
Evropa Ligasi finaliga chiqqan "Ayntraxt"ni bir qismi o‘zbek ishbilarmoni Kozim Aripovga tegishli ekanligini bilasizmi? SPORTS.uz futbol olamini zabt etayotgan vatandoshimiz bilan eksklyuziv intervyuni taqdim etadi!
Bu ma’lumot sizni hayron qoldirishi aniq. Keling, avvaliga Kozim Aripov kim ekanligini bilan tanishtirib o‘tamiz. Germaniyadagi "NEOTRANS GmbH Company" kompaniyasi rahbari 2011 yilda Frankfurtning "Ayntraxt" jamoasi aktsiyalarini xarid qiladi. O‘sha paytlari jamoa Bundesliga quyi divizionining 10-pog‘onasida edi. Klub moliyaviy muammolar o‘chog‘ida bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz klub bilan mehnat qilishdan to‘xtagani yo‘q. Ko‘p o‘tmay, "Ayntraxt" elitaga qaytdi. Hozir esa, UEFA tasnifidagi ikkinchi darajali turnir finalida favorit sifatida tashrif buyurishi kutilmoqda. Xo‘sh, bu inson aslida kim? Qanday qilib kuchli beshlikdagi jamoa aktsiyalarini xarid qildi? Kelajakdagi rejalari qanday?
Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Kozim Aripovga murojaat etdik. Vaziyatdan foydalanib, suhbatni uyushtirishga ko‘mak bergan O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasining Evropadagi vakili Dilshod Ruzmetovga alohida minnatdorchilik bildiramiz.
- "Ayntraxt" jamoasi aktsiyasini sotib olishdan asosiy maqsad nima edi? Bu futbolga bo‘lgan muhabbatmi yoki shunchaki biznes?
- 90 yillar oxirida oilam bilan Germaniyaga ko‘chib ketdik. U erda mehmonxona biznesini boshladim. Germaniyadagi futbol atmosferasi meni o‘ziga rom etdi. Vaqt o‘tishi bilan "Ayntraxt" jamoasi muxlisiga aylanib bordim. 2011 yilda mehmonxonamdagi bir doimiy mijoz Frankfurt klubidagi aktsiyalarini sotmoqchi ekanligini aytib qoldi. O‘sha paytlari "Ayntraxt" quyi ligadagi o‘rtamiyona (2-Bundesligadagi 10-jamoa) edi. Hatto, yanada pastki ligaga tushib ketish xavfi bo‘lgan. Bir soniya ham o‘ylamasdan mehmonxonam va jamg‘argan barcha pullarimni klub aktsiyalariga almashmoqchi ekanligimni aytdim. O‘ylashimcha, bu ishni futbolga bo‘lgan muhabbatim sababli amalga oshirdim va biror marotaba afsuslanmadim. "Ayntraxt" katta oila va men uning bir qismi ekanligimdan faxrlanaman. Futbol - men uchun biznes, deya olmayman. U mening hissiyot va muhabbatim, unga sarflagan pullarim ortidan katta dividend kutmaganman, biroq so‘nggi paytlarda yaxshigina daromad olayotganimni ham yashirmoqchi emasman.
- O‘zbek futbolini ham kuzatib borasizmi? Bugungi o‘zbek futbol klublaridan biriga egalik qilish istagi sizda yo‘qmi?
- Men chinakam futbol ishqiboziman. Shuningdek, o‘zbek futbolini ham kuzatib boraman. Sportga bo‘lgan muhabbat bizda oilaviy darajaga ko‘tarilgan, desam, adashmagan bo‘laman. Ikkala o‘g‘lim ham charm to‘p ustasi. Biri hujumchi bo‘lsa, ikkinchisi darvozabon. Yoshligimdan "Paxtakor" jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni o‘tkazib yubormaslikka, uy uchrashuvlarining deyarli barchasini stadiondan tomosha qilishga uringanman. Ko‘p bor o‘zimizning klublar aktsiyalarini sotib olish haqida o‘ylaganman, ammo "tanish-bilishchilik" bor ekan, bu g‘oyani chetga surib turishga majburman.
