
Chempionatimizda o‘ynagan sobiq futbolchi endi agent rolida yoxud qaysi legionerlar bilan hamkorlik qilishi va yangi kelayotgan futbolchilar haqida
Hozir futbolda agentlarning ishi ancha ommalashib ketdi. Kimdir yangi o‘yinchi taklif qilmoqchi bo‘lsa, agentsiz ish bitmaydigan bo‘lib qolgan. Ayniqsa, legionerlarni xarid qilishda bevosita aynan agentlar asosiy rolga o‘tadilar.
Jumladan, o‘zbek klublari ham o‘z saflariga xorijlik futbolchilarni qo‘shib olish hamda ular bilan shartnomalar imzolashda agent orqali ishni bitiradilar. Xizmat yuzasidan ko‘plab legionerlar bilan gaplashamiz. Barchasi yangi klubga o‘tayotgani yoki takliflar haqida gapirganida albatta agentini tilga olib o‘tadilar. Ba’zida shunday bo‘ladiki, klublar kimnidir taklif qilish yoki yaxshiroq saviyadagi o‘yinchilarni topib berish maqsadida tanish agentlarga aloqaga chiqadilar yoki agentning o‘zi futbolchilarini tavsiya qiladi.
Superligamizda o‘ynayotgan legionerlar orasida esa serbiyaliklar ko‘pchilikni tashkil qilishi hech kimga sir emas. Chunki o‘sha erdagi futbolchilarning saviyasi va mahorati o‘zbek jamoalari uchun mos. O‘z navbatida ular uchun ham Superligamizda to‘p surish har tomonlama manfaatli.
Agentlar orasida biz uchun begona bo‘lmaganlari ham bor. Zukko muxlislar yaxshi eslasalar kerak, o‘z vaqtida chempionatimizda serbiyalik himoyachi Igor Petkovich to‘p surgan. 2010 yili “Mash’al” klubiga kelgan va u erda 2012 yilgacha o‘ynagan. So‘ng, AGMK jamoasida faoliyat olib bordi. 2014 yili esa “Neftchi”ga o‘tdi. Futbolchi shu tarzda O‘zbekistondagi faoliyatini davom ettirdi. Hozirgi paytga kelib Petkovich futboldan uzoqlashmagan holda agent sifatida ishlab kelyapti. O‘zbekiston chempionatida o‘ynagani sababli uni klublarimiz bilan aloqalari yaxshi. Natijada bir qator jamoalarimizda uning mijozlari bor. Sports.uz muxbiri esa Petkovich bilan bog‘landi.
“Xayrli kun, albatta hozirgacha meni eslab turganingiz uchun sizdan minnatdorman, - deya gap boshladi agent. - O‘zbekistondagi faoliyatimga kelsak, avvaliga ko‘nikma hosil qilishim oson bo‘lmagan. Ammo vaqt oliy hakam deganlaridek, yangicha shart-sharoitga bo‘lgan ko‘nikma paydo bo‘ldi va hamma ishlarim joyiga tushgan. Darhaqiqat, u erda – yurtingizda maroq bilan eslashim uchun menda yaxshi xotiralar qolgan. Bir-biridan zo‘r o‘yinlarni o‘tkazgandim. Ularning qaysi birini esga olishni ham bilmayman, to‘g‘risi.
Butsalarimni mixga ilganimdan keyin o‘zimni qaysi sohada sinab ko‘rish borasida bosh qotirishimga to‘g‘ri kelgan. Odatda, aksariyat sobiq futbolchilar murabbiylikni tanlaydilar. Lekin men bu ish o‘zim istagan mashg‘ulot bo‘lmasligini his qilganman. Futbolda juda ko‘plab tanish-bilishlar orttirganim bois shu o‘yinda qolishga qaror qilib, agent rolini tanladim”.
Petkovich o‘zbek klublariga serbiyalik legionerlarni etkazib berishda faol. Bu borada u Superliga ishtirokchilari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Quyida Igor chempionatimizda o‘ynayotgan qaysi legionerlar mijozi ekanini ochiqladi.
“Biz hozirda Luka Chermel va Milan Mitrovich bilan shartnoma imzoladik. Ular Jizzax klubida to‘p surishda davom etadilar. Ivan Yosovich ham “Qo‘qon-1912” bilan tuzilgan shartnomani uzaytirgan. Yana shuni qo‘shimcha qilishim kerakki, “Neftchi”dagi Aleksandr Eshich ham shartnomasini uzaytirib, jamoada to‘p surishda davom etadigan bo‘ldi. “Neftchi”da yangi o‘yinchi paydo bo‘ladi. U bunga qadar Qozog‘istonning “Atirau” klubida to‘p surgan markaziy himoyachi Daniel Stoykovichdir. Garchi bu xususida hozirda gapirishga biroz erta bo‘lsa ham sizga bir sirni ochmoqchiman. Chempionatingizda yana mijozlarimdan ikkitasi paydo bo‘lishga juda yaqin turishibdi”.
Agentning gapini o‘qidingiz, tez orada Superligada yana yangi legionerlar paydo bo‘ladi. Demak, u bu masala ustida ham ishlayapti. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Petkovich ilgari “Neftchi”da ham o‘ynagani uchun hozirda sobiq klubi bilan hamkorlik qilyapti. Farg‘onaliklar safidagi legionerlar Petkovichga tegishli ekani endi ayon. O‘tgan mavsumda pro liga to‘purari va eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Marko Obradovich ham aynan ushbu mutaxassis bilan ishlaydi, ya’ni, Petkovich uning agenti. Yodingizda bo‘lsa, Obradovich chempionat tugamasidan oldin o‘zi istamagan holda klubdan ketgandi. Holbuki, Marko o‘shanda saytimizga bergan intervyusida muddatidan avval “Neftchi”dan ketish niyati bo‘lmagani haqida aytgandi. Petkovich esa Obradovich haqida to‘xtaldi va uning bahosini ham gapirdi.
“Ha, Marko Obradovich bejizga pro ligadagi eng yaxshi futbolchi degan nomni olmagan! U erda hech qanday g‘ayrioddiy ish sodir bo‘lmagan. Shunchaki, Markoning shartnomasi nihoyasiga etgani uchun endi u takliflarga ochiq turibdi. Hozirda har qanday takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. O‘ylaymanki, Obradovich yana O‘zbekistonga qaytsa kerak.
Markoning ham o‘z bahosi bor. Bu baho qimmatmi yoki arzonmi, birgalikda kuzatib qolishimizga to‘g‘ri keladi. Chunki futbolchiga bahoni klublar rahbarlari va agentlar belgilab berishadi. Eng asosiysi, bunday vaziyatda o‘yinchi va butun jamoaning rozi bo‘lishi hisoblanadi”.
Yuqorida Petkovich yana ikkita mijozi O‘zbekiston chempionatiga kelishi haqida gapirdi. To‘g‘risi, bu biz uchun qiziq bo‘lib tuyuldi. Ular kimlar?
“Bu masalada aniq bir ism-sharifni ko‘rsatib o‘tmaslikni ma’qul topaman. Chunki hali ish poyoniga etganicha yo‘q. O‘ylaymanki, o‘sha ikki futbolchi bor mahoratini namoyish etishga ulgurgan bo‘lib, ularga xaridor klublar bundan ko‘ngillari to‘lgan. O‘ylaymanki, bu yilgi yangi mavsum oldingisidan ham qiziqarliroq o‘tadi.
Umuman olganda, Serbiyada yana mijozlarim yo‘q emas. Men ularni asosan qanday saviyadagi futbolchi ekanligiga qarab tanlayman. Insoniylik sifatlari ham bunday paytda e’tiborimdan chetda qolib ketmaydi. “Radnik”da ikkita mijozim bor. Ular Milosh Spasich bilan Nikola Radmanovach bo‘lib, men bu o‘yinchilarning kelajagi yaxshi bo‘lishiga ishonaman”.
Fikrlar