Dilshod Nuraliev: "Lokomotiv"da bir-ikki yilda katta o‘zgarishlar bo‘ladi

  • 16 sentabr, 2019, 21:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Yoshlar futbolida ishlab katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan biri Dilshod Nuralievni muxlislarimiz yaxshi bilishadi. O‘z vaqtida turli yoshdagi terma jamoalarimiz bilan muvaffaqiyatlarga erishganini barcha yaxshi bilsa kerak. Hozirgi paytda esa ushbu mutaxassis «Lokomotiv» akademiyasida direktor lavozimida ishlayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga u yaqinda tashkil etilgan Odil Ahmedov akademiyasida ham faoliyat ko‘rsatayotganini aytish joiz. Shu sababli o‘zi bilan bir qator masalalar bo‘yicha suhbatlashdik.

Tecno

- Sizni yaqinda «Lokomotiv» akademiyasida direktor sifatida ish boshlaganingizni eshitgandik. Keyin esa Namanganda Odil Ahmedov akademiyasining ochilish marosimida ham ishtirok etdingiz va ma’lum bo‘lishicha siz u erda ham ishlayapsiz, shundaymi?

- Odil Ahmedov akademiyasi bilan hamkorligimizga ancha bo‘lgan. Bungacha ular Namanganda yosh bolalarning tanlovini o‘tkazishganida men ularga yordam berganman. Shundan so‘ng ular bilan hamkorligimiz boshlangan. «Surxon» klubida ishlab kelganimdan so‘ng menga tashkilotchilar aloqaga chiqib, ushbu akademiya uchun 2009 yilga tug‘ilgan bolalarni saralab, ishni yo‘lga qo‘yib berilishida yordam berishimni so‘rashgan. Shu sababli ushbu maskanda ham 2009 yilda tavallud topgan bolalarga murabbiylik qilib turibman. Shuningdek, «Lokomotiv» akademiyasiga meni direktor etib tayinlashayotganida qo‘shimcha ravishda Odil Ahmedov akademiyasida ham ishlayotganimni aytganimda ular rozi bo‘lishgan. Namangandagi ish joyimda mening yordamchilarim bor. Shu bois ikkala ish joyim bir-biriga halaqit qilmaydi. Baribir ko‘proq maydonda faoliyat olib boraman. Ayniqsa, direktorlikka qaraganda maydonda ishlash men uchun qiziq.

- Ko‘proq qaerda bo‘lyapsiz? Toshkentdami yoki Namangandami?

- Toshkentda. Namanganga Odil Ahmedov akademiyasining ochilish marosimiga bizni ham taklif qilishgandi, shunga borgandik. U erda faxriy futbolchilar o‘rtasida o‘yin tashkil qilindi. Keyin darhol o‘sha kuni kechki payt uyga qaytganmiz.

- «Lokomotiv»da ish boshlaganingiz bevosita Samvel Babayan bilan bog‘liqmi?

- Bilasizmi, Babayan bilan 2002 yildan beri «Paxtakor»da birga ishlaganmiz. O‘shanda men akademiyaga kelmagandim. Ikkinchi liga, birinchi ligalarda jamoalarimiz bo‘lardi. O‘sha paytlarda Bikmaev, Shorahmedov va boshqalar birinchi ligalarda o‘ynab, keyin kimlardir asosiy tarkibga, yana kimlardir yoshlar jamoalariga o‘tishgan. Samvel Babayan bilan ancha samarali ishlaganmiz. U «Lokomotiv»da ish boshlaganidan so‘ng klub rahbari bilan birga meni o‘sha jamoaga taklif qilishdi. Baribir qaerda bo‘lsa ham o‘zimizdagi tajribalarni amalda qo‘llash kerak-da. O‘z oldiga aniq maqsadi qo‘yilgan klubda ishlash juda samarali va qiziqarli bo‘ladi. Menga ham shunday klubdan taklif bo‘lgach, yo‘q demadim. Yuqorida aytganimdek, bir-ikki yil ichida klubning bolalar futbolida katta o‘zgarishlar bo‘ladi.

nuraliev4

- Bilamizki, faoliyatingizning katta qismini «Paxtakor»da o‘tkazgansiz. Klub akademiyasida ham bir necha yil davomida ishladingiz. Endi bo‘lsa, bu klubning asosiy raqobatchilaridan biri bo‘lgan «Lokomotiv» akademiyasidasiz. Bu sizga nimani anglatmoqda?

