
«Ertalab uyg‘onganimda, Vaskes hali ham o‘sha erda edi»
So‘nggi paytlarda Madridning «Real» jamoasi muxlislari Lukas Vaskesni asosiy tarkibda ko‘rishga o‘rganib qoldi. Darhaqiqat, futbolchi «Qirollik klubi»ning asosiy figurasiga aylanib bormoqda. E’tiborlisi shundaki, Lukas qatorasiga 20 ta o‘yindan beri 90 daqiqa to‘p surmoqda. Asosan zaxira kuchi sifatida «qaymoqranglilar»ga ko‘mak berishga ko‘nikib qolgan futbolchi uchun bu yangi chaqiruv desak, adashmagan bo‘lamiz. Endi Vaskes, bunga ko‘nishi lozim. taniqli yozuvchi - Agusto Monterrosoning tili bilan aytganda, «U ertalab uyg‘onganida, Vaskes hali ham o‘sha erda edi».
Lukas qatorasiga 20 ta uchrashuvdan beri asosiy tarkibda ko‘rinish bermoqda. Tan olish lozim, Vaskes o‘zi ishtirok etgan barcha uchrashuvda foydali bo‘lishni uddalamoqda. Turli pozitsiyalarda harakat qilgan Lukas atigi 4 bor zaxiraga olindi xolos. Ispaniyalik futbolchi o‘zining bu mavsumdagi seriyasini o‘tgan yilning 27 oktyabr sanasida boshladi. «Borussiya M»ga qarshi bahsda Vaskes qanot himoyasida to‘p surdi. «San Siro»dagi o‘yinda esa qanot yarim himoyachisi rolini ijro etdi. «Mendisorrose» arenasida esa, u o‘ng qanot himoyasida ko‘rinish berdi.
Dani Karvaxalning jarohat olgani Vaskes uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda. U Danining o‘rnini egallashi kutilgan Alvaro Odriosolani ham raqobatdan chiqarib yubordi. Eng qizig‘i shundaki, hozirda «almashtirib bo‘lmas» ijrochiga aylangan Vaskesning Madriddagi kelajagi noma’lumligicha qolmoqda. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi shu yilning 30 iyun sanasida tugaydi. Hozirda futbolchi istagan klubi bilan yangi shartnoma borasida muzokara olib borish imkoniyatiga ega. Ispan nashrlarining ma’lum qilishicha, Lukas Madrid klubining ilk taklifini rad etgan. Hozirda, universal futbolchining kelajagi mavhum bo‘lib turibdi.
Gap shundaki, futbolchi klubda Zidanning qolishidan umidvor. Aks xolda, uni o‘z tarkibida ko‘rishni istagan klublar etarlicha mavjud ekanligini yaxshi his etib turibdi. Qahramonimiz 30 yoshni qarshi olib bo‘ldi. Endi uning faoliyatida katta maosh ko‘rsatilgan shartnomalar bo‘lmaydi. Shu bois, faoliyatidagi so‘nggi kontraktni o‘zi uchun qulay tarzda tuzib olish muhim.
Ayni damda ispaniyalik charm to‘p ustasi bilan 10 ga yaqin klub qiziqib qolgan. Ayniqsa, uning erkin agent sifatida boshqa jamoaga borib qo‘shilishi ko‘plab grandlarni e’tiborini tortmoqda. Shu bois, Lukas uchun voqealar rivojidan kelib chiqib qaror chiqarish anchayin qulay. Madrid super klubi esa, o‘z odatlariga sodiq qolgan holda o‘z pik formasini sekin-asta yo‘qotib borayotgan futbolchilarga uzoq muddatli shartnomalar taklif etmaydi. Xatto, Ramos ham bundan istisno emas. Shunday ekan, Zidanning «universal jangchisi» qaror qabul qilishga shoshilmagani ma’qul.
Fikrlar