
"Dinamo"ning Turkiya yig‘inidagi raqiblari ma’lum
Superliga yangi mavsumiga puxta hozirlik ko‘rish maqsadida 3 fevral kuni Turkiyaga jo‘nab ketgan “Dinamo” klubining Antaliyadagi yig‘in doirasidagi o‘rtoqlik uchrashuvlari ro‘yxati ma’lum bo‘ldi.
Serbiyalik bosh murabbiy Predrag Rogan qo‘l ostidagi “Dinamo” jamoasi 4 fevral kunidan Side shaharchasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga kirishdi. Jamoa kuniga 2-3 mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Uch haftalik yig‘in doirasida Samarqand jamoasi 5 ta nazorat bahsida maydonga tushadigan bo‘ldi.
Xorijdagi yig‘in rejasiga binoan, “Dinamo” ilk uchrashuvini 6 fevral kuni Ukrainaning “Levyy bereg” klubiga qarshi o‘tkazsa, 10 fevralda Ruminiyaning “Chiksereda” (Csíkszereda Miercurea Ciuc) jamoasi bilan ro‘baro keladi.
“Dinamochilar” 14 fevral kuni “Abdish Ota” (Qirg‘iziston), 18 fevral “Garedji” (Gruziya), 23 fevral kuni esa Ukrainaning “Obolon” klubiga qarshi maydonga tushadi.
"Dinamo" matbuot xizmati.
Fikrlar