Germaniyada yuqoridan bo‘lgan telefon yoki futbolchini asosiy tarkibga pul evaziga joylashtirish degan narsa yo‘q. Asosiy tarkibda faqat kuchlilar maydonga tushadi. Shu bois, nemislarda futbol jahon darajasida rivojlangan. Shunday bo‘lsada, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda ham futbol rivojlanganini tan olish lozim. "Nasaf" jamoasining OChL pley-offiga yo‘l olganidan juda xursand bo‘ldim. Men "ajdarlar"ning barcha o‘yinlarini jonli tomosha qildim. Qoyil qolish kerak, yigitlar haqli ravishda keyingi bosqichga chiqishdi!
- "Ayntraxt" siz jamoa aktsionieriga aylangan paytlaringiz quyi ligada jon saqlayotgan edi. Oradan 10 yil o‘tdi va klub UEFA tasnifidagi eng nufuzli musobaqalardan biri Evropa Ligasi finaliga chiqdi. Bu progress ortida nima yotadi?
"Ayntraxt" aktsiyalarini qo‘lga kiritganimga 11 yildan oshdi. Bu vaqt oralig‘ida nemis futbolini ichidan o‘rganishga ulgurdim, deb bemalol ayta olaman. Nemislar o‘zi ishtirok etgan har qanday musobaqada pley-offga stabil chiqib kelmoqda. Ularning bu muvaffaqiyatini ikki qismga bo‘lish mumkin. Birinchi navbatda, tizimli ravishda bolalar futbolini rivojlantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan dasturlarni ko‘rsatishim mumkin. Misol uchun, "iqtidorlarni izlash mahalliy dasturi" qanchadan qancha ise’dodlarni nemis futboliga taqdim etdi. Ikkinchi jihat sifatida nemis futbolida jismoniy tayyorgarlikka katta urg‘u berilishini ko‘rsatishim mumkin. Bu bilan chegaralanib qolmagan holda, murabbiylar futbolchilarni jamoaviy o‘yindagi samaradorligini oshirish va har bir yosh futbolchiga alohida yondashishga o‘rgangan. "Ayntraxt" jamoasi menejerlari esa, bor e’tiborini murabbiylar shtabining bosimsiz ishlashi hamda yangi nomlarni kashf etishiga qaratgan.
Frankfurt klubida o‘zbek futbolchilari paydo bo‘lishi mumkinmi? Nega bizning legionerlar xorijda o‘zini yaxshi ko‘rsata olmaydi, deb o‘ylaysiz?
- Jamoa aktsiyasini sotib olgan kunimdan boshlab, jamoamizni asosiy yulduzi o‘zbek yigiti bo‘lishini orzu qilaman. Shu bois, bir necha bor mahalliy futbolchilarimizdan bir nechtasini jamoa ko‘rigiga chaqirdim, ammo ularning birortasi bildirilgan ishonchni oqlay olmadi. O‘sha voqeadan so‘ng klub skautlarining ishiga boshqa aralashmadim. Bu masala borasida O‘FAning Evropadagi vakili Dilshod Ruzmetov bilan suhbatlashdim. U futbolimizning og‘riqli muammolari haqida soatlab gapirib berishi mumkin. Eng qizig‘i shundaki, gruziyalik futbolchilar deyarli barcha kuchli ligalarda muammosiz harakat qiladi. Vaholanki, FIFA reytingida ular bizdan ancha pastda joylashgan. O‘ylashimcha, bizning futbolchilar til bilan bog‘liq muammolar sababli o‘zini qiynashni istamaydi. Shuningdek, arab klublaridan kelgan moliyaviy tomondan ancha manfaatli takliflar ularni Evorpaga ketishga bo‘lgan ishtiyoqini tezda "o‘ldirib qo‘ymoqda".
Menimcha, Evropa klublari bilan hamkorlik qilgan holda, bolalar futbolini yaxshilash lozim. Misol tariqasida "Nasaf" jamoasini ko‘rsatishim mumkin. Qarshi klubi rahbarlari grandlar bilan kelishib, o‘z futbolchilarini Evropa darajasidagi ijrochilarga aylantirishi mumkin.
Finalda "Glazgo Reynjers" jamoasi taslim etilsa, SPORTS.uz sayti uchun katta intervyu berishga va’da berasizmi?
- Ochig‘i, Germaniyada barcha Evropa Ligasining finali nemis jamoalari o‘rtasida bo‘lishini kutgan edi. Endi "Glazgo Reynjers" bilan kuch sinashishimizga to‘g‘ri keladi. Men o‘z jamoam finalda g‘olib chiqishiga shubha qilmayman. Shu bois, katta video intervyuga tayyorgarlik ko‘rishingiz mumkin.
Ya. U
Fikrlar