
Cheran bu natijani takrorlagan chempionatimiz tarixidagi to‘rtinchi hujumchi!
Dragan Cheran o‘tgan mavsumda 23 ta gol bilan to‘purar bo‘lgach, yangi mavsumda ham yana o‘sha sermahsulligini ko‘rsata olarmikin, degan savollar bildirilgandi. Mana, sizga javob: Cheran yana to‘purar, bu safar unga 21 ta gol urish kifoya qildi. Boshqa hech kim “Paxtakor”ning serbiyalik hujumchisiga bas kela olmadi, hech kim!
Shu o‘rinda, chempionatlardagi to‘purarlarga bog‘liq ayrim qiziq faktlar haqida to‘xtalib o‘tsak. Shu paytgacha uchta hujumchi ketma-ket ikki yil to‘purarlikni hech kimga bermagan. Aniqrog‘i, 1995 va 1996 yillarda Oleg Shatskix "Navbahor" tarkibida 26 hamda 23 ta, 1996 va 1997 yillarda Ja’far Irismetov “Do‘stlik” safida 23 hamda 34 ta gol bilan to‘purar bo‘lgan. Keyin esa 2003 va 2004 yilgi mavsumlarda “Navbahor” goleadori Shuhrat Mirholdirshaev ham 26 hamda 31 ta gol bilan eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi.
Ana shundan beri Cheran bu natijani takrorlay oldi. O‘tgan yili 23 ta goli bilan tengsiz ekanini ko‘rsatganida, balki ushbu mavsumda ham uni yana bir karra to‘purarlik shohsupasiga ko‘tarilishiga ishonmaganlar bo‘lgandir. Cheran esa buni uddaladi.
Yana bir gap. Olti nafar xorijlik o‘yinchi O‘zbekiston chempionatida to‘purar bo‘la olgan. Dastlab, jahonning eng yaxshi futbolchilaridan Rivaldo 2009 yili “Bunyodkor”da 20 ta gol urdi va ilk bor chempionatimizdagi legioner to‘purarga aylandi. Keyinchalik Trifunovich, Pishur, Gevorkyan, Bezerra kabi chetdan kelgan o‘yinchilar gol urish bobida sermahsullik namoyish etdilar. Cheran chempionatimizda to‘purar bo‘lgan oltinchi xorijlik futbolchi hisoblanadi.
To‘purarlar orasida eng ko‘p gol urgan hujumchi kimligini bilsangiz kerak-a? 2000 yili Ja’far Irismetov “Do‘stlik” tarkibida 45 ta gol muallifiga aylangan. Shundan beri uning rekordini hech kim takrorlay olmayapti va hatto yaqiniga ham kela olmayaptilar. Eng kam gol urib to‘purar bo‘lgan hujumchilar ikkita – Nosir Otaqo‘ziev bilan Alisher Xoliqov. 2010 yilgi mavsumda ularning qo‘shto‘purar bo‘lishiga bor-yo‘g‘i 13 ta gol etarli bo‘lgan. Qiziq Superligada sarguzashtlarini davom ettirayotgan Dragan Cheranning parvozi yana qachongacha davom etarkin? Darvoqe, u 33 yoshni qarshi oldi va shunda ham yuqori sport formasini saqlab kelayotgani ahamiyatlidir. Yangi mavsumda nima bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi. Ammo oxirgi uch yildan buyon to‘purarlik xorijlik futbolchilarga nasib qilyapti. Qiziq, qani o‘zimizning hujumchilar?
O‘zbekiston chempionatlaridagi barcha to‘purarlar ro‘yxati:
Yil Futbolchi Klubi Gollari
1992 Valeriy Kechinov “Paxtakor” 24
1993 Rustam Do‘rmonov “Neftchi” 24
1994 Ravshan Bozorov “Neftchi” 26
1995 Oleg Shatskix “Navbahor” 26
1996 Ja’far Irismetov “Do‘stlik” 23
Oleg Shatskix “Navbahor” 23
1997 Ja’far Irismetov “Do‘stlik” 34
1998 Igor Shkvirin “Paxtakor” 22
Mirjalol Qosimov “Paxtakor” 22
1999 Umid Isoqov “Neftchi” 24
Baxtiyor Hamidullaev “Andijon” 24
2000 Ja’far Irismetov “Do‘stlik” 45
2001 Umid Isoqov “Neftchi” 28
2002 Baxtiyor Hamidullaev “Andijon” 22
2003 Marsel Idiatullin “Qizilqum” 26
Shuhrat Mirholdirshaev “Navbahor” 26
2004 Shuhrat Mirholdirshaev “Navbahor” 31
2005 Anvar Soliev “Paxtakor” 29
2006 Pavel Solomin “Traktor” 21
2007 Ilhom Mo‘minjonov “Quruvchi” 21
2008 Server Jeparov “Bunyodkor” 19
2009 Rivaldo “Bunyodkor” 20
2010 Alisher Holiqov “Neftchi” 13
Nosir Otaqo‘ziev “Olmaliq” 13
2011 Milosh Trifunovich “Bunyodkor” 17
2012 Anvar Berdiev “Neftchi” 19
2013 Oleksandr Pishur “Bunyodkor” 19
2014 Artur Gevorkyan “Nasaf” 18
2015 Igor Sergeev “Paxtakor” 24
2016 Temurxo‘ja Abduholiqov “Lokomotiv” 22
2017 Marat Bikmaev “Lokomotiv” 27
2018 Tiagu Bezerra “Paxtakor” 17
2019 Dragan Cheran “Paxtakor” 23
2020 Dragan Cheran “Paxtakor” 21
Fikrlar