
"Chelsi" so‘nggi daqiqalarda gol urib, pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi
UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichi 4-tur doirasida "Renn" "Chelsi"ni qabul qildi.
Uchrashuvda ikkala klub ham hujumkor o‘yin namoyish etdi. Birinchi taymning 22-daqiqasida Kallum Xadson-Odoi Meyson Mauntning pasidan so‘ng, qulay vaziyatga chiqib bordi va kuchli zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi. Bo‘limning qolgan qismi mehmonlarning ustunligida o‘tdi, biroq Timo Verner va Meyson Maunt qulay imkoniyatlardan foydalan olmadi.
Ikkinchi taymda "Renn" o‘yinga qayta oldi. O‘yinning 85-daqiqasida Sexru Girassi burchakdan uzatilgan pasni darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda zaxiradan maydonga tushgan Oliver Jiru o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.
To‘rt o‘yinda uch g‘alaba va bir durangga erishgan "aristokratlar" 10 ochko jamg‘arib, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. "Renn" esa to‘rt uchrashuvda bir ochko jamg‘ardi, endi klub "Krasnodar" bilan Evropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Ushbu bahs saytimiz orqali matnli translyatsiya qilindi.
Fikrlar