
Endi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida 32 ta klub qatnashadi!
Xabar berganimizdek, kecha FIFA Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan FIFA miqyosidagi bir qator musobaqalarga mezbon mamlakatlarni belgilash, reglament va o‘yinlar vaqtiga aniqlik kiritish masalalari o‘rin oldi. Quyida shular haqida so‘z boradi.
FIFA Kengashi bir ovozdan 2025 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan klublar o‘rtasidagi yangi Jahon chempionati mezbonligini AQShga berilishini qo‘llab-quvvatladi. Aytish kerakki, ushbu musobaqada tarixda ilk bor dunyoning 32 ta klubi ishtirok etishi belgilandi.
Rasmiy xabarda qayd etilishicha, mezbonni tanlash jarayonida infratuzilma va xizmat ko‘rsatish talablari, shuningdek, turnirning kengroq strategik maqsadlari inobatga olindi.
JCh-2030
Erkaklar futboli bo‘yicha nufuzli turnirning 100 yilligi nishonlanadigan FIFA Jahon chempionati 2030 bo‘yicha barcha asosiy manfaatdor tomonlar bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlarni ta’minlash maqsadida tanlov jarayonining boshlanish vaqti kechiktirildi. Shu sababli, tegishli tanlov qoidalari FIFA Kengashining 2023 yil sentyabr-oktyabr oylarida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishida tasdiqlash uchun taqdim etiladi va tanlov jarayoni shundan so‘ng rasman boshlanadi.
FIFA Kongressi kutilayotgan mezbon(lar)ning tayinlanish muddatini 2024 yilning 3-choragidan 2024 yilning 4-choragiga ko‘chirdi.
FIFA Jahon chempionati 2026 musobaqasining dastlabki reglamenti tasdiqlandi.
“Keyingi FIFA Jahon chempionatida 48 ta jamoa ishtirok etsa, turnir futbolga misli ko‘rilmagan ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, endilikda ko‘proq davlatlarga jahon sahnasida porlash imkoniyati beriladi”, - dedi prezident Infantino.
FIFA Kongressi va turnirlari mezbonlari
Bundan tashqari, Kengash FIFAning 74-kongressi 2024 yil 17 may kuni Tailand poytaxti Bangkokda bo‘lib o‘tishini tasdiqladi.
Shuningdek, 2023 yilgi U-17 Jahon chempionati Indoneziyada, 2024 yilgi U-20 ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati Kolumbiyada, U-17 ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati esa Dominikan Respublikasida o‘tishi tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, aynan kechagi FIFA Kongressida 2024 yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati mezbonligi O‘zbekistonga topshirilgan edi.
Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan 2023 yilgi plyaj futboli bo‘yicha Jahon chempionatining sanalari 2023 yilning 16-26 noyabridan 2024 yilning 15-25 fevraliga ko‘chirildi.
Manba: O‘FA
Fikrlar