- Meni «Lokomotiv»ga ishga taklif qilishdi. Bu erda ham bolalar futbolini yangi bosqichga olib chiqishni istashmoqda. «Paxtakor»da ishlaganim esa tarixda qoldi. Yaxshimi-yomonmi, buni futbol ishqibozlari baholashsin. Endi esa men «Lokomotiv»daman. Agar o‘ylagan rejalarimiz amalga oshadigan bo‘lsa, biz ham «Paxtakor», «Bunyodkor», «Nasaf»ga o‘xshab iqtidorli bolalarni asosiy jamoalarga etkazib bera olamiz. Ana shunda chinakam raqobat ham bo‘ladi. Qolaversa, bu terma jamoalarimizga ham katta foydasini keltiradi. Klub rahbarlarining reja va loyihalari katta. Qurilish ishlari va boshqa rejalar amalga oshganidan keyin «Lokomotiv»ning bolalar futbolida ham juda katta o‘zgarishlar bo‘ladi, men bunga aminman. Mana, «Nasaf»ni qarang, u erdan chiqayotgan bolalar terma jamoalarda va boshqa klublarda o‘ynashyapti. Ro‘ziqul Berdievning yoshlarga ishonchi o‘z samarasini beryapti. Aksariyat o‘yinchilari 1997-1999 yillarda tug‘ilgan va hattoki undan yosh bo‘lgan futbolchilari ham bor. Bu esa terma jamoalarimizga juda katta yordam bo‘lmoqda. Masalan, olimpiya terma jamoamizda ham aksariyat etakchilar «Nasaf» o‘yinchilaridan iborat. Buning uchun Berdievga katta rahmat aytish kerak. Yosh bolalarga ishonib, Superliga o‘yinlarida deyarli butun tarkibni ulardan tashkil etish aslida oson ish emas. Bu esa klub akademiyasining qanchalik samarali ishlayotganidan dalolat beradi.

- «Lokomotiv» klubi oxirgi paytlarda bolalar futboliga e’tiborni kuchaytirmoqda. Garchi jamoa ketma-ket chempionlikka erishgan bo‘lsa-da, o‘zining tarbiyalanuvchilari borasida oqsoqlik ko‘zga tashlanayotgandi. Shu bois u erda ham islohotlar qilindi. Ayting-chi, klub akademiyasida qanday ishlarni yo‘lga qo‘ymoqdasiz?

- O‘rinbosarlar jamoamizda asosan o‘zimizning tarbiyalanuvchilarimiz – 2000-2003 yillarda tug‘ilgan bolalar o‘ynashyapti. Shuningdek, ular asosiy tarkib bilan ham mashg‘ulot o‘tkazishyapti. Kelasi yili asosiy tarkibga kira olishi mumkin bo‘lgan iqtidorli yigitlarimiz bor. Shuningdek, 2003 yillarda tavallud topgan futbolchilar orasida ham iste’dodlilari talaygina. Ular bilan Alisher Bozorov ishlayapti. Shuningdek, ikkinchi ligada ikkita jamoamiz ham ishtirok etmoqda. Bunda ham asosan akademiyamiz tarbiyalanuvchilari o‘ynashadi. O‘ylaymanki, bir-ikki yil ichida qilayotgan ishlarimizning samarasi ko‘rinadi. Bundan tashqari, bizda eng kichik yoshdagi guruh ham bor. Ya’ni, 2015 yilda tug‘ilgan bolakaylar – 4 yoshlilarning ham alohida guruhini tashkil qilganmiz. Mana shunday yosh bolajonlar bilan ham ishlash uslubini yo‘lga qo‘ydik va ularga ikkita murabbiy biriktirilgan. Akademiyamizda hammasi bo‘lib 2002 yildan 2015 yilgacha bo‘lgan yoshlar bizning qaramog‘imizda. Shuningdek, «Obod» jamoasiga qarashli maydon va yotoqxonani ijaraga oldik. Ettita jamoamiz o‘sha maydonda mashg‘ulot o‘tkazyapti. Boshqa viloyatlardagi yoshlarni selektsiya orqali tanlab olib kelyapmiz hamda ularni yotoqxona va oziq-ovqat bilan ta’minlayapmiz. Shuni alohida aytmoqchimanki, oktyabr yoki noyabr oyida akademiyamizning o‘ziga qarashli bo‘lgan ikkita maydoni quriladi. Bu borada bizda katta loyiha bor.

- Sizni asosan yoshlar futbolidagi ishingiz orqali yaxshi bilamiz. Chunki murabbiylikdagi asosiy yutuqlaringiz ham bevosita yoshlar bilan bog‘liq. Yaqinda esa «Surxon» jamoasini ma’lum vaqt boshqardingiz. Biroq ko‘pchilik sizni kattalar futbolidan ko‘ra bolalar futbolida samarali ishlashingiz haqida gapirishadi. Chindan ham o‘zingizni yoshlar murabbiyiman deb hisoblaysizmi?

- (Kuladi) Faoliyatimda asosan yoshlar bilan ishladim. «Surxon»ga borgan paytimda klub rahbarlari tomonidan oliy ligaga chiqish vazifasi qo‘yilgandi. Lekin biz u erda hammasini kech boshlaganmiz. Masalan, meni ham jamoaga kechroq taklif qilishgan. Adashmasam, 20 fevraldan ish boshlagandik. Lekin shunga qaramasdan u erda yaxshi jamoa shakllantirdim desam ham bo‘ladi. O‘sha paytda bizga qarshi «Mash’al», «Andijon», «Istiqlol» kabi shakllangan jamoalar asosiy raqobatchilik qilgandilar. O‘shanda «Surxon»da yoshlar ham, tajribali futbolchilar ham bor edi. O‘z oldiga oliy ligaga chiqish vazifasini qo‘ygan klubda albatta tajribali o‘yinchilar bo‘lishi shart. O‘ylaymanki, o‘sha paytda biz barcha o‘yinchilar bilan bir-birimizning mehnatlarimizni qadrlab, hurmat qilgan holda ish olib bordik. Aytmoqchimanki, katta futbolda ham ishlash qo‘limdan kelishiga «Surxon» jamoasidagi faoliyatim orqali ishondim. Klubdan ketishdan oldin «Surxon» 2-o‘rinda edi. O‘sha paytda 1-o‘rindagi «Mash’al» bilan o‘rtamizda ikki ochkolik farq bor edi xolos. Keyin esa meni olimpiya terma jamoasiga qayting deb chaqirib olishdi. Keyinchalik esa nimalar bo‘lganini o‘zlaring ham bilasizlar. Boshqa murabbiylar olib kelindi. Nima bo‘lganda ham «Surxon»da ishlashim men uchun katta tajriba bo‘ldi  va bundan xursandman. Klub rahbarlariga, muxlislariga minnatdorchilik bildiraman. O‘shanda bizga maqsadimizga yarasha barcha sharoitlar yaratib berilgandi. Mana, keyin «Surxon» ham Superligaga qaytarildi. Muhimi, o‘sha paytda muxlislar bizdan xursand bo‘lishgandi.

nuraliev3

- Shu bilan birga sizni turli yoshdagi terma jamoalardagi faoliyatingiz orqali ham yaxshi bilamiz va bu borada ko‘zga ko‘rinadigan muvaffaqiyatlarga ham erishgansiz. Oxirgi paytlarga kelib esa terma jamoalardan chetga chiqib qoldingiz…

- Biror terma jamoada ishlagan bo‘lsak, bu hol umrimizning oxirigacha terma jamoada ishlaymiz, degani emas-ku. Qaysi rahbar kimni xohlasa, o‘shalarni taklif qiladi. Buning ustiga hozirda yosh murabbiylar ham etishib chiqmoqda. Bir necha yil davomida terma jamoalar markazida va turli yoshdagi jamoalar bilan ishlab keldik. Qilgan mehnatlarimizni esa muxlislar baholashadi. Biz ishlagan paytimizda yaxshimi-yomonmi, qo‘limizdan kelganicha mehnat qilib, natija ko‘rsatishga harakat qildik. Bundan keyin ham bizga yana taklif bilan chiqishsa, qo‘limizdan kelganicha ishlashga harakat qilamiz. Lekin hozircha taklif qilishgani yo‘q. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Ayting-chi, bugungi kunga kelib yurtimizda bolalar futbolidagi ishlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yishda barchasi to‘g‘ri amalga oshirilyapti deb o‘ylaysizmi?

- O‘FAda bolalar futbolini rivojlantirish uchun mutaxassislar jalb qilingan. Tizimli muammolarni ular hal qilishadi. Men esa o‘zim ishlayotgan joyga javob bera olaman. Respublika bo‘yicha barcha qilinayotgan ishlarni ko‘rib, o‘rganib chiqish kerak va shundan so‘ng baho bersa bo‘ladi. Men esa ayrim viloyatlardagi bolalar futbolini ko‘rganim yo‘q. «Lokomotiv»dagi ish faoliyatimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, biz yanada ko‘proq mehnat qilishimiz kerak. Murabbiylarning malakasini oshirish ham lozim.

- Shuningdek, yana bir og‘riqli muammoimiz shundaki, yoshlarimizning o‘tish davrida ko‘pchiligini yo‘qotib qo‘yyapmiz. Masalan, turli halqaro maydonlarda ko‘zga tashlangach, keyinchalik o‘sha avlodni boy beryapmiz. Bu borada gap ketganda esa kimdir bolalar o‘z ustida ishlashmay qo‘yishganini aytsa, yana kimdir klubdagi murabbiylar natija ortidan ularga etarlicha e’tibor qaratishmaganini aytishadi. Siz nima deb o‘ylaysiz?

- Men o‘zim ishlagan terma jamoalar va «Paxtakor»dagi ishimdan misol qilib aytaman. Boshida 1986 yilda tug‘ilgan futbolchilarga murabbiylik qilganman. O‘sha paytda Marat Bikmaev, Akmal Shorahmedov, Ahrol Risqullaev, Sadriddin Abdullaev, Vitaliy Denisov, Farhod Tojiev, Sanjar Tursunov, Sobir Usmonxo‘jaev kabi o‘yinchilar bilan ishlaganman, bularning aksariyati hali ham o‘ynashyapti-ku. «Paxtakor»da asosiy jamoa, yoshlar jamosi, birinchi liga va ikkinchi ligalarda o‘yinchilarimiz o‘ynashardi. Tarbiya qilganimdan so‘ng 20 nafarini yoshlar jamoasiga berardik. Kuchi etmaganlari esa birinchi ligadagi jamoamizga yo‘l olishardi. Agar bolalar bilan ishlashda bosqichma-bosqich ish bo‘lsa, yoshlar o‘yin amaliyotisiz ham qolib ketishmaydi va ularning o‘tish davri ham to‘g‘ri bo‘ladi. Yana bir gap: biz futbolchilarni 17-18 yoshigacha tarbiya qilamiz. Keyin ular qaysi murabbiyning qo‘liga o‘tadi? Bu ham katta masala. Shuni bilamanki, 17-18 yoshli iqtidorli bola bemalol asosiy tarkibda o‘ynashga loyiq va ularga jismoniy tomondan alohida yondashuv kerak. 22-23 yoshli bola bilan 17 yoshdagi futbolchining jismoniy yuklamasi bir xil bo‘lishi kerak emas. Shuningdek 1996 yilda tug‘ilgan futbolchilar bilan ularning 18 yoshigacha birga ishladik. Doston Hamdamov, Javohir Sidiqov, Jamshid Boltaboev, Akrom Komilov, Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Sarvar Karimov…ular o‘ynashyapti-ku. O‘z ustida ishlagan, futbolga bo‘lgan mehnatini ayamagan, to‘g‘ri ishlagan yigitlar o‘ynashda davom etishyapti-ku. Oldingi rahbarlar bilan birga ishlagan bir inson menga shunday degandi, Osiyo chempioni qilgan futbolchilar hech qaerda o‘ynamayapti-yu, dedi. Men esa aytdim: sen yo mutaxassis emassan, yo ko‘zing ko‘r! Kim, qaerda o‘ynashi kerak dedim. Mana, milliy terma jamoada Hamrobekov, Shukurov, Hamdamov, Komilov, Sidiqov…nima, bular o‘ynamayaptimi? Axir ularning orasida xorijda o‘ynayotganlari ham bor-ku. Futbolchining o‘ziga ham bog‘liq. Shuningdek, klublarga ham ularni tayyorlab berdik. Lekin keyin ularning o‘ynash yoki o‘ynamasligini klubdagi murabbiylaridan so‘rash kerak. Bu albatta mening fikrim. Mana, Angliya, Ispaniya yoki boshqa chempionatlarda 16-17 yoshli futbolchilarga bemalol ishonch bildirib maydonga tushirishyapti-ku. Bizda esa hali 17 ga kirganlarga yosh bola deb qarab yuramiz. Nimaga bunday? Yomoni 16 yoshli bolani 20-22 ga kirgunicha uni yosh bola deb yuraveramiz. Mana, Vadim Abramov o‘z jamoasida 16 yoshli bolani qo‘rqmasdan o‘ynatyapti-ku. Aytmoqchimanki, klubdagi murabbiylar ham asta-sekin ularni maydonga tushirib ishonch bildirib turishi kerak. Shu sababli ko‘p narsa klubidagi murabbiylarga ham bog‘liq.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Кахрамонжон Сафаров
18/09/2019 00:06
Баба...янни харом уруги тулик Узбек Футболини ураб олган эканлигига эндиям ишондим бу йигитни анча хурмат килар эдим хозир Баба...янни шахсий массажисти булиб ишлаяптими?????
Расулжон Тоштемиров
16/09/2019 23:27
Бабаян бор пух булмайсан сенлар хайолпараст ахмоклар