Evropaning eng kuchli jamoasi aniqlanadi yoxud TOP-5liga starti oldidan Superkubok uchun bahs (prevyu)

  • 13 avgust, 16:34
  • Jahongir Inomjonov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropada mavsum an’anaviy ravishda UEFA Superkubogi uchun o‘yin bilan boshlanadi. Sovrin 1972 yildan beri o‘ynab kelinmoqda va bunday ishtirokchilar juftligi ilgari hech qachon bo‘lmagan. Parijliklar uchun bu UEFA Superkubogini qo‘lga kiritish uchun endigina ikkinchi imkoniyat.

Tecno

Birinchi urinish ular 1996 yilda "Kubok egalari" kubogini qo‘lga kiritgandan so‘ng bo‘lgan edi. O‘shanda g‘olib ikki bellashuv natijasiga ko‘ra aniqlanardi. Raqib Turinning "Yuventus" klubi bo‘lib, PSJ o‘z maydonidagi dastlabki o‘yinda 1:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Turindagi o‘yin shunchaki rasmiyat uchun o‘tkazilgandek bo‘ldi, ammo o‘shanda ham turinliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.

"Tottenxem" uchun bularning barchasi ilk bor yuz bermoqda. 1963 yilda ular ham Kubok sohibiga aylangan edilar, biroq Superkubok uchun bahs 1973 yildan boshlab tashkil etilgan. Jamoalar 2017 yilda Xalqaro Chempionlar Kubogi mavsumoldi turnirida faqat bir marta o‘zaro to‘qnash kelgan. O‘shanda inglizlar 4:2 hisobida g‘alaba qozongan.

Hozirgi jamoalardagi futbolchilardan faqat PSJ sardori Markinos o‘sha uchrashuvda tarkibda edi. O‘shandan beri tarkiblar butunlay o‘zgarib ketgan. PSJning mavqei ham o‘zgargan. Ilgari jamoa favoritlar qatoriga kiritilsa-da, biror muhim g‘alabaga erisha olmagan edi. Hozir esa uni deyarli dunyodagi eng kuchli jamoa deb atashmoqda.



Dunyoning eng yaxshi jamoasi maqomini Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida g‘alaba qozonish orqali rasman qo‘lga kiritish mumkin edi, biroq Luis Enrike jamoasi kutilmaganda "Chelsi"ga imkoniyatni boy berdi.

Umuman olganda, PSJni Angliya Premer-ligasi klublari ustidan g‘alaba qozonishga ixtisoslashgan jamoa deb hisoblash mumkin. Chempionlar ligasida parijliklar ketma-ket "Manchester Siti", "Liverpul", "Aston Villa" va "Arsenal"ni mag‘lub etishga erishdilar.

KO‘JCh finalidan so‘ng parijliklar ta’tilga chiqib, birorta ham o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazmadi, shuning uchun futbolchilarning qanday holatda ekanligini aniqlash mushkul. Biroq, jamoaning asosiy afzalligi uning o‘yinchilarining bir-biri bilan o‘ynab o‘rganganligidir. Transfer bozorida klub Evropaning ko‘plab jamoalariga nisbatan uncha faol emas va bu ham tarkibning to‘liq shakllanganligi bilan bog‘liq.

Markaziy himoyachi masalasi bir necha kun oldin hal bo‘ldi. "Bornmut"dan 65 million evro evaziga Ukraina terma jamoasi a’zosi Ilya Zabarniy o‘tmoqda. "Lill"dan 40 million evro evaziga Frantsiya terma jamoasi darvozaboni Lyuka Shevale sotib olindi. Uni nafaqat Frantsiyaning, balki Evropaning eng istiqbolli darvozaboni deb atashmoqda.

Shubhasiz, Lyuka jamoaga asosiy darvozabon sifatida kelmoqda. Janluiji Donnarummaning shartnomasi 2026 yilda tugasa-da, italiyalik futbolchi allaqachon yangi jamoa qidirmoqda.

PSJ ishtirokidagi so‘nggi beshta o‘yin natijalari:

  • KO‘JCh. "Chelsi" - PSJ - 3:0
  • PSJ - "Real Madrid" - 4:0
  • PSJ - "Bavariya" - 2:0
  • PSJ - "Inter Mayami" - 4:0
  • "Sietl Saunders" - PSJ - 0:2.

"Tottenxem" Brennan Jonsonning "Manchester Yunayted" darvozasiga kiritgan yagona goli tufayli Evropa Ligasini qo‘lga kiritdi. Erishilgan g‘alaba Angliya Premer-ligasida 17-o‘rinni egallashiga qaramay, mavsumni muvaffaqiyatsiz deb hisoblamaslikka imkon beradi.

Bosh murabbiy lavozimiga "Brentford"ni muvaffaqiyatli boshqargan, ammo top-jamoalarda ishlamagan daniyalik mutaxassis Tomas Frank taklif qilindi. Evropa Ligasi finalidagi g‘alabdan so‘ng "shporlar" ta’tilga chiqdi va iyul oyining o‘rtalarida ketma-ket nazorat bahslarini o‘tkazishni boshladilar.

Avvaliga Angliyaning quyi divizion jamoalariga qarshi, keyin esa chet elga chiqib o‘yinlar o‘tkazildi. Nufuzli uchrashuvlar orasida Gonkong kubogida "Arsenal" ustidan qozonilgan g‘alabani alohida ta’kidlash mumkin, ammo so‘nggi o‘yinda "Tottenxem" "Bavariya"ga yirik hisobda engildi. "Shporlar" to‘pni ko‘p nazorat qilishni yoqtiradigan jamoalarga qarshi o‘yinlarda juda kamdan-kam muvaffaqiyatga erishadi. "Bavariya" va PSJ aynan shunday jamoalar sirasiga kiradi.

"Shporlar" tarkibi ham kuchaytirilmay qolmadi. Bugungi kunda asosiy transfer "Vest Xem"dan o‘ng qanot yarim himoyachisi Muhammad Quddus bo‘ldi. U uchun 63,8 million evro to‘landi. "Bavariya"dan himoyachi Joau Palinyani ijaraga olinib, hujumchi Matis Tel sotib olindi.

Yosh himoyachilar - "Kavasaki"dan yaponiyalik Kota Takai va "Xayduk"dan xorvatiyalik Luka Vushkovich ham jamoaga qo‘shildi. Shu bilan birga, "Tottenxem" afsonasi deb atash mumkin bo‘lgan futbolchi, jamoa sardori Son Xin Min klubni tark etdi.

"Tottenxem"ning so‘nggi beshta o‘yin natijalari:

  • "Bavariya" - "Tottenxem" - 4:0
  • "Nyukasl" - "Tottenxem" - 1:1
  • "Arsenal" - "Tottenxem" - 0:1
  • "Luton Taun" - "Tottenxem" - 1:1
  • "Tottenxem" - "Uikomb Uonderers" - 2:2.

Bellashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin bo‘lgan futbolchilar

PSJ tarkibidagi jarohatlar haqida ma’lumot berilmagan. Luis Enrike asosiy tarkibning barcha futbolchilariga tayanishi mumkin. Inglizlarda esa vaziyat boshqacha. Himoyachi Radu Dragushin fevral oyida xochsimon bog‘lamidan jarohat olgan va hozirgacha davolanmoqda. Yanada jiddiyroq yo‘qotish esa yarim himoyachi Jeyms Meddisondir. U avgust oyi boshida xuddi shunday jarohat olgan. U yil oxirigacha maydonga tusha olmaydi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!