
Doston Turdievning raqibi ma’lum... U revansh jangida "Terminator"ga qarshi ringga ko‘tariladi
Ma’lumki, 1 fevral kuni Andijon viloyatining Xonobod shahrida o‘ziga xos professional boks oqshomi tashkil etiladi. Xabaringiz bor, ushbu jang kechasida bir qator yurtdoshlarimiz ham ringga ko‘tariladi. Ular orasida shubhasiz Doston Turdiev eng tajribali charmqo‘lqop ustalaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning havaskor boksda uch marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘lganligidan ham xabardor bo‘lsangiz kerak. Professional boksda ham mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. U ushbu yo‘nalishda 7 bor jang o‘tkazib, barchasida g‘alabaga erishgan. Raqiblarini uch bora nokautga uchrata olgan. Xullas, Doston Xonobodda eski tanishi ozarbayjonlik Elvin Axunzoda bilan yana bir bor to‘qnash keladi. Ya’ni, revansh bo‘lib o‘tadi. Ularning dastlabki bahsi oktyabr oyida Toshkentda tashkil etilgan jang kechasida bo‘lib, unda Turdiev ochkolar hisobiga g‘alaba qozongan edi. Tom ma’noda ushbu jang kechaning bezagiga aylangan... Hamyurtimiz jangdan keyingi intervyusida Axunzodani matonatiga qoyil qolib, uni "Terminator" deb atagan edi.
Demak, oldinda qiziqarli jang bizni kutib turibdi. Bunday deyishga asosimiz bor, chunki ular buni birinchi to‘qnashuvda qoyilmaqom tarzda uddalashgan.
Fikrlar