Dastan Sharsheev mag‘lubiyatini tan oldimi? Mavlonbek Qahhorov bilan suhbat...

CHERY AUTO

Xabaringiz bor, kuni kecha Qirg‘izistonning Bishkek shahrida “Open FC” promoushenining sakkizinchi raqamli turniri tashkil etildi.

Tecno

Mazkur jang kechasida O‘zbekiston muaytay olamining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri uch karra jahon chempioni, uch marotaba Osiyo o‘yinlari g‘olibi Mavlonbek Qahhorov qirg‘izistonlik mashhur Dastan Sharsheev bilan K-1 yo‘nalishida o‘z jangini o‘tkazdi. Garchi, hamyurtimiz katta ustunlikka erishgan bo‘lsa-da, hakamlar durang natija qayd etdi. Aynan, ushbu natija nafaqat o‘zbekistonlik balki mahalliy muxlislarning ham e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Biz mazkur jang yuzasidan Mavlonbek bilan bog‘lanib, bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

- Avvalo, ajoyib jang bilan tabriklaymiz!

- Rahmat.

- Faoliyatingizdagi 10 yillik tanaffusdan so‘ng bunday jiddiy jangni qabul qilishingiz katta tavakkalchilik emasmidi?

- Sportni o‘zi katta tavakkalchilik. 10 yil tanaffus qilgan bo‘lsam-da, o‘zimni jismoniy holatimni yaxshi darajada ushlab kelayotgandim. Qolaversa, jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan juda kuchli sportchilar bilan jang qilganman.

- Aynan, Dastan Sharsheev bilan jangni qabul qilishingizga qanday omil turtki bo‘ldi?

- 10 yil mobaynida katta sportdan uzoqda bo‘lgan bo‘lsam-da, yakkakurash olamini muntazam kuzatib bordim. Bu vaqt mobaynida Dastan Sharsheev ancha yaxshi natijalar qayd etdi. Qolaversa, u bilan o‘zbekistonlik yakkakurash ustalari o‘rtasida ozgina kelishmovchiliklar bo‘lib o‘tdi. Nafaqat men, ko‘plab o‘zbekistonlik sportchilar unga jang borasida murojaat qildi. O‘zbekistonlik sportchilarning qanday kuchga ega ekanliklarini bevosita u bilan jang qilib ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘ldik va bu menga nasib qildi. Shu voqealar jang qilishimga sabab bo‘ldi.

- Umuman taklif kim tomonidan bo‘ldi?

- Sportchilik faoliyatimni tiklaganimdan keyin Shahrihondagi “Axmat” klubi jamoasi safida Sherbek Bilolov, Bekzod Jiyanovlar qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib bormoqdaman. Bilasiz, u erda mashhur MMA jangchimiz Nursulton Ro‘ziboev bilan bitta jamoadamiz. “Open FC” turniri Bishkekda bo‘lishi va Dastan Sharshaevga munosib raqib kerakligini murabbiyim Bekzod Jiyanovga ma’lum qilishgan ekan. Nursulton Ro‘ziboev bu borada menga aytdi. To‘g‘risi, bizga bu taklifni berishganda 13 kun qolgandi xolos. Shu jihati biroz o‘ylantirdi. Taklifni qabul qilsak oz muddat qoldi, rad etsak o‘zimizning bu jangchiga qiziqishimz kuchli edi. Xullas, jangni qabul qildik. Shu o‘rinda tayyorgarlik ko‘rishda juda katta yordam bergan Nursulton Ro‘ziboev, Sherbek Bilolov hamda Bekzod Jiyanovga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.

- Uning saviyasi borasida nima deya olasiz?

- To‘g‘risi, faoliyatim mobaynida yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, undan ham kuchli raqiblarga duch kelganman. Ochig‘i men o‘rgangan va kutgan yaxshi saviyadagi jangchi ekan. Biroq, biror yangilik yoki kuchli jihati bilan meni lol qoldirdi, deb ayta olmayman.

- Dastan Sharsheev jangdan keyin sizga qanday so‘zlarni ayta oldi?

- Ochig‘i, jangdan avval ham u va jamoasi bizni juda iliq qarshi oldi. Jangdan keyin esa, juda yaxshi harakat qilganimni, o‘zidan esa qoniqmaganligini aytdi. Shuningdek, u kutganidan kuchliroq va saviyali ekanligimni ma’lum qildi.

- Jangda ustunlikka erishgan bo‘lsangiz-da, durang natijani qayd etildi. Ushbu natijadan keyin arenada mahalliy muxlislar bu natijaga qanday munosabat bildirdi?

- To‘g‘risi, jangdan avval Dastan Sharsheev favorit sifatida e’tirof etilgandi. Qirg‘izistonlik, o‘zbekistonlik muxlislar ham bu jangda uning imkoniyati yuqori ekanligini, 10 yil tanaffus qilganimni va bu jangni bekor qabul qilganligimni aytdi, bevosita Instagram sahifamga ham yozdilar. Jangdan keyin esa fikrlar 180 graudsga o‘zgardi. Xursand bo‘lgan jihatim mahalliy muxlsilar ham meni g‘alaba qozonganimni e’tirof etdi.

Shu o‘rinda aytib o‘tishim lozimki, sportda baribir tajriba o‘z so‘zini aytadi. O‘z vaqtida jahon arenalarida anchagina yaxshi natijalar qayd etganman. Ushbu omillar uzoq vaqt tanaffus qilgan bo‘lsam ham bu jangda katta yordam berdi. Qolaversa, bu to‘qnashuvdagi muvaffaqiyatim Sharsheevni yaxshi harakat qila olmaganligidan emas, aksincha bizning to‘g‘ri taktika qo‘llaganligimizning mevasi edi. Qirg‘izistonlik raqibim ham yaxshi jismoniy ko‘rsatkichga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, biz qo‘llagan taktika orqali har qanday raqib jiddiy talofot ko‘rgan bo‘lardi. Har holda men shunday o‘ylayman.

- Mazkur jangingizdan so‘ng, yana yaxshi takliflar bo‘lgandir?

- Albatta, Sharsheevning murabbiyi kelib, yanada yaxshi loyihalar borligini aytdi. Aslida, birinchi marotaba Qirg‘izistonda jang qildim. Qirg‘izistonlik muxlislarning e’tiboridan va haqiqatni talab qilganligidan juda xursand bo‘ldim. Albatta, hamma erda yaxshi insonlar ko‘plab topilishini, mazkur jangimdan keyin yana yaxshiroq anglab oldim. Birgina xafa bo‘lgan joyim, hakamlarning noxolis baho berganligi bo‘ldi. Bunday holat birinchisi emas, Nursulton Ro‘ziboev bilan ham shunday vaziyat yuzaga kelgandi. Keyinchalik o‘zlari xato qilganligini tushunishdi.

- Garchi, durang qayd etilgan bo‘lsa ham “Open FC”ning rasmiy sahifasida sizning g‘alaba qozonganligingiz qayd etildi?

- Aslida, K-1 yo‘nalishida kuchlar teng kelsa, qo‘shimcha raund berilishi kerak bo‘lar edi. Biroq, qo‘shimcha raundga Dastanning jismoniy holati etmasligini barcha anglab turgandi. Qolaversa, 90 foiz muxlislar aynan Dastanning orqasidan ushbu jang kechasiga tashrif buyurgandi, shu tarzda ortiqcha muammolar bo‘lmasligi uchun ham durang qayd etildi, degan taassurot uyg‘ondi. Albatta, bu shaxsiy fikrim. Biroq, o‘zingiz ta’kidlab o‘tganingizdek, keyinchalik promoushen rasman g‘alaba qozonganimni e’tirof etdi.

- Revansh haqida gap-so‘z bo‘lmadimi?

-  “Raqibim 3 krra jahon chempioni, 3 karra Osiyo chempionligini va mendan tajribali ekanligini ham inobatga olinglar”,- deya Dastan o‘zining internetdagi rasmiy sahifalarida aytib o‘tdi. Albatta, tan olganligi uchun unga katta rahmat! Demoqchimanki, hech qanday revansh borasida gap-so‘zlar bo‘lmadi.

- “Open FC” sizga shartnoma taklif qildimi?

- Ha, bu borada murabbiylarim Sherbek Bilolov hamda Bekzod Jiyanovlar muzokara olib bormoqda. Shuningdek, yana boshqa nufuzli promoushenlardan takliflar bo‘ldi. Maslahat qilgan holda, qaysi promoushen yaxshi taklif beradigan bo‘lsa, shunda jang qilamiz. Birinchi navbatdagi maqsadim “One FC” promoushenida jang qilish va nasib qilsa, bu maqsadim ham amalga oshadi, degan umiddaman.

- Bu boradagi rejalaringiz amalga oshishiga va ajoyib g‘alabalar bilan barcha muxlislaringizni xursand qilishingizga tilakdoshmiz!

- Katta rahmat. Albatta, bu boshlanishi, avvalgi darajamga qaytishga va yuqori natijalar qayd etishga harakat qilaman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!