
Dolera Davronovaga o‘smir Olimpiadasining kumush medali topshiriladi
Dolera Davronova 2018 yil Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi uchinchi yozgi Olimpiya o‘yinlarida terma jamoamiz hisobiga medal keltirgan sportchilarimizdan biri. Og‘ir atletika bo‘yicha +63 kilogramm vazn toifasida qatnashgan qizimiz musobaqada bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Mazkur bahsda tailandlik Supatchanin Xamxaeng barcha raqibalirini katta farq bilan ortda qoldirib, oltin medalga ega chiqqan edi. Aniqlanishicha, ushbu sportchi musobaqadan keyin doping uchun topshirgan tahlillari ijobiy natija bergan. Endilikda tailandlik atletning natijasi yo‘qqa chiqarildi. Bu esa Dolera Davronovaning kumush medaliga ega chiqishini anglatadi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Eslatib o‘tamiz, Davronova mazkur musobaqa dast ko‘tarishda 92 kg, siltab ko‘tarish mashqida 125 kg va ikki kurash bo‘yicha esa 217 kilogramm natija qayd etgan. Xalqaro va Osiyo og‘ir atletika federatsiyalarining oldinda turgan Ijroqo‘m yig‘ilishlaridan birida mazkur voqea yuzasidan rasmiy bayonot beriladi va sportchimizga o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining kumush medali topshiriladi.
Shu tariqa Buenos-Ayres o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi jamg‘argan medallar 5 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronzani (bundan avval 5 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza edi) tashkil etadi.
Fikrlar