
"Dinamo"ga ishonmaganimda kelmasdim, bu men uchun yangi chaqiruv" - Marat Bikmaev "So‘g‘diyona"dan ketishining sababini aytdi
Birinchi davrani bo‘sh o‘tkazib, oxirgi o‘ringa “mixlanib” qolgan “Dinamo” klubi yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklardan xulosa chiqarib ikkinchi davraga astoydil tayyorlanyapi. Tarkib kuchaytirilishga extiyoj borligi yaqqol ko‘rinib turgandi. Shuning uchun rahbariyat va murabbiylar shtabi jamoaga ko‘pni ko‘rgan, tajribali o‘yinchilarni taklif qilishmoqda.
36 yoshni qarshilagan hujumchi Marat Bikmaev ham rasman “Dinamo” klubi a’zosiga aylandi. Bilsangiz kerak, yaqinda samarqandliklar bilan shartnoma imzoladi. Birinchi davrani Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubida o‘tkazgan futbolchi yozgi selektsiyada klubini o‘zgartirdi. Bikmaev bor e’tiborini yangi klubiga qaratdi. Marat Sports.uz muxbiri bilan muloqot chog‘ida dastlab nega “Dinamo”ga o‘tishga rozi bo‘lgani haqida gapirdi.
“So‘g‘diyona” klubini tark etganim sabab shuki, u erda etarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmaganim uchun jamoadan ketdim. Keyin “Dinamo” klubi rahbarlari va bosh murabbiy Andrey Sergeevich Shipilov qo‘ng‘iroq qilib, jamoaga taklif qilishdi. Ularning chaqiruviga yo‘q demadim. Nega? Chunki “Dinamo” hozir o‘zini o‘rnida emas. Shu sababli bu men uchun ham yangi chaqiruv edi. Taklifni qabul qilishimga shu narsa ham turtki bergan bo‘lsa kerak. Yangi chaqiruv bo‘lgan joyda albatta yangi maqsadlar ham bo‘ladi".
Yuqorida aytdik, Marat birinchi davrani “So‘g‘diyona” tarkibida o‘tkazdi. Ammo hujumchi u erda uzoq vaqt qolmadi. Boisi, jizzaxliklar tarkibiga chempionat boshida qo‘shilgandi. Ko‘rib turibsizki, yarim mavsumdan keyinoq Bikmaev jamoasini o‘zgartirishga qaror qildi. Bunga nima sabab bo‘ldi? Yoki Marat klub bilan qaysidir masalada kelisha olmadimikin-a?
“So‘g‘diyona” klubi bilan urushib ketganim yo‘q. Biz ikki tomonlama o‘zaro kelishib, do‘stona ravishda xayrlashdik va bir-birimizga omad tiladik. Holbuki, jamoada hech qanaqa muammo yo‘q va barchasi yaxshi edi. Shuning uchun klubga nisbatan e’tirozim yo‘q", - dedi Bikmaev.
“Dinamo” oxirgi o‘rindan qutulish va yuqori pog‘onalarga ko‘tarilish uchun Bikmaev kabi tajribali futbolchilar xizmatidan foydalanishga qaror qilishyapti. Tabiiyki, endi yangi klubida ham Maratga ishonch va e’tibor katta bo‘ladi. Futbolchi ham “So‘g‘diyona”dan farqli o‘laroq yangi klubida o‘zini ko‘rsatishga bor kuchini sarflashi kutilyapti.
"Albatta, yangi klubga o‘tganimdan keyin menga oson bo‘lmaydi. Bilaman, menga yuklangan vazifa juda mas’uliyatli. Iloji boricha ishonchni oqlashga harakat qilaman. Asosiysi, mayda-chuyda jarohatlar bo‘lmasa, eson-omon ikkinchi davraga etib olib, o‘yinlarni boshlab olsak, umid qilamanki, biz ko‘zlagan maqsadimiz uchun jiddiy kurashamiz. Men har doim yangi kurashlarga ochiqman. “Dinamo”da ham yaxshi niyat qilaman. Hali chempionat boshlanmadi, asta-sekin yangi jamoamga kirishib ketyapman. Ishtiyoq bor va bu ishtiyoq menda har doim bo‘lgan. Shuning uchun aytyapman-ku, ikkinchi davra boshlangunicha jarohatlarsiz etib olsam, og‘riqlar bo‘lmasa hammasi yaxshi bo‘ladi, degan umiddaman".
“Dinamo” klubi qanday bo‘lmasin kuchlilar orasida jon saqlab qolishga harakat qiladi. Bu yil Superligaga qaytgan jamoa yana ortga qaytishni aslo istamasligi aniq. Shu sababli tarkib tajribali futbolchilar hisobiga kuchaytirilmoqda. Jamoa bu vazifani uddalar olarmikin?
"Agar “Dinamo”ga ishonmaganimda kelmasdim. Klubga ishonaman. Hammasi yaxshi bo‘ladi. Rahbariyat ham “Dinamo” uchun ko‘p ish qilyapti. Qolaversa, endi hamma gap biz futbolchilarda qolgan. Xudo xohlasa, ikkinchi davrani yaxshi sport formasida boshlasak, hammasi ijobiy ko‘rinish oladi, deb umid qilaman. Menimcha, yana yangi, yaxshi saviyadagi o‘yinchilar olinsa kerak. Keyin ko‘ramiz. Hozircha hammasi ajoyib", - deya javob berdi, Marat.
Darvoqe, “So‘g‘diyona” Vitaliy Denisovni qo‘lga kiritish orqali yaxshigina shov-shuv uyg‘otdi. Bikmaev sobiq klubiga o‘tgan ushbu futbolchi borasida shunday dedi:
"Ha, Vitaliy Denisovni “So‘g‘diyona”ga o‘tishini bilgandim. Uning oldida 3-4 ta varianti bor edi. U yaxshi jamoaga tushdi. “So‘g‘diyona” OFK Kubogida o‘ynaydi. Albatta, klubga yordami tegadi. Denisovga faqat omad tilayman. Bir so‘z bilan aytganda, Vitaliy zo‘r bola".
Fikrlar