
Dragan Cheran: Nazarimda, AGMKga qarshi mavsumdagi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatdik
“Paxtakor”ning AGMK maydonida javobsiz oltita gol urishini bizningcha ko‘pchilik kutmagandi. Chunki olmaliqliklar kuchli uchlatikda borishayotgandi. Shunga qaramay, “Paxtakor” ushbu bahsda kim xo‘jayin ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi, deyish mumkin.
Arveladze jamoasi oltita gol urar ekan, bunday paytda klub to‘purari Dragan Cheran maydonni golsiz tark etarmidi? Albatta, yo‘q. U ham o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ydi va to‘purarlar poygasida xuddi jamoasi singari yakka peshqadam bo‘lib boryapti. AGMKga qarshi uchrashuvdan keyin Cherandan qisqacha intervyu oldik.
- Bugun o‘ta yirik hisobda g‘alaba qozonishinglarni kutganmidingiz?
- Bu katta va ajoyib g‘alaba bo‘ldi. Aytishim kerakki, biz chempionlik uchun jiddiy qadam tashladik.
- AGMK ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgandi. Ular kuchsiz o‘ynadimi yoki “Paxtakor” kuchli o‘yin ko‘rsatdimi?
- Mening nazarimda, biz bugun mavsumdagi eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatdik, deb o‘ylayman.
- Endi “Paxtakor”ning chempion bo‘lishiga shubha qilmayapsizmi, bemalol chempionlikni nishonlayapsizmi?
- Hech qachon jamoamning kuchiga shubha qilmaganman.
- Sizni yangi mavsumda ham yana “Paxtakor”da ko‘ramizmi? Shartnomangizni uzaytirasizmi?
- Mening klub bilan yana bir yillik shartnomam bor. Shu sababli keyingi mavsumda ham yana siz bilan ko‘rishamiz.
- O‘tgan yili 23 ta gol bilan to‘purar bo‘lgandingiz. Hozirgacha esa 19 ta gol urdingiz. O‘tgan yilgi shaxsiy rekordingizni yangilay olasizmi?
- Men rekordlarga qaramayman. Kiritayotgan gollarimga kelsak, bu albatta jamoaviy mehnatimizning samarasidir. Tabiiyki, hozirgi o‘yinlarimiz hamda natijalarimizdan qoniqish hosil qilyapman.
- Agar Arveladze mavsum tugagach, ketib qolsa, siz ham ketasizmi?
- Ko‘ramiz.
- “Paxtakor”ga chempionatda hech kim qarshilik ko‘rsata olmayotgani uchun Superliga siz uchun zerikarli bo‘lib qolmayaptimi?
- Zerikarli emas. Qaytanga, qiziqarli degan bo‘lardim. Har yili biz uchun qiyinroq bo‘lib boryapti.
Fikrlar