usmon Dembele singari yulduzlar bilan elkama-elka o‘ynayotgan 22 yoshli futbolchi Frantsiyada birinchi sovrini qo‘lga kiritdi. Frantsiya Superkubogi uchun bo‘lgan bahsda Li Kan In “Tuluza” darvozasini ishg‘ol qildi va jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Li Kan In Koreya terma jamoasining oxirgi beshta uchrashuvida to‘rtta gol va uchta assist muallifi bo‘lgani ham uning yuqori sport formasida ekanidan dalolat beradi.
Arif Ayman (Malayziya)
Orif Ayman Malayziyaning eng qudratli klubi “Joxor Darul Tazim”da mavsumni ajoyib tazda o‘tkazdi. 21 yoshli hujumchi 24 ta o‘yinda 12 ta gol urdi va jamoaoshlariga 13 ta golli pas uzatdi. Bundan tashqari, Osiyo Chempionlar ligasining oltita o‘yinida uchta gol va ikkita assist qayd etdi.
Yosh futbolchi Malayziya terma jamoasida oltita to‘p kiritgan. Gollardan to‘rttasini bitta uchrashuvda urgan.
Mutaxassislar Orif Aymanning eng kuchli jihati sifatida katta tezligi va raqibni aldab o‘tishga ustaligini e’tirof etgan.
Fikrlar