
Dam olish kunlari Evropa top-5 chempionatlarida siz ko‘rishingiz lozim bo‘lgan uchrashuvlar (prevyu)
Bugundan Evropa milliy birinchiliklarida navbatdagi tur bellashuvlari start oladi. Biz esa sizning e’tiboringizni tortishi mumkin bo‘lgan bellashuvlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
“Brayton” - “Manchester Yunayted”
Turni manchesterliklar ishtirokidagi o‘yin ochib beradi. “Kristal Pelas”dan uchralgan mag‘lubiyat tasodifligini isbotlash uchun bundan ham yaxshiroq raqibni bilasizmi? “Chag‘alaylar”ning ne umidlar bilan jamoaga olib kelgan futbolchisi Adam Lallana ikkinchi o‘yindayoq jarohat oldi. Endi o‘z uyida muxlislarsiz o‘ynashga mahkum etilgan “Brayton”ga yanada og‘ir bo‘lishi aniq.
“Augsburg” - “Borussiya” Dortmund”
Germaniya Bundesligasida barcha “Borussiya”dan nimadir kutyapti. Qo‘rqinchli “Bavariya”ni to‘xtatib qolish uchun Lyusen Favr shogirdlari mana shu kabi bellashuvlarda ochko yo‘qotmasligi lozim. O‘tgan mavsum o‘zaro o‘yin natijasidan keyingina myunxenliklar yaqqol peshqadamga aylanib olgandi. Yozgi transferlar oynasi hamon ochiqligicha turibdi va dortmundliklar faqat Hakimini yo‘qotdi. Jamoaning boshqa etakchilari o‘z o‘rnida, marokashlikning o‘rniga esa, Mene olib kelindi.
“Vest Bromvich” - “Chelsi”
“Liverpul”ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat “aristokratlar” uchun g‘oyat alamli bo‘ldi. “Chelsi” yaxshi o‘ynab, mag‘lubiyatga uchradi. Rostdan ham, omad “qizillar” tarafida bo‘ldi. Kepaning xatosini zo‘rg‘a “hazm qilgan” Lempard uchun Jorjinoning penaltidan foydalana olmagani ortiqchalik qildi.
Verner ancha yaxshi kirishib keta olganini yana ko‘rsatdi. Xaverts hozircha kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayapti. Chiluell, Silva hamda Zieshni hali maydonda ko‘rmadik. Liga kubogi bahsida tajribali himoyachi maydonga tushdi. Endi navbat APLga.
“Vest Bromvich” ham mudofaa chizig‘ini kuchaytirish maqsadida aynan londonliklarning sobiq himoyachisi Branislav Ivanovich bilan shartnoma imzoladi. Yangi xarid qilingan Eduard Mendi maydonga tushadimi yoki yo‘q, bu ham so‘roq ostida.
Demak, ushbu bellashuvni kuzatishimiz kerak.
“Inter” - “Fiorentina”
Florentsiyaliklar etakchilarini yo‘qotib qo‘ymaslik uchun hali-hamon tish-tirnog‘i bilan kurashmoqda. Kezaning xaridorlari esa klub qabulxonasidagi telefonlarni tindirmayotgan bo‘lsa kerak.
“Inter” esa qariyalarni o‘ziga jalb qilishda davom etmoqda. Konte terma jamoadagi davrlarini sog‘ingan, chog‘i. Aks holda, yana 2-3 mavsum o‘ynashi ham dargumon bo‘lgan futbolchilarga shuncha pul sarflarmidi?!
Nima bo‘lgan taqdirda ham, “Juzeppe Meatstsa”da jamoalarning nomiga mos darajada shiddatli o‘yin bo‘lishi aniq.
“Betis” - “Real”
“Qirollik klubi”ning “San-Sebastyan”da kechgan o‘yinini ko‘rgan futbol muxlislari ularda hujum borasida muammo borligini ta’kidlamoqda. Ammo bu hozircha mavsum starti. Azar qancha muddatga qaytadi bilmaymiz-ku, lekin madridliklarning umidi belgiyalik futbolchidan bo‘lib turibdi.
Edegor ilk uchrashuvdanoq asosiy tarkibdan joy oldi. Yana aynan sobiq klubiga qarshi o‘yinda.
Klaudio Bravo bilan kuchaygan “Betis” esa ikki uchrashuvda ham gol o‘tkazmadi: 6 ochko.
“Galaktikos” muxlislariga raqibning farqi yo‘q, ular o‘z suyumlilari ishtirokidagi o‘yinni o‘tkazib yubormaslikka harakat qiladi.
“Tottenxem” - “Nyukasl”
Londonliklar 2 ta turda 2 xil o‘yin namoyish etdi. “Everton”ga qarshi o‘yinni ham yomon, deya olmaymiz. Biroq “shporlar” vaziyatlar yaratishda oqsadi. Aniqrog‘i, Anchelotti shogirdlariga grand jamoa ruhiyatini taqdim qilmoqda.
Ikkinchi bellashuvda esa Son va Keyn juftligi hisobda orqada borayotgan jamoasini 40 daqiqa ichida g‘alabagacha etaklab bordi.
Arablar qo‘liga o‘tishi yoz bo‘yi muhokamalar markazida bo‘lgan “Nyukasl”ni esa Kallum Uilsonning bir o‘zi etarlicha kuchaytirishga erishibdi. Ushbu futbolchidan Mourino shogirdlari hushyor bo‘lishlari talab etiladi.
“Napoli” - “Jenoa”
Neapolliklar ancha aqlli transferga qo‘l urganiga mana endi iqror bo‘ldik. Osimxenga 40 mln evro to‘lanishi ko‘pchilik tomonidan ma’qullanmagandi. Ammo u maydonga tushib yangi jamoasining g‘alabasini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. Ha, jamoada hamon Insine va Mertens etakchi. Ammo Gattuzoga jamoadan ketishi kutilayotgan Milik o‘rniga bitta yaxshi hujumchi kerak edi.
Genuyaliklar ham mavsum debyutanti “Krotone”ni A Seriyaga chiqqani bilan boplab tabrikladi. Yaqindagina xarid qilingan Davide Jappakosta yangi jamoasiga foyda keltirishni boshlab yubordi.
“Xoffenxaym” - “Bavariya”
To‘xtatib bo‘lmas Kramarich va “Bavariya” to‘qnashuvi. Bu uchrashuvdan biz kutadigan narsa yolg‘iz mana shu, xolos. Balki, myunxenliklar Budapeshtda 120 daqiqa og‘ir o‘yin o‘tkazgan aksar etakchilarga dam berar. Ular maydonga tushgan taqdirda, tezroq o‘yin taqdirini hal qilib, zaxiraga o‘tirishga shoshilsa kerak.
Kramarich “Bavariya” markaziy himoyasidagi nuqsonlardan umid qilsa, qarshisidan Noyer chiqib keladi.
Nemis kiperiga “Oltin to‘p”ni berilishiga uning o‘tkazilmasligi va Levandovski to‘sqinlik qilmoqda.
“Atletiko” - “Granada”
“Matraschilar” hujumida Kosta va Suaresni ko‘rish uchun ham ushbu uchrashuv translyatsiyasini kuzatsak arziydi. Ammo bu yagona sabab emas. Ko‘pchilik sezmagan bir holatda, bugungi “Granada” Ispaniyaning ancha katta jamoasiga aylanib bormoqda. Jamoa ushbu mavsum Evropa Ligasi guruh bosqichida ishtirok etish uchun kvalifikatsiyada ishtirok etmoqda.
Bundan avvalgi 2 ta turda La Liganing o‘z o‘rniga ega klublari “Atletik” Bilbao va “Alaves”ni mag‘lub etgani fikrimizga isbot bo‘lishi mumkin.
“Manchester Siti” - “Lester”
APL 3-turining markaziy bellashuvlaridan biriga ham etib keldik. “Shaharliklar”ning doimiy noqulay raqibi hisoblangan “tulkilar” “Etixad”da mehmon bo‘ladi. Chengiz Under transferi “Lester” uchun ancha foydali bo‘lishi kutilmoqda. Timoti Kastan esa allaqachon o‘zini ko‘rsatishni boshlab yuborgan.
Pep shogirdlari kuni kecha Angliya Liga kubogi doirasida “Bornmut”ni qiyinchilik bilan taslim etdi. “Lester” esa “Arsenal”ga imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi.
“Krotone” - “Milan”
Mavsum avvalida “rossonerilar”ga ancha oson raqiblar tushib qoldi. Ibragimovichning koronavirus bilan kasallanganiga qaramay, Pioli shogirdlari debyutantlarni qiyinchiliksiz enga olsa kerak. Jamoada iste’dodlar ancha ko‘payib qoldi.
Ushbu uchrashuvni “Krotone” o‘yiniga haqiqiy bahoni berish uchun ham kuzatishimiz mumkin.
“Roma” - “Yuventus”
Endi navbat A Seriya 2-turining asosiy qarama-qarshiligiga. Tobora kuchsizlanib borayotgan, inqiroz yoqasiga kelib qolgan “Roma” “Olimpiko”da “Yuventus”ni qabul qiladi. Morata bilan hujumni kuchaytirgan “keksa sinora” o‘yinlarini kuzatishimiz uchun yanada sabab ko‘paydi. Krishtianu “Sampdoriya” darvozasiga necha-necha urunishlardan so‘ng gol urishni uddaladi. U joriy mavsumda ham o‘z darajasini saqlab qolish va yanada ko‘proq sovrinlarni yutishni maqsad qilgan. Rimda “Roma”ga gol urish esa doim ham qiyin kechgan.
“Reyms” - PSJ
“Marsel”ga qarshi janjalli bellashuvlardan keyin parijliklar jamoasi yana o‘z holiga qayta boshladi. Ammo Di Mariya endi 4 ta turda jamoasiga yordam bera olmaydi. Raqib u qadar katta klub emas. Kayfiyati yaxshi bo‘lsa, Mbappening bir o‘zi o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin.
Mubolag‘a uchun uzr, ammo PSJ o‘yinlarini gollarga boyligi uchun ham sevib tomosha qilamiz.
Birinchi pog‘onaga qaytish uchun ular nafaqat o‘z uchrashuvlarini yutishlari, balki raqobatchilarning qoqilishini kutishi ham darkor.
“Barselona” - “Vilyarreal”
“Barselona” La Ligadagi ishtirokini “sariq suvosti kemasi” vakillariga qarshi o‘tkazadi. G‘amgin Messi, jarohatdan tiklangan Dembele, “Bavariya”dan qaytgan Koutino, yangi kelib qo‘shilgan Pyanich va Trinkauni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Shuningdek, Unai Emeri qo‘l ostida o‘z oldiga yanada ulkan maqsadlarni qo‘ygan “Vilyarreal” futbolchilari “Kamp Nou” egalariga etarlicha bosh og‘riq tug‘dira olishadi.
“Liverpul” - “Arsenal”
Shuningdek, dushanba oqshomida APLning eng markaziy bellashuvi ham bo‘lib o‘tadi. Og‘ir ish kunidan so‘ng, futbol ko‘rish qanchalik qiyin kechmasin, asil muxlislar ushbu qarama-qarshilikni o‘tkazib yubormaydi. Ayniqsa, Klopp shogirdlarida o‘ch olish kayfiyati hukmron. Superkubokdagi mag‘lubiyat uchun hisob-kitob qilib olish vaqti keldi.
Alkantara debyutida penaltiga sababchi bo‘lib qolgan ersa-da, allaqachon rekordlar o‘rnatishni boshlab yubordi. Uning harakatlarini “kanonirlar” bilan kechadigan o‘yinda ko‘rish qiziq bo‘ladi